Voqealar
21.06.2025
|
202
Norvegiyaning Geopolitika.no nashri bosh muharriri MOXIga tashrif buyurdi
Markaziy Osiyo Xalqaro Institutida (MOXI) institut direktori Javlon Vahabov va Norvegiya Tahririyat Assotsiatsiyasi a’zosi, Geopolitika.no nashri bosh muharriri Xenrik S. Verenskiold o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Muloqot davomida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlarini ekspertlik jihatdan qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Ushbu uchrashuvlar mintaqaviy taraqqiyotga oid muvofiqlashtirilgan yondashuvlarni ishlab chiqishda tobora muhim maydonga aylanib bormoqda. Tomonlar Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari o‘rtasidagi muntazam muloqot xavfsizlik, iqtisodiyot va barqaror rivojlanish sohalarida qo‘shma tashabbuslarni ilgari surish uchun mustahkam zamin yaratishini ta’kidladilar.

Xenrik S. Verenskiold so‘nggi yillarda Markaziy Osiyo davlatlari o‘zaro muloqotni mustahkamlash va “Markaziy Osiyo+” kabi ko‘p tomonlama formatlarni rivojlantirishda izchil yutuqlarga erishayotganini ta’kidladi. Xususan, Qirg‘iziston–O‘zbekiston–Xitoy transport yo‘lagi kabi yirik infratuzilma loyihalari mintaqaviy integratsiya va iqtisodiy o‘sish uchun yangi imkoniyatlarni ochib berayotgani alohida qayd etildi.

Tomonlar Yevropaning shimoliy davlatlari o‘rtasidagi hamkorlik amaliyoti – Nordic Council tajribasini muhokama qilib, mintaqaviy platformalarni mustahkamlash va ekspertlar almashinuvini kengaytirish zarurligini qayd etdilar.

Shuningdek, Markaziy Osiyodagi jarayonlarni tahlil qilish va ekspertlik jihatdan qo‘llab-quvvatlash salohiyatini rivojlantirish, shuningdek, mintaqa va Shimoliy Yevropa ekspert doiralari o‘rtasidagi kasbiy aloqalarni chuqurlashtirish masalalari ham muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida tomonlar mintaqaviy taraqqiyot masalalari yuzasidan doimiy dialogni davom ettirish va ekspert fikrlari almashinuviga bo‘lgan o‘zaro qiziqishni bildirdilar.

Geopolitika.no – xalqaro siyosat, xavfsizlik va global tendensiyalar yo‘nalishlariga ixtisoslashgan Norvegiyaning yetakchi tahliliy nashri bo‘lib, dunyoning turli mintaqalarida sodir bo‘layotgan voqealarni chuqur tahlil qiluvchi ekspertlar va jurnalistlarni birlashtiradi.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom