Tadbirda Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayonining (SHUAR) og‘ir va kimyo sanoati, logistika, qayta tiklanuvchi energetika, qurilish materiallari ishlab chiqarish va turizm sohalarida faoliyat yurituvchi yetakchi kompaniyalarining 40 dan ortiq rahbarlari va vakillari ishtirok etdi.
Suhbat avvalida Qo‘mita raisi o‘rinbosari Lyu Ten SHUARning iqtisodiy salohiyati va uning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan o‘zaro hamkorligini kengaytirish istiqbollarini taqdim etdi. 2025-yilda Shinjonning Markaziy Osiyodagi beshta davlat bilan tovar aylanmasi 40 milliard AQSh dollarni tashkil etgani va qatorasiga uchinchi yil 39 milliard AQSh dollardan yuqori darajada saqlanib qolayotgani qayd etildi. Xitoyning Markaziy Osiyo davlatlari bilan savdosining qariyb 40% SHUARga to‘g‘ri keladi.

MOXI direktori Javlon Vaxabov O‘zbekistonning iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyati to‘g‘risida ma’lumot berdi. Mamlakatimiz Markaziy Osiyodagi eng jadal rivojlanayotgan iqtisodiyotlardan biri ekani ta’kidlandi. Keng ko‘lamli islohotlar doirasida so‘nggi yillarda O‘zbekiston iqtisodiyotiga qariyb 150 milliard AQSh dollar xorijiy investitsiyalar jalb qilingan bo‘lib, shundan 123 milliard AQSh dollari aynan oxirgi besh yilga to‘g‘ri keladi.

Biznesni qo‘llab-quvvatlashning moliyaviy mexanizmlari takomillashtirilayotgani tufayli investorlar uchun qo‘shimcha imkoniyatlar ochilmoqda. Xorijiy sarmoyalarni jalb qilish va zamonaviy moliyaviy ekotizimni rivojlantirishga ko‘maklashishga qaratilgan Toshkent xalqaro moliya markazining tashkil etilishi bu boradagi muhim qadam sifatida baholandi.
Ushbu doirada qabul qilingan, Markaz hududida maxsus huquqiy rejimni joriy etishni va xalqaro tijorat sudini tashkil qilishni nazarda tutuvchi konstitutsiyaviy qonun xorijiy investorlar uchun huquqiy kafolatlarni kuchaytirish imkonini beradi. Shuningdek, ishtirokchilar uchun imtiyozli soliq rejimi va valyuta operatsiyalarini amalga oshirish bo‘yicha kengaytirilgan imkoniyatlar ko‘zda tutilgan.
O‘z navbatida, Andijon viloyati hokimi o‘rinbosari Elmurod Ismoilov viloyatning sanoat va investitsiyaviy salohiyatini taqdim etdi. Avtomobilsozlik, to‘qimachilik va oziq-ovqat sanoati, qishloq xo‘jaligi, «yashil» energetika hamda qurilish materiallari ishlab chiqarishni hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari sifatida qayd etildi.

“Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston” temir yo‘l yo‘nalishini rivojlantirishda Andijon viloyatining roliga alohida e’tibor qaratildi. Andijon viloyati muhim transport-logistika xabiga, shuningdek, yangi temir yo‘l tarmog‘i orqali kelib tushadigan yuklarni saqlash, taqsimlash va ortga qaytishdagi yuklanishini shakllantirish markaziga aylanishi mumkinligi ta’kidlandi.
Xitoylik tadbirkorlar viloyatda Yevropa, AQSh va boshqa bozorlarga eksport qilishga mo‘ljallangan yarim tayyor va tayyor mahsulotlar ishlab chiqaruvchi sanoat hamda logistika maydonchalarini barpo etishga qiziqish bildirdilar. Shuningdek, Shinjon va O‘zbekiston hududlarining tarixiy va madaniy merosi obyektlarini birlashtiruvchi turistik yo‘nalishlarni ishlab chiqish ham istiqbolli yo‘nalish sifatida belgilandi.
Konferensiya yakunida ishtirokchilar to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishbilarmonlik aloqalarini kengaytirish, qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish hamda joriy yilning oktabr oyida Toshkent shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan O‘zbekiston–Xitoy biznes-forumida faol ishtirok etishdan manfaatdor ekanliklarini aytdilar.