Markaziy Osiyo davlatlari yangiliklari
18.08.2025
|
222
Oʻzbekiston – Qozogʻiston havo aloqalarini kengaytirmoqda
“Markaziy Osiyo – Xitoy” (C5+1) fuqaro aviatsiyasi boʻyicha hamkorlik ishchi guruhi ikkinchi konferensiyasi doirasida Oʻzbekiston va Qozogʻiston aviatsiya idoralari oʻrtasida muzokaralar boʻlib oʻtdi.
Muzokaralar yakunida ikki davlat oʻrtasida muntazam aviaqatnovlar sonini oshirish yuzasidan kelishuvga erishildi. Endilikda ikki mamlakat aviakompaniyalariga Olmaota – Toshkent va Ostona – Toshkent yoʻnalishlarida haftasiga 42 ta parvozgacha, boshqa yoʻnalishlarda esa haftasiga 7 ta parvozgacha amalga oshirishga ruxsat etildi. Barcha yoʻnalishlar toʻliq bajarilgan taqdirda, parvozlar soni 238 tagacha yetkaziladi.
 
Shuningdek, muntazam aviaqatnovlar yoʻnalishlari soni ham kengaytiriladi. Xususan, 2025 yil iyulidan boshlab oʻzbek aviakompaniyasi My Freighter (Centrum Air) Aktau – Nukus yoʻnalishida parvozlarni amalga oshirmoqda, Qozogʻistonning Fly Arystan aviakompaniyasi esa Atyrau – Toshkent yoʻnalishida reyslarni yoʻlga qoʻydi.
 
Tomonlar fuqaro aviatsiyasi sohasida samarali hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyorligini tasdiqladilar.
Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom