Voqealar
08.03.2026
|
321
Osloda Norvegiyaning Markaziy Osiyodagi elchisi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
Osloga amalga oshirilgan xizmat safari doirasida Markaziy Osiyo xalqaro instituti (MOXI) direktori Javlon Vaxabov Norvegiyaning Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi yangi tayinlangan elchisi Helena Sand Andresen bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Suhbat davomida O‘zbekiston va Norvegiya o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalari, shuningdek, “Markaziy Osiyo – Shimoliy Yevropa” yangi formati doirasida ko‘p tomonlama hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.

Javlon Vaxabov O‘zbekiston va Norvegiyani tinchlik, barqarorlik va barqaror rivojlanishni mustahkamlashga qaratilgan umumiy intilishlar birlashtirib turishini ta’kidladi. Bu esa ikki tomonlama hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, shuningdek, mintaqaviy xavfsizlik, tinchlik vositachiligi va barqaror rivojlanish masalalari bo‘yicha ekspertlar muloqotini kengaytirish uchun mustahkam asos yaratadi.

Tomonlar Markaziy Osiyo va Shimoliy Yevropa davlatlari o‘rtasidagi hamkorlikda o‘sib borayotgan o‘zaro qiziqish fonida ijobiy dinamika kuzatilayotganini qayd etdilar. 2025 yilda Venada Markaziy Osiyo va Shimoliy Yevropa mamlakatlari tashqi ishlar vazirlarining birinchi uchrashuvi o‘tkazilgani mintaqalararo muloqotni shakllantirishda muhim bosqich bo‘lgani va hamkorlikka yanada tizimli hamda barqaror tus bergani alohida ta’kidlandi.

Uchrashuv yakunida tomonlar faol muloqotni davom ettirish hamda Markaziy Osiyo va Shimoliy Yevropa mamlakatlari o‘rtasidagi siyosiy, iqtisodiy, gumanitar va ekspert-tahliliy sohalardagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga ko‘maklashish borasida kelishib oldilar.

 

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom