“Bourse and Bazaar” tadqiqot fondi bilan hamkorlikda tashkil etilgan ushbu nufuzli tadbirda Markaziy Osiyo va Ko‘rfaz mamlakatlaridan 40 dan ortiq taniqli ekspertlar ishtirok etmoqda.
Forum 5-may kuni Samarqandda bo‘lib o‘tadigan Markaziy Osiyo va GCC davlatlari rahbarlari sammiti arafasida tashkil etilgan bo‘lib, mintaqalararo muloqotni mustahkamlash va amaliy hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi. Ishtirokchilar Toshkentdagi ekspertlar platformasi yaqinlashib kelayotgan oliy darajadagi uchrashuvga tayyorgarlikda muhim o'rin egallashiga ishonch bildirishdi.
Ochilish marosimida MOXI direktori forum o‘z vaqtida va o‘ta dolzarb mavzularni qamrab olayotganini ta’kidladi. U, xususan, Markaziy Osiyo va Ko‘rfaz davlatlari o‘rtasida qadimdan shakllangan savdo, ilmiy va madaniy aloqalar bugungi kunda yangi mazmun kasb etib, o‘zaro manfaatli strategik sheriklik uchun kuchli poydevor yaratib berayotganini qayd etdi.
Shuningdek, ikki mintaqaning zamonaviy taraqqiyot yo‘nalishlarini chuqur tushunish, o‘zaro iqtisodiy uyg‘unlikni kuchaytirish va amaliy mintaqalararo kooperatsiyani ilgari surish uchun hal qiluvchi omil ekani alohida urg‘u bilan ta’kidlandi.
Forumning ilk kunida ishtirokchilar siyosiy va iqtisodiy ustuvor yo‘nalishlardan tortib, xavfsizlik, savdo, energetika, ekologiya va barqaror rivojlanish masalalarigacha bo‘lgan keng mavzularni muhokama qildilar.
Transport infratuzilmasini rivojlantirish, ayniqsa, Transafg‘on temir yo‘li va Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston loyihasi doirasida Ko‘rfaz davlatlarining ishtiroki, Markaziy Osiyoni Janubiy Osiyo bilan bog‘lovchi samarali yo‘lakni shakllantirishda muhim rol o‘ynashi ta’kidlandi.
Shuningdek, ishtirokchilar vizaviy tartiblarni soddalashtirish, bojxona tartibga solinishi, investitsiyalarni himoya qilish va energetika hamkorligini chuqurlashtirish uchun huquqiy asoslarni takomillashtirish zarurligiga e’tibor qaratdilar.
Energetika sohasida qayta tiklanuvchi energiya, infratuzilmaviy loyihalar, bilim almashinuvi va transchegaraviy investitsiyalarni rivojlantirish bo‘yicha salmoqli takliflar bildirildi. Bu esa, o‘z navbatida, ikki mintaqaning o‘zaro bog‘liqligini kuchaytirish va umumiy barqarorlik maqsadlariga erishishga xizmat qiladi.
Forumning birinchi kuni ochiq, g‘oyalar almashinuvi va amaliy yechimlarga yo‘naltirilgan ruhda o‘tdi.
Tadbir o‘z ishini davom ettirmoqda.