Anonslar
12.09.2025
|
261
“Markaziy Osiyo – Xitoy Xalq Respublikasi” va Shanxay Hamkorlik Tashkiloti formatidagi Oʻzbekiston-Xitoy hamkorligi” mavzusida MOXIda davra suhbati boʻlib oʻtadi
2025 yil 12 sentyabr kuni Markaziy Osiyo Xalqaro Instituti (MOXI) va Shanxay Xalqaro Tadqiqot Instituti (ShXTI) hamkorligida “Markaziy Osiyo – Xitoy” va Shanxay hamkorlik tashkiloti formatidagi O‘zbekiston-Xitoy hamkorligi: mintaqaviy hamjihatlik yutuqlari va imkoniyatlari” mavzusida davra suhbati oʻtkazadi.

Tadbir «MO–Xitoy» va ShHT formatlari doirasida Oʻzbekiston va Xitoy o‘rtasidagi strategik hamkorlikni muhokama qilish uchun muhim platforma boʻlib xizmat qiladi. Muhokamalar Astanada va Tyandjinda oʻtkazilgan sammitlar natijalari hamda ularning Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlik va barqaror rivojlanish jarayonlariga ta’siriga qaratiladi.

Davra suhbati doirasida ishtirokchilar siyosiy, iqtisodiy, madaniy va gumanitar sohalardagi hamkorlikning hozirgi holati va istiqbollarini koʻrib chiqadilar. Muhokamalar mintaqaviy xavfsizlik masalalari, ekspert platformalarini rivojlantirish, yoshlar tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash hamda barqaror oʻsish mexanizmlarini takomillashtirish masalalariga qaratiladi.

Uchrashuvda ikki mamlakat diplomatik korpus vakillari, shuningdek etakchi tahliliy markazlar, oliy ta’lim muassasalari va ommaviy axborot vositalari (OAV) vakillari ishtirok etishi kutilmoqda.

Tadbir yakunida MOXI va ShXTI oʻrtasida hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan Memorandum imzolanishi kutilmoqda.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom