Tadbir O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusiga asosan hamda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari va Yevropa Kengashi Prezidenti tomonidan 2023-yil 2-dekabr kuni Cholpon-Otada (Qirg'iziston) bo'lib o'tgan Markaziy Osiyo mamlakatlari va Yevropa Ittifoqi yetakchilarining ikkinchi uchrashuvida erishilgan kelishuvlarga muvofiq o'tkazilmoqda.
Markaziy Osiyo xalqaro instituti va Yevropa Ittifoqining O'zbekistondagi delegatsiyasi mazkur ekspertlar konferensiyasining hamtashkilotchilari hisoblanadi.
Tadbirda Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo'yicha maxsus vakili Terhi Xakala, Yevropa Ittifoqining terrorizmga qarshi kurash bo'yicha koordinatori Bartyan Vegter, Yevropa Ittifoqining O'zbekistondagi elchisi Sharlotta Adrian hamda Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriladigan dastur koordinatorlari va loyiha menejerlari hamda xavfsizlik sohasining Yevropa Ittifoqi-Markaziy Osiyo formatida faoliyat olib boruvchi Yevropa Ittifoqi tuzilmalarining qator ekspertlari ishtirok etadi.
Forumda O'zbekiston tomoni va Markaziy Osiyo mamlakatlari tahliliy tuzilmalar ekspertlari, shuningdek, manfaatdor vazirlik va idoralar vakillari qatnashishadi.
Konferensiyada LEICA (Markaziy Osiyoda huquqni muhofaza qilish faoliyati), BOMCA (Markaziy Osiyoda chegaralarni boshqarish dasturi) va CADAP (Markaziy Osiyoda narkotiklarga qarshi kurashish dasturi) kabi xavfsizlik bo'yicha hamkorlik dasturlari doirasida Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo o'rtasidagi olib borilayotgan joriy hamkorlik aloqalari tahlil qilinadi.
Shuningdek, terrorizm, ekstremizm va radikalizm, kiberjinoyatchilik, transchegaraviy uyushgan jinoyatchilik va odam savdosi kabi tahdidlarga qarshi kurashish sohalarida ham hamkorlikni yo'lga qo'yish imkoniyatlari o'rganib chiqiladi.