Hurmatli Anatoliy Vasilyevich,
Hurmatli hamkasblar, xonimlar va janoblar,
Avvalo, ushbu nufuzli strategik muloqot maydonida ishtirok etish imkoniyati uchun tashkilotchilarga samimiy minnatdorlik bildiraman. «Primakov o‘qishlari» bugungi kunda nafaqat zamonaviy dunyodagi o‘tkir muammolar, balki xalqaro taraqqiyotning uzoq muddatli yo‘nalishlari muhokama qilinadigan muhim formatga aylandi.
Geosiyosiy beqarorlik tobora kuchayib borayotgan sharoitda ochiq va xolis muloqotning ahamiyati yanada ortib bormoqda. Biz o‘zaro hurmat va teng huquqlilik tamoyillariga asoslangan xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladigan jamoaviy, kelishilgan yondashuvlarni ishlab chiqishga muhtojmiz.
- Jahon tartibi inqirozda: tahdidlar va beqarorlik
Jahon xavfsizlik arxitekturasi tizimli inqirozni boshdan kechirmoqda. Xalqaro institutlar degradatsiyasi, xalqaro huquq me’yorlarining zaiflashuvi, nizolar va global siyosatda militarizatsiyaning kuchayishi kuzatilmoqda.
Afg‘onistonda yuqori darajadagi beqarorlik saqlanib qolmoqda, bu esa Markaziy Osiyo davlatlarini ham o‘z ichiga olgan qo‘shni mamlakatlar xavfsizligiga bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda.
Ushbu tahdidlar faqat mojaro hududlari bilan cheklanib qolmayapti. Ular savdo va transport zanjirlarini izdan chiqarmoqda, energetik xavfsizlikka putur yetkazmoqda, inflyatsiya va migratsiya xavflarini kuchaytirmoqda. Bunday sharoitda mintaqa davlatlaridan yuqori darajada moslashuvchanlik, harakatlarni muvofiqlashtirish va hamjihatlikda javob qaytarishga tayyorlik talab etiladi.
- Markaziy Osiyo — mas’uliyat va imkoniyatlar hududi
Shu holatda Markaziy Osiyo muhim va ijobiy namuna namoyon etmoqda. So‘nggi yillarda mintaqa o‘zaro ishonchsizlik va parokandalikdan muloqot, pragmatik sheriklik va o‘zaro integratsiyaning o‘sishi sari yo‘l bosib o‘tdi.
2017-yildan boshlab O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Markaziy Osiyoni tashqi siyosatning asosiy ustuvor yo‘nalishi sifatida belgiladi. Bu tub burilish nuqtasi bo‘ldi. Yaxshi qo‘shnichilik, suverenitetga hurmat va o‘zaro manfaatlarga asoslangan mutlaqo yangi mintaqaviy hamkorlik formati shakllandi.
Bugun Markaziy Osiyo — sezgir masalalar muzokaralar yo‘li bilan hal etiladigan konstruktiv hamkorlik platformasidir. Ikki tomonlama va ko‘p tomonlama mexanizmlarning qayta tiklanishi va faollashuvi taranglikni kamaytirish, ishonchni mustahkamlash hamda qator mintaqaviy loyihalarni amalga oshirish imkonini berdi.
2025-yilda O‘zbekiston Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuviga raislik qilmoqda. Quyidagi ustuvor yo‘nalishlar belgilangan:
- Siyosiy muloqotni chuqurlashtirish — oliy darajadagi muntazam aloqalar va maslahatlashuvlarni institutsionallashtirish;
- Iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish — so‘nggi besh yilda Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi qariyb ikki barobarga oshib, 2023-yilda 10 mlrd AQSh dollaridan oshdi;
- Transport-kommunikatsiya salohiyatini rivojlantirish — O‘zbekiston Sharq–G‘arb (Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston) va Shimol–Janub («O‘zbekiston–Afg‘oniston–Pokiston») yo‘laklarini bog‘lashga qaratilgan loyihalarni ilgari surmoqda;
- Suv va energetik xavfsizlik sohasida hamkorlik — transchegaraviy resurslardan barqaror foydalanish bo‘yicha muzokara mexanizmlari yo‘lga qo‘yilgan;
- Madaniy-gumanitar hamkorlikni chuqurlashtirish — 2024-yilda madaniyat haftaliklari o‘tkazildi, ta’limiy almashinuvlar amalga oshirildi, akademik mobillik va raqamli ta’lim dasturlari joriy etilmoqda.
Alohida ta’kidlayman: transport o‘zaro bog‘liqligi mintaqaning raqobatbardoshligini ta’minlovchi asosiy omilga aylanmoqda. «Mozori Sharif – Kobul – Peshovar» xalqaro transport yo‘lagi yoki Trans-Qozog‘iston magistralining o‘zbek uchastkasi modernizatsiyasi kabi qo‘shma infratuzilma loyihalari mintaqaning jahon logistika zanjirlariga integratsiyasini kuchaytirmoqda.
- Tashqi sheriklar va «MO+» formatlari
Mintaqa nafaqat ichki hamkorlikning tiklanishini, balki tashqi siyosiy subyektlikning oshishini ham namoyon etmoqda. Markaziy Osiyo global va mintaqaviy ishtirokchilar uchun muhim manfaatlar markaziga aylanmoqda.
Hozirgi kunda «MO+» formatida 10 dan ortiq faol muloqot mexanizmlari mavjud: MO+EI, MO+Xitoy, MO+AQSh, MO+Yaponiya, MO+Koreya va boshqalar.
Alohida qayd etaman: ushbu formatlar uchinchi davlatlarga qarshi qaratilmagan. Aksincha, ular aloqalarni diversifikatsiya qilishga, mintaqa davlatlarining barqarorligini oshirishga, xalqaro iqtisodiy va gumanitar imkoniyatlarni kengaytirishga xizmat qiladi.
«MO–Rossiya» formati ham o‘z ahamiyatini saqlab qolmoqda. Markaziy Osiyo Rossiya uchun tahdid manbai emas va bo‘lishi mumkin ham emas. Bizni umumiy manfaatlar va barqaror kelajakka bo‘lgan intilish birlashtiradi.
- Integratsiya tashabbuslari va manfaatlarni uyg‘unlashtirish
Yevrootiyo makonida YOII, SHHT, BRIKS, «Bir kamar — bir yo‘l» kabi turli formatlar mavjud. O‘zbekiston ushbu tashabbuslar o‘zaro raqobat qilmasligi, balki bir-birini to‘ldirishi lozim, deb hisoblaydi.
Bunday uyg‘unlashuvning amaliy misollari allaqachon mavjud: logistika xablari, energetik hamkorlik, qayta tiklanuvchi energiya manbalari sohasidagi «yashil» loyihalar.
- Xulosa va takliflar
Markaziy Osiyo — bu chekka hudud emas, balki mustaqil xalqaro faollik markazidir. Mintaqa ichki birdamlikni mustahkamlab, tashqi siyosiy subyektlikni oshirmoqda.
Shu maqsadda muhim deb hisoblaymiz:
- Strategik tashabbuslarni uyg‘unlashtirish bo‘yicha muloqotni faollashtirish;
- Qarama-qarshilikka asoslangan yondashuvlardan qochish;
- Transchegaraviy tahdidlarga birgalikda javob berish mexanizmlarini yaratish.
Markaziy Osiyo xalqaro instituti kelgusida ham mintaqaviy muloqotni ekspertlik jihatdan qo‘llab-quvvatlashga, hamkorlik platformalarini rivojlantirishga va Markaziy Osiyo davlatlari manfaatlarini global kun tartibida ilgari surishga tayyor.
E’tiboringiz uchun rahmat.