Tadbir Norvegiya mojarolarni hal qilish markazi (NOREF) tomonidan tashkil etilib, unda yetakchi skandinaviya va Markaziy Osiyo ilmiy-tadqiqot markazlari rahbarlari va vakillari, jumladan Norvegiya xalqaro munosabatlar instituti (NUPI), Oslo tinchlik tadqiqot instituti (PRIO) va Fridtjof Nansen instituti (FNI) ekspertlari ishtirok etdi.
Davra suhbatida Markaziy Osiyo va Shimoliy Yevropa mamlakatlari o‘rtasida siyosiy va iqtisodiy hamkorlikning ortib borayotgan sharoitida tahlil markazlari o‘rtasidagi hamkorlik yo‘nalishlari muhokama qilindi.



Ishtirokchilar tahlil markazlari o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlash muhimligini ta’kidlab, qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish, ekspert maslahatlari tashkil etish, tadqiqotchilar almashinuvi dasturlarini yo‘lga qo‘yish hamda mintaqaviy va global masalalar bo‘yicha siyosiy-ekspert muloqotini rivojlantirish zarurligini qayd etdilar.
Shu nuqtai nazardan, o‘tgan yili MOXIda o‘tkazilgan Markaziy Osiyo – Shimoliy Yevropa tahlil markazlari birinchi forumi muvaffaqiyati mamnuniyat bilan qayd etildi. Ekspertlar ushbu muloqotni davom ettirish va ikki mintaqa o‘rtasidagi ekspert hamkorligini mustahkamlash maqsadida bunday uchrashuvlarni muntazam o‘tkazish muhimligini ta’kidladilar.
Javlon Vaxabov tahlil markazlari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish o‘zaro tushunishni chuqurlashtirish, tajriba almashish hamda mintaqaviy va xalqaro hamkorlik masalalari bo‘yicha amaliy tavsiyalar ishlab chiqishga xizmat qilishini, shuningdek yuqori va oliy darajadagi muloqot uchun mazmunli kun tartibini shakllantirishga yordam berishini ta’kidladi.