Voqealar
20.08.2025
|
158
Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori Javlon Vaxabovning “O‘zbekiston, Ozarbayjon va Yevropa — umumiy taraqqiyot yo‘lida hamkorlik” yuqori darajadagi uchrashuvidagi chiqishi
(sessiya: “Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi bog‘liqlik: O‘rta yo‘lakning roli”) (2025-yil 18-avgust, Toshkent)

Hurmatli ishtirokchilar,

Ma’lumki, dengizga chiqish imkonidan mahrum bo‘lgan Markaziy Osiyo mamlakatlari ishonchli va diversifikatsiyalangan transport yo‘laklariga yuqori darajada bog‘liq. Aynan shu yo‘laklar ularning global ta’minot zanjirlariga integratsiyalashuvi va barqaror rivojlanishini ta’minlashda hal qiluvchi rol o‘ynaydi. Shu bois transport va logistika, istisnosiz, mintaqamizdagi barcha davlatlar kun tartibining markazida qolmoqda. Bugun, Markaziy Osiyo mamlakatlari Davlat rahbarlarining besh tomonlama Maslahat uchrashuvlari orqali hamkorlikni chuqurlashtirar ekan, ushbu masala barqaror taraqqiyotning zarur sharti sifatida eng ustuvor yo‘nalishlardan biri deb belgilanmoqda. Yaqinda, joriy yil 5-avgust kuni Turkmanistonda bo‘lib o‘tgan BMTning Dengizga chiqish imkonidan mahrum rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha Uchinchi konferensiyasida mintaqa prezidentlari yangi, ishonchli tranzit koridorlari va logistika infratuzilmasini rivojlantirish zarurligini yana bir bor tasdiqladilar.

Hurmatli hamkasblar,

Avvalgi ma’ruzachilar ta’kidlaganidek, O‘rta yo‘lakni rivojlantirish mintaqamiz uchun alohida ahamiyat kasb etadi. Suvaysh kanali va Qizil dengiz orqali o‘tuvchi an’anaviy dengiz yo‘llaridagi beqarorlik, shuningdek Shimoliy yo‘lak bo‘yicha yuk oqimining keskin qisqarishi sharoitida mazkur yo‘nalish tobora global savdo, energetika va logistikaning muhim tomirlaridan biriga aylanmoqda. Bunday vaziyatda ishlab chiqaruvchilar va logistika operatorlari O‘rta yo‘lakni Xitoy, Markaziy Osiyo, Kaspiy mintaqasi, Janubiy Kavkaz va Yevropani ishonchli bog‘lay oladigan eng istiqbolli transport yo‘nalishi sifatida ko‘rmoqda. Demakki, u nafaqat mintaqamizni, balki davom etayotgan iqtisodiy noaniqlik fonida global savdoni ham barqarorlashtira oladigan chidamli infratuzilmaning muhim unsuri bo‘lib bormoqda.

Bugun O‘rta yo‘lak Xitoy va Yevropa o‘rtasidagi eng qisqa va eng tez rivojlanayotgan marshrutdir: masofani qariyb 2 500 kilometrga qisqartiradi, yetkazib berish muddati esa an’anaviy dengiz yo‘llaridagi ikki oygacha bo‘lgan vaqtlarga nisbatan atigi 15–20 kunga tushadi. Bu logistika samaradorligini keskin oshiradi. Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasida tinch munosabatlar to‘g‘risidagi deklaratsiyaning yaqinda imzolanishi O‘rta yo‘lakning barcha manfaatdor tomonlar uchun ahamiyatini yanada mustahkamladi. Kavkazda tinchlik — Markaziy Osiyo va kengroq Yevroosiyo makonida barqaror rivojlanishning muhim sharti. Shu nuqtai nazardan, Zangеzur yo‘lagi O‘rta yo‘lakning asosiy tarkibiy qismlaridan biri sifatida alohida ahamiyat kasb etadi. Xuddi shuningdek, Xitoy bilan hamkorlikda qurilayotgan Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston (XQO) temir yo‘li sharq-g‘arb transport zanjirining halqa bo‘g‘ini bo‘lib, O‘rta yo‘lakning barqarorligi va uzoq muddatli yashovchanligini yanada mustahkamlaydi.

Aziz do‘stlar,
Tabiiyki, O‘rta yo‘lakni rivojlantirish Osiyo va Yevropaning ko‘plab mamlakatlari, shuningdek Yaqin Sharq davlatlari e’tiborini tortmoqda. Ular milliy strategiyalarida ushbu yo‘lakni nafaqat o‘z iqtisodiy manfaatlariga xizmat qiluvchi vosita, balki mintaqalararo bog‘liqlikni mustahkamlash instrumenti sifatida ko‘rmoqda. Bu jarayonda Yevropa Ittifoqi alohida o‘rin tutadi. Hozirda O‘rta yo‘lak Bryussel e’tibor markazida bo‘lib, joriy yil aprel oyida Samarqandda bo‘lib o‘tgan ilk “EI — Markaziy Osiyo” sammitida asosiy muhokama mavzularidan biriga aylandi. Mazkur sammitda EI mintaqamiz bilan barqaror transport aloqalarini kuchaytirish borasidagi sadoqatini, ularni iqtisodiy o‘sish va mintaqaviy integratsiyaning drayveri sifatida ko‘rishini tasdiqladi hamda, jumladan, transport koridorlarini ham o‘z ichiga olgan to‘rt ustuvor yo‘nalish bo‘yicha 12 mlrd yevrolik investitsiya paketini e’lon qildi.

Albatta, O‘rta yo‘lakni jadallashtirish bir qator shartlarni talab etadi, ularning aksariyati hamkorlikda harakat qilishni ko‘zda tutadi. Shu munosabat bilan bir necha asosiy ustuvor vazifalarni ajratib ko‘rsatmoqchiman. Birinchidan, mintaqada amalga oshirilayotgan transport va infratuzilma loyihalarini o‘zaro uyg‘unlashtirish. EIning Global Gateway tashabbusining strategik maqsadlarini Markaziy Osiyodagi yirik transport loyihalari bilan bog‘lash zarur. Bunday muvofiqlashtirish infratuzilmaning izchil rivojlanishini ta’minlaydi va Yevropa, Kavkaz hamda Markaziy Osiyo o‘rtasida barqaror bog‘liqlik yaratadi. Ikkinchidan, tranzit siyosatini uyg‘unlashtirish — qoidalarni moslashtirish va optimal yuk tariflarini joriy etish orqali. Qanchalik ko‘proq davlatlar harakati uyg‘unlashsa, biznes uchun shunchalik oson bo‘ladi. Shu o‘rinda, yaqinda LLDC bo‘yicha BMT konferensiyasida O‘zbekiston Prezidenti ilgari surgan taklifni eslatib o‘tmoqchiman: Yevropa Ittifoqi homiyligida O‘rta yo‘lak bo‘ylab joylashgan davlatlar transport vazirlarining muntazam uchrashuvlari formatini yo‘lga qo‘yish va muvofiqlashtirilgan yondashuvlarni ishlab chiqish.

Uchinchidan, transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish uchun moslashuvchan investitsiyalarni safarbar etish. Mintaqaning infratuzilmaviy ehtiyojlari ulkan — yiliga qariyb 40 mlrd dollar miqdolida baholanmoqda. Bu yerda, bevosita bo‘lmasa-da, bilvosita tarzda Yevropa Ittifoqi XQO temir yo‘li loyihasida ma’lum rol o‘ynashi mumkin, deb hisoblayman: YETTB va YI Investitsiya banki orqali sarmoya kiritish, texnik ekspertiza berish hamda XQO liniyasini Transkaspiy koridori bilan bog‘lash orqali. To‘rtinchidan, transport va logistika jarayonlarini raqamlashtirish. Ushbu masala Markaziy Osiyo Davlat rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari kun tartibida allaqachon alohida e’tibor qozongan. Raqamlashtirishni tezlashtirishda EIning faol ishtiroki — YETTB, YI Investitsiya banki va boshqa institutlarning moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari orqali — katta yordam beradi.

Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlamoqchimanki, sanab o‘tilgan choralar Markaziy Osiyo, Kavkaz va Yevropa o‘rtasidagi transport-logistika bog‘liqligini mustahkamlash uchun strategik ahamiyatga ega. Ularning amalga oshirilishi nafaqat logistika jarayonlarini optimallashtiradi, balki butun Yevroosiyo bog‘liqligi arxitekturasini yangicha sifat bosqichiga ko‘taradi. Bu Markaziy Osiyoga global ta’minot zanjirlari xaritasida yangi, strategik jihatdan muhim o‘rin beradi, shu bilan birga mintaqaviy integratsiyani chuqurlashtiradi va mintaqamizning xalqaro nufuzini mustahkamlaydi.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom