Voqealar
23.05.2025
|
217
Xitoy elchisi MOXIda akademik doiralar uchun ochiq ma’ruza o‘qidi
2025-yil 23-may kuni Markaziy Osiyo Xalqaro Instituti (MOXI)da Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Yu Tzyun “Xitoy taraqqiyoti va ‘Xitoy – Markaziy Osiyo’ formati” mavzusida ochiq ma’ruza o‘qidi.

Tadbir mintaqaviy kun tartibining dolzarb masalalari, Xitoyning zamonaviy tashqi siyosati va O‘zbekiston-Xitoy hamkorligining istiqbollari yuzasidan mazmunli fikr almashish uchun muhim maydonga aylandi.

Tadbirda ilmiy hamjamiyat va tadqiqot markazlarining yetakchi vakillari, jumladan, Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti, Strategik va mintaqaviy tadqiqotlar instituti (SMTI), Siyosiy va xalqaro tashabbuslar markazi, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi, shuningdek, Davlat boshqaruvi akademiyasi, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (JIDU), O‘zbekiston Milliy universiteti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti (TDIU), O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti (O‘zDJTU), Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti (TDSHU) hamda mahalliy va xorijiy OAV vakillari qatnashdi.

Uchrashuvni ochar ekan, MOXI direktori Javlon Vahabov Xitoy elchisining Institutdagi chiqishi nafaqat ilmiy va tahliliy muloqotni mustahkamlashda muhim voqea, balki strategik tashabbuslarni ilgari surish bo‘yicha barqaror platforma shakllanishiga qadam bo‘lganini ta’kidladi.

MOXI direktorining so‘zlariga ko‘ra, XXRning Toshkentdagi Elchixonasi ko‘magida Institut Xitoyning yetakchi ilmiy-tadqiqot markazlari bilan hamkorlikni faollik bilan kengaytirmoqda. Ular orasida Xalqaro masalalar bo‘yicha Xitoy akademiyasi, Yevropa va Osiyo ijtimoiy taraqqiyot instituti, Shensi pedagogika universiteti huzuridagi Markaziy Osiyo tadqiqot instituti va Shanxay xalqaro tadqiqotlar akademiyasi bor.

Ma’ruzasi davomida elchi Yu Tzyun Xitoyning mintaqadagi tashqi siyosat strategiyasining asosiy yo‘nalishlarini bayon qildi. U yaxshi qo‘shnichilik, hamkorlik va ochiqlikka asoslangan Osiyo modelini ta’kidlab o‘tdi. Elchining aytishicha, Markaziy Osiyo Xitoy tashqi siyosatida alohida o‘rin egallaydi — bu hudud Xitoy bilan ming yillik tarixiy, madaniy va geografik rishtalar bilan bog‘langan. “Markaziy Osiyodagi besh davlatning barchasi Xitoyning strategik hamkorlari hisoblanadi, bu esa ularni yaqin qo‘shnilar bilan bir qatorda ishonchli ittifoqchilarga aylantiradi,” — dedi elchi.

Elchi iqtisodiy hamkorlik dinamikasiga alohida e’tibor qaratdi. So‘nggi 30 yilda Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi savdo hajmi 460 million dollardan 94,8 milliard dollarga yetdi, Xitoyning mintaqaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalari esa 15 milliard dollarni ortda qoldi. Bugungi kunda Xitoy Markaziy Osiyo davlatlari uchun yetakchi savdo va investitsiya hamkoriga aylandi. Elchining aytishicha, Xitoy kompaniyalari tomonidan mintaqada tuzilgan muhandislik shartnomalari soni o‘nlab milliard dollarni tashkil etadi — bu esa amaliy hamkorlikning jadallik bilan kengayayotganini ko‘rsatadi.

Elchi logistika sohasidagi muhim yutuqlardan biri — “Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston” temiryo‘l magistrali qurilishi boshlanganini alohida qayd etdi. Ushbu yo‘l Sharqiy va G‘arbiy Osiyo o‘rtasidagi eng qisqa yo‘nalishga aylanishi kutilmoqda. Bugungi kunga kelib, Xitoydan Yevropaga harakatlanayotgan konteyner poyezdlarining 80 foizi Markaziy Osiyo orqali o‘tmoqda. 2024-yilda bu yo‘nalishdagi poyezdlar soni 12 000 dan oshdi — bu 2023-yilga nisbatan 11,3 foizga ko‘pdir.

Elchi texnologik transformatsiya va raqamli hamkorlik masalalariga ham e’tibor qaratdi. Xitoy kompaniyalari O‘zbekistonning raqamli infratuzilmasini rivojlantirishda — data-markazlar, 5G platformalar va sun’iy intellekt markazlarini barpo etishda — muhim rol o‘ynamoqda. Shu nuqtayi nazardan, Xitoyning ekologik barqarorlik va “yashil” taraqqiyotga qaratilgan loyihalarda faol ishtirok etishi, jumladan, quyosh elektr stansiyalari qurilishi va suv tejovchi aqlli tizimlarning joriy etilishi alohida ahamiyat kasb etmoqda.

Gumanitar sohada Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlari o‘zaro hurmat va ko‘makka asoslangan mustahkam sheriklikni namoyon etmoqda. Bu borada Konfutsiy institutlari va zamonaviy Xitoy standartlari asosida texnik mutaxassislar tayyorlaydigan “Lu Ban ustaxonalari” dasturining ahamiyati ta’kidlandi.

Elchi Yu Tzyun shuningdek, Xitoy tashabbusi bilan Markaziy Osiyoda tibbiyot sohasida muvaffaqiyatli loyihalar amalga oshirilayotganini ma’lum qildi. Ulardan biri — “Yorqin yo‘l” xalqaro ekspress dasturi doirasida minglab mintaqa fuqarolari, jumladan O‘zbekistonliklar ham, yetakchi xitoylik shifokorlar tomonidan oftalmologik va yurak jarrohlik amaliyotlarini oldi.

Ma’ruzadan so‘ng savol-javob sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda ekspertlar, olimlar va tahlil markazlari vakillari Xitoy elchisiga O‘zbekiston–Xitoy munosabatlari istiqbollari, SHHT va “Markaziy Osiyo–Xitoy” formati doirasidagi hamkorlik bo‘yicha dolzarb savollarni yo‘lladi.

Uchrashuvning ramziy jihatdan muhim qismi — MOXI kutubxonasiga Xitoyning maxsus nashrlaridan iborat yangi to‘plamning tantanali topshirilishi bo‘ldi. Bu nashrlar tarix, siyosat, huquq, madaniyat, ekologiya va texnologiyalar bo‘yicha asarlarni, shu jumladan “Si Szinpinning tanlangan nutqlari” hamda raqamli transformatsiya va qashshoqlikka qarshi kurash bo‘yicha zamonaviy tadqiqotlarni o‘z ichiga oladi. Mutaxassislar fikricha, bu adabiyotlar MOXIdagi Xitoyshunoslik yo‘nalishida ilmiy izlanishlar uchun muhim manbaga aylanadi.

Tadbir yakunida tomonlar 2025-yilda Qozog‘istondagi “Xitoy–Markaziy Osiyo” sammiti va Tyanjindagi SHHT sammiti yangi tashabbus va yechimlar uchun katalizator bo‘lishiga ishonch bildirdi. MOXI ushbu formatlar doirasidagi ilmiy-ekspertlik faoliyatida faol ishtirok etishga va Xitoy Elchixonasi bilan yaqin hamkorlikni davom ettirishga tayyorligini yana bir bor tasdiqladi.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom