Suhbat davomida mintaqalararo kun tartibi kontekstida O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi hamkorlikning hozirgi holati va istiqbolli yo‘nalishlari, shuningdek, MOXIning Turkiya ekspert va tahliliy doiralari bilan o‘zaro hamkorligi masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi mustahkam va ko‘p qirrali hamkorlik doimo mushtarak madaniy, til, diniy va an’anaviy qadriyatlarga asoslanganligini ta’kidladilar. Biroq ikki davlat oʻrtasidagi munosabatlarning chinakam mustahkamlanishi 2016-yilda Prezident Shavkat Mirziyoyevning hokimiyatga kelishi bilan boshlangani uchrashuvda e’tirof etildi.
Taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston-Turkiya hamkorligi xalqaro tashkilotlar, xususan, Oʻzbekiston 2019-yilda aʼzo boʻlgan Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi munosabatlarni rivojlantirishning muhim tarkibiy qismiga aylandi va bu uning yanada kengayishiga turtki boʻldi.
Elchining soʻzlariga koʻra, Oʻzbekistonning Tashkilotga aʼzo boʻlishi nafaqat uni iqtisodiy jihatdan mustahkamladi, balki Turkiy Davlatlar Tashkilotining boshqa ishtirokchilari faolligining oshishiga ham xizmat qildi, bu esa tuzilmaning roli ortib borayotganidan dalolat beradi.
Uchrashuvda turk diplomati mintaqaviy integratsiya jarayonlari sohasida maqsadli tadqiqotlar olib borishda MOXI alohida ahamiyat kasb etishini ham ta’kidladi.
Uchrashuv yakunida elchi MOXI va Turkiyaning yetakchi tahliliy markazlari – Siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy tadqiqotlar jamg‘armasi (SETA) va Turkiya Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Strategik tadqiqotlar markazi (SAM) o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yishda amaliy yordam berishga tayyorligini bildirdi.