Voqealar
03.03.2026
|
173
MOXIda Shvetsiya Tashqi ishlar vazirligi vakili bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
Markaziy Osiyo xalqaro instituti (MOXI) direktori Javlon Vaxabov Shvetsiya Qirolligi Tashqi ishlar vazirligining Yevroatlantika masalalari va xavfsizlik siyosati departamenti bosh direktori Torbyorn Solstryom bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuv davomida O‘zbekiston–Shvetsiya hamkorligining dolzarb masalalari, shuningdek “Markaziy Osiyo–Shimoliy Yevropa” formati doirasida o‘zaro aloqalarni chuqurlashtirish istiqbollari muhokama qilindi.

MOXI direktori Javlon Vaxabov Markaziy Osiyo va Shimoliy Yevropa mamlakatlari o‘rtasidagi hamkorlik bugungi kunda o‘zaro qiziqish ortib borayotgan sharoitda jadal rivojlanayotganligini qayd etdi. 2025-yilda Venada Shimoliy Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlari Tashqi ishlar vazirlarining birinchi uchrashuvi o‘tkazilganligi bu borada muhim bosqich bo‘lib, mintaqalararo muloqotni yanada tizimli va barqaror tarzda shakllanishiga zamin yaratdi.

Finlyandiya Prezidenti Aleksandr Stubbning 2025-yilda O‘zbekistonga rasmiy tashrifi nafaqat ikki tomonlama munosabatlarni kengaytirishga, balki ko‘p tomonlama hamkorlik kun tartibini ilgari surishga ham yangi sur’at bag‘ishlaganligi ta’kidlandi.

O‘z navbatida, T.Solstryom Markaziy Osiyo mamlakatlarining Shimoliy Yevropa davlatlari bilan o’zaro aloqalari salohiyati yuqori ekanligini, shuningdek transport, logistika, yashil energetika, innovatsion texnologiyalar, strategik muhim minerallar, ta’lim va gumanitar almashinuvlar sohalarida hamkorlikning keng imkoniyatlari mavjudligini  qayd etdi.

Uchrashuv yakunida tomonlar amaliy hamkorlikni yanada mustahkamlash, tahliliy markazlar o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish hamda qo‘shma tadbirlarni o‘tkazishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom