Voqealar
14.04.2026
|
379
O‘zbekiston va Afg‘oniston ekspertlari “Markaziy Osiyo – Afg‘oniston” formati istiqbollarini muhokama qildilar
Joriy yilning 13-aprel kuni Markaziy Osiyo xalqaro institutida (MOXI) “Markaziy Osiyo – Afg‘oniston” maslahat muloqoti: ikki tomonlama va ko‘p tomonlama hamkorlik uchun keyingi qadamlar qanday? mavzusidagi davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Tadbir Afg‘oniston Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Strategik tadqiqotlar markazi (STM) bilan hamkorlikda tashkil etildi. Unda O‘zbekistondagi Afg‘oniston elchixonasi vakillari, shuningdek, har ikki mamlakatning yetakchi ilmiy va ekspert doiralari vakillari ishtirok etdi.

Davra suhbatini ochar ekan, MOXI direktori Javlon Vahobov Afg‘oniston tomonini Kobul shahrida “Afg‘oniston – Markaziy Osiyo” birinchi maslahat muloqotining muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan tabrikladi. Ta’kidlanganidek, bunday muloqotning yuqori saviyada tashkil etilgani va mazmunan boy dasturi Afg‘onistonning mintaqa davlatlari bilan ochiq, pragmatik va konstruktiv hamkorlikka intilayotganini namoyon etdi.

“Hamkorlikni yanada rivojlantirishda biz tahliliy markazlar o‘rtasidagi aloqalarga alohida ahamiyat qaratamiz. Aynan ekspertlar hamjamiyati nafaqat siyosiy muloqotni ilgari surishda intellektual ko‘mak bera oladi, balki ikki tomonlama va mintaqaviy sheriklikning istiqbolli yo‘nalishlari bo‘yicha yangi g‘oyalar hamda amaliy takliflarni ham ishlab chiqishga qodir”, – dedi Javlon Vahobov.

O‘z navbatida, STM direktori Abdul Hay Qanit O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Afg‘onistonning Markaziy Osiyo davlatlari bilan yaqinlashuvi jarayoni hamda mintaqaviy hamkorlikning yangi modelini ilgari surishdagi muhim va ko‘p jihatdan belgilovchi rolini alohida ta’kidladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, aynan O‘zbekiston rahbari tashabbusi bilan iqtisodiyotga yo‘naltirilgan yondashuv rivoj topdi, bu esa mintaqaviy hamkorlikka yangi sur’at bag‘ishlab, Afg‘oniston bilan hamkorlikning yanada pragmatik kun tartibini shakllantirishga xizmat qildi. Bu, o‘z navbatida, mintaqa davlatlarining umumiy manfaatlariga javob beradigan mazmunli va o‘zaro manfaatli sheriklikni yanada chuqurlashtirish uchun asos yaratdi.

Tadbir yakunida tomonlar hamkorlikni kengaytirish, ekspertlar almashinuvini faollashtirish va qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishga tayyor ekanini tasdiqladilar.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom