Tadbir Markaziy Osiyo xalqaro instituti (O‘zbekiston Respublikasi) va Koreya Respublikasi – Markaziy Osiyo hamkorlik forumi kotibiyati (Koreya Respublikasi) hamkorligida tashkil etilmoqda.
Forumdan koʻzlangan maqsad oʻzaro hamkorlikning hozirgi holati va istiqbollari yuzasidan fikr almashish, “Markaziy Osiyo + Koreya Respublikasi” tashqi ishlar idoralari rahbarlarining 17-yigʻilishiga takliflar tayyorlash, shuningdek, 2025-yilda Seul sh. bo‘lib o‘tadigan “Markaziy Osiyo + Koreya Respublikasi” formatidagi birinchi Sammit kun tartibiga tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
Koreya tomonidan Koreya xalqaro iqtisodiy siyosat instituti, Koreya energetika iqtisodiyoti instituti, Koreya ekologiya instituti, Koreya eksport-import banki, K-water ekspertlari, shuningdek, Xanyang universitetining Osiyo-Tinch okeani tadqiqot markazi vakillari, Xankuk xorijiy tillar universitetining Markaziy Osiyo tadqiqotlari instituti, Keymen universiteti va Keng Xi universiteti ishtirok etadilar.
Markaziy Osiyo davlatlaridan Markaziy Osiyo xalqaro instituti, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Qozog‘iston strategik tadqiqotlar instituti, Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik tashabbuslar milliy instituti, Turkmaniston Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Xalqaro munosabatlar institutining Strategik tadqiqotlar markazi, Tojikiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik tadqiqotlar markazi, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining xalqaro aloqalar bo‘yicha Axborot-tahlil markazi ekspertlari ishtirok etadi.
Forum mehmonlari orasida Koreya Respublikasi va Markaziy Osiyo davlatlarining O‘zbekistondagi elchilari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, O‘zbekiston koreys madaniyati markazlari assosiyasiyasi va Toshkent shahridagi Puchong universiteti rahbariyati ishtirok etadi.
Forum to‘rtta asosiy sessiyadan iborat bo‘ladi. Markaziy Osiyoning beshta davlati va Koreya Respublikasidan 100 ga yaqin ishtirokchilarning e’tibori hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha mintaqa va Koreya Respublikasi o‘rtasida ko‘p tomonlama hamkorlikni tashkil etishning yangi yondashuvlarini ishlab chiqishga qaratiladi.
Shuningdek, ekspertlar ekspert-tahliliy hamjamiyatlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, Markaziy Osiyo va Koreya Respublikasi davlat organlari, biznes hamjamiyatlari, jamoat tashkilotlari vakillari o‘rtasida aloqalarni kengaytirish va tajriba almashishga ko‘maklashish masalalarini muhokama qiladi.
Muhokamalar yakunlariga koʻra, kelgusi davr uchun Markaziy Osiyo mamlakatlari va Koreya Respublikasi oʻrtasida oʻzaro manfaatli sheriklikni yanada rivojlantirish va samaradorligini mustahkamlash boʻyicha tahlil markazlarining birinchi forumi tavsiyalari tayyorlanadi va qabul qilinadi.