Uchrashuvda O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash, iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, gumanitar almashinuvlarni kuchaytirish hamda ikki mamlakatning tahliliy markazlari o‘rtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish masalalari muhokama qilindi.

Javlon Vahabov O‘zbekiston va Tojikistonning chegara hududlari o‘rtasidagi savdo aloqalarini yo‘lga qo‘yish muhimligini ta’kidladi. Bu esa o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish, chegara hududlari infratuzilmasini rivojlantirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish hamda kichik va o‘rta biznes o‘sishiga turtki bo‘lishi kutilmoqda.

O‘z navbatida, Xayriddin Usmonzoda mintaqa tahliliy markazlari o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish mintaqaviy barqarorlik, barqaror rivojlanish, suv-energetika sohasidagi hamkorlik, shuningdek, Markaziy Osiyodagi ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlar kabi muhim masalalarni chuqur va har tomonlama muhokama qilishga xizmat qilishini qayd etdi. Shu nuqtai nazardan, MOXI va Strategik tadqiqotlar markazi o‘rtasidagi yaqin hamkorlik, ikki tomonlama va mintaqaviy vazifalarni hal etishdagi faoliyat alohida e’tiborga loyiq deb topildi.

Uchrashuv yakunida ikki institut rahbarlari 2025-2026-yillarga mo‘ljallangan Hamkorlik rejasini imzoladilar. Ushbu hujjat akademik hamkorlikni mustahkamlash, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, mintaqaviy masalalarga bag‘ishlangan tadbirlarni tashkil etish va ilmiy nashrlardagi hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan aniq choralarni o‘z ichiga oladi.