Suhbat chog‘ida yahudiy-musulmon munosabatlari bo‘yicha olib borgan ilmiy ishlari bilan tanilgan professor Shavit Markaziy Osiyodagi yahudiy jamoalarining tarixiy-madaniy merosini yuksak baholadi. Xususan, son jihatidan oz bo‘lishiga qaramay, Buxoro yahudiylari mintaqaning madaniy va ijtimoiy hayotida chuqur iz qoldirgan, turli etnik guruhlar o‘rtasidagi bog‘lovchi ko‘prik vazifasini bajargan.
MOXI direktori Javlon Vahabovning ta’kidlashicha, Markaziy Osiyo qadimdan ko‘p madaniyatli jarayonlarga boy makon bo‘lib, bu holat bugungi kunda ham mintaqaning o‘ziga xos jozibasini belgiladi.

Tomonlar, xususan, hozirda Isroil, AQSh, Kanada, Yevropa Ittifoqi davlatlari va boshqa hududlarda istiqomat qilayotgan Buxoro yahudiylari diasporasining ahamiyatini alohida qayd etdilar. Ushbu jamoa ikki ming yildan ortiq vaqt mobaynida Markaziy Osiyo madaniy landshafti ajralmas qismi bo‘lib kelgan.
Masofa va vaqtga qaramay, diaspora vakillari o‘z an’analarini, tilini va ma’naviy qadriyatlarini hurmat bilan asrab-avaylab, avloddan-avlodga yetkazmoqda. Bu esa mintaqaning boy tarixiy-madaniy merosini xalqaro maydonda targ‘ib qilishda ularning muhim o‘rni borligini yana bir bor tasdiqlaydi.

Uchrashuvda qayd etilishicha, diasporalar bilan barqaror gumanitar aloqalarni rivojlantirish madaniy almashinuvni chuqurlashtirish, o‘zaro tushunishni mustahkamlash va xalqaro hamkorlikni kengaytirish uchun keng imkoniyatlar ochadi. Bunday tashabbuslar umumiy tarixiy merosni saqlash bilan birga, turli davlatlar xalqlarini umumiy xotira va qadriyatlar asosida yaqinlashtiradigan mustahkam poydevorni shakllantiradi.
Professor Uriya Shavit rahbarligidagi Tel-Aviv universitetining Zamonaviy Yevropa yahudiyligini o‘rganish markazi global o‘zgarishlar sharoitida yahudiylarning madaniy o‘ziga xosligini o‘rganish va madaniy merosini saqlab qolishga doir tadqiqotlari bilan keng e’tirof etilgan.