Uchrashuv davomida MOXI va PRIO o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish istiqbollari, jumladan Markaziy Osiyo va Shimoliy Yevropa mamlakatlarida kechayotgan zamonaviy jarayonlar hamda rivojlanish dinamikasi haqida xabardorlikni oshirish masalalari muhokama qilindi.
Alohida e’tibor o‘zaro manfaatli yo‘nalishlarda, xususan tinchlikni mustahkamlash, vositachilik va mojarolarning oldini olish masalalari bo‘yicha qo‘shma tadqiqotlar va ekspertlar muloqotini rivojlantirishga qaratildi.
Javlon Vaxabov Markaziy Osiyo dunyoda mavjud qarama-qarshiliklarni tinch yo‘l bilan va o‘z sa’y-harakatlari bilan hal etishga muvaffaq bo‘lgan kam sonli mintaqalardan biriga aylanganini, shu bois tinchlikni mustahkamlash mintaqa davlatlari tashqi siyosatining muhim asoslaridan biri ekanini ta’kidladi.
Shu bilan birga, Markaziy Osiyo va Shimoliy Yevropa mintaqalari o‘rtasida mintaqaviy hamkorlik va tashqi siyosiy ustuvor yo‘nalishlar nuqtayi nazaridan muayyan o‘xshashliklar mavjudligi qayd etildi. Bu esa ikki mintaqa tahlil markazlari o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirishning dolzarbligini yanada oshiradi.
Tomonlar qo‘shma loyihalar, ekspert maslahatlari hamda xalqaro konferensiyalarda ishtirok etish orqali muloqotni davom ettirish va hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga kelishib oldilar.
Oslo Tinchlik tadqiqotlari instituti (PRIO) – Osloda joylashgan mustaqil ilmiy-tadqiqot markazi bo‘lib, tinchlik, mojarolar va xalqaro xavfsizlik masalalarini o‘rganishga ixtisoslashgan. 1959 yilda tashkil etilgan institut mojarolarni hal etish, vositachilik va tinchlikni mustahkamlash yo‘nalishlarida ilmiy tadqiqotlar va tahliliy faoliyat olib boradi.