Markaziy Osiyo davlatlari yangiliklari
27.08.2025
|
154
Toshkentda Markaziy Osiyo davlatlarining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakillari ilk marta uchrashdi
2025-yil 26-avgust kuni O‘zbekiston tashabbusi bilan Toshkentda Markaziy Osiyo davlatlarining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakillari yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston vakillari qatnashdi.

Uchrashuvda Afg‘oniston masalalarida muntazam muloqot olib borish uchun yangi Aloqa guruhi tashkil etilishi o‘z vaqtida qadam ekanligi ta’kidlandi. Tomonlar mintaqa va Afg‘oniston o‘rtasidagi tarixiy va iqtisodiy aloqalarni inobatga olgan holda, umumiy va muvozanatli yondashuvlarni ishlab chiqish zarurligini qayd etdilar.

Muhokamalarda savdo-iqtisodiy va transport-logistika aloqalarini tiklash, madaniy hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, xavfsizlik sohasida — chegaraviy jinoyatchilik, terrorizm va narkotrafikka qarshi kurash masalalariga e’tibor qaratildi.

Kelgusida bu formatda muntazam uchrashuvlar o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Ushbu jarayon Markaziy Osiyoning Afg‘oniston masalalarida mustaqil pozitsiyasini kuchaytirib, butun makroregionning barqaror rivojlanishiga xizmat qiladi.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom