Uchrashuvda, shuningdek, O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida Taraqqiyot strategiyasi markazi direktori Eldor Tulyakov va Makroiqtisodiy tadqiqotlar va prognozlashtirish instituti direktori Umid Abidxojaev ishtirok etdi.
Suhbat chog‘ida tomonlar Markaziy Osiyo va Sharqiy Yevropadagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning dolzarb yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashdi. Barqaror o‘sish, makroiqtisodiy barqarorlik, institutsional transformatsiya hamda ilmiy-tadqiqot muassasalarining uzoq muddatli islohotlar strategiyasini qo‘llab-quvvatlashdagi o‘rni alohida e’tiborga molik bo‘ldi.
MOXI direktori Javlon Vahabov mintaqaviy hamkorlik, iqtisodiy integratsiya va transport-logistika infratuzilmasini rivojlantirish borasida institutning tahliliy yondashuvlarini taqdim etdi. Shuningdek, yashil o‘tish, raqamli transformatsiya va investitsiya muhitini yaxshilash masalalari muhokama qilindi.
O‘z navbatida, doktor Torbyörn Beker SITE institutining asosiy ilmiy yo‘nalishlari — makroiqtisodiy tahlil, byudjet siyosati, moliyaviy bozorlar va o‘tish davridagi mamlakatlarga ko‘maklashish bo‘yicha faoliyati bilan tanishtirdi.
Tomonlar Markaziy Osiyo va Shvetsiyadagi ilmiy-akademik muassasalar o‘rtasida hamkorlik o‘rnatish istiqbollarini muhokama qildi. Jumladan, qo‘shma amaliy tadqiqotlar o‘tkazish, akademik almashinuvlar va mintaqaviy rivojlanishning dolzarb yo‘nalishlariga bag‘ishlangan ekspert seminarlarini tashkil etish bo‘yicha takliflar ilgari surildi.
Uchrashuv yakunida MOXI va SITE o‘rtasidagi ilmiy-akademik hamkorlikni rivojlantirish, tahliliy salohiyatni mustahkamlash, iqtisodiy islohotlarga ko‘maklashish va qo‘shma ekspert tashabbuslarini ilgari surishga doir o‘zaro qiziqish bildirilganligi qayd etildi.
Stokgolm O‘tish Davri Iqtisodiyoti Instituti (SITE) 1989-yilda tashkil etilgan bo‘lib, Markaziy va Sharqiy Yevropa, Janubiy Kavkaz va Markaziy Osiyodagi iqtisodiy transformatsiyalar bo‘yicha Shimoliy Yevropaning yetakchi ilmiy-tadqiqot markazlaridan biridir. Institut makroiqtisodiyot, barqaror rivojlanish va institutsional modernizatsiya yo‘nalishlarida amaliy tadqiqotlar olib boradi.