Uchrashuvda IKSA RAN ilmiy rahbari Aleksandr Lukin, direktor maslahatchisi Vladimir Potapenko, Markaziy Osiyo tadqiqotlari markazi ilmiy xodimi Aleksandra Perminova va Xalqaro hamkorlik va tashqi aloqalar boshqarmasi rahbari Olga Gerasimova ishtirok etdi.

Tomonlar institutlar oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlash masalalarini muhokama qildilar. Ayniqsa, qoʻshma ilmiy tadqiqotlar, tajriba va bilim almashinuvi hamda konferensiyalar, seminarlar va davra suhbatlari tashkil etish istiqbollari muhokama qilindi.

A. Lukin Markaziy Osiyoga boʻlgan qiziqishning ortib borayotganini ta’kidlab, 2023 yilda IKSA RAN qoshida Markaziy Osiyo tadqiqotlari markazi tashkil etilganini ma’lum qildi. Bugungi kunda ushbu markaz Markaziy Osiyo rivojlanishi bilan bogʻliq masalalarga ixtisoslashgan eng yirik ilmiy boʻlinma hisoblanadi.

J. Vaxabov ushbu markaz tashkil etilgani Markaziy Osiyoning xalqaro maydondagi ahamiyatining oshib borayotganini anglatishini qayd etdi va markaz tomonidan olib borilayotgan tadqiqotlar mintaqaviy jarayonlarni chuqurroq tushunishga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.
Muzokaralar yakunida MOXI va IKSA RAN oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisida kelishuv imzolandi. Tomonlar ushbu kelishuv Markaziy Osiyo mamlakatlari va Rossiya oʻrtasidagi ekspert va ilmiy aloqalarni yanada mustahkamlash uchun mustahkam asos boʻlishiga ishonch bildirdi.