Uchrashuv davomida muloqotni rivojlantirish, tinch vositachilikni ilgari surish va mintaqaviy barqarorlikni mustahkamlash sohalaridagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari, shuningdek turli mintaqalarda tinchlik va barqaror rivojlanishga ko‘maklashishga qaratilgan xalqaro sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlash yondashuvlari muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, Norvegiya tinchlik tashabbuslari va vositachilik sa’y-harakatlarini ilgari surishda izchil faol rol o‘ynab kelmoqda. Xususan, 2022 yilda Osloda “Tolibon” harakati vakillari, G‘arb diplomatlari hamda Afg‘oniston fuqarolik jamiyati vakillari o‘rtasida mamlakatdagi gumanitar inqirozni bartaraf etish va uning xalqaro izolyatsiyasining oldini olish yo‘llarini muhokama qilishga qaratilgan dastlabki muzokaralar tashkil etilgan. Ishtirokchilar ta’kidlashicha, bu uchrashuvlar 2021 yildan keyin Yevropada “Tolibon” vakillari ishtirokidagi ilk rasmiy muloqot bo‘lgan.
Javlon Vaxabov bunday muloqotni qo‘llab-quvvatlash va tinch yo‘l bilan yechim topishga qaratilgan pragmatik yondashuv O‘zbekistonning Afg‘oniston bilan tinchlik, barqarorlik va konstruktiv xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan izchil siyosati bilan hamohang ekanini ta’kidladi.