Tadbirda Markaziy Osiyo davlatlari, Ozarbayjon va Vengriyadan diplomatik missiyalar rahbarlari va diplomatlar, shuningdek tegishli vazirlik va idoralar, tahliliy markazlar, OAV vakillari hamda akademik hamjamiyat a’zolari ishtirok etdi. Shuningdek, JIDU, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti va Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti professor-o‘qituvchilari, doktorantlar va talabalar ham qatnashdi.
MOXI direktori Javlon Vaxabov O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida siyosiy muloqotni kengaytirish, iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish hamda Markaziy Osiyoda qo‘shma tashabbuslarni ilgari surishga bo‘lgan qat’iy intilishni ta’kidladi.
O‘z nutqida elchi Ufuk Ulutash Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekiston ochiq tashqi siyosat yuritayotgan, shu bilan birga milliy suverenitet va manfaatlarni ustuvor qo‘ygan holda faol va ishonchli hamkor sifatida namoyon bo‘layotganini qayd etdi.
U O‘zbekistonning mintaqaviy hamjihatlikni mustahkamlashdagi markaziy rolini alohida ta’kidladi, xususan umumiy muammolarni hal etish, muloqot maydonlarini yaratish va mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish borasidagi sa’y-harakatlariga e’tibor qaratdi. Elchining so‘zlariga ko‘ra, Toshkentning konstruktiv va istiqbolga yo‘naltirilgan tashqi siyosati Markaziy Osiyo davlatlarining yanada jipslashuviga xizmat qilmoqda va mintaqa tobora global maydonda alohida va muhim aktor sifatida qaralmoqda.
Shuningdek, elchi O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi strategik sheriklikning jadal rivojlanayotganini, bu esa oliy va yuqori darajadagi muloqotlarning faolligi bilan tasdiqlanishini qayd etdi. U Prezident Shavkat Mirziyoyev va Prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘an o‘rtasidagi yaqin munosabatlar ikki tomonlama aloqalarda uzluksizlik, ishonch va barqarorlikni ta’minlayotganini ta’kidladi.
Elchi ta’kidlaganidek, O‘zbekiston–Turkiya munosabatlari umumiy manfaatlar, mushtarak madaniy yaqinlik va institutsional hamkorlikka asoslangan “kompleks ittifoq” sifatida shakllanmoqda.
Shu bilan birga, u O‘zbekistonning Turkiy davlatlar tashkilotidagi faol ishtirokini, xususan kelgusi yilda tashkilotga raislik qilishi yangi imkoniyatlar yaratishini alohida qayd etdi.
Elchi madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish, akademik almashinuvlarni kengaytirish hamda qo‘shma ilmiy loyihalarni, jumladan madaniy merosni asrashga qaratilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash muhimligini ham ta’kidladi.
Ma’ruza yakunida elchi va ishtirokchilar o‘rtasida O‘zbekiston–Turkiya hamkorligining istiqbollari yuzasidan ochiq va mazmunli fikr almashinuvi bo‘lib o‘tdi.