Elchi Yuy Szyun Janobi Oliylari,
Hurmatli Prezident Chen Dongsiao,
Hurmatli hamkasblar, xonimlar va janoblar,
Prezident Dongsiao va Shanxay xalqaro tadqiqotlar akademiyasining hurmatli delegatsiyasini Toshkent shahrida qabul qilish biz uchun katta sharaf va faxrdir. Tadbirimizda ishtirok etayotgan elchi Yuy Szyun janoblariga, shuningdek, boshqa barcha ishtirokchilarga chuqur minnatdorlik bildiramiz.
Avvalo, Xitoylik hamkasblarimizni Xitoy xalqining bosqinchilarga qarshi urushda va Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 80 yilligi, Tyanszin shahrida Shanxay Hamkorlik Tashkiloti sammitining muvaffaqiyatli o‘tkazilishi hamda Pekinda bo‘lib o‘tgan buyuk G‘alaba paradining samarali tashkil etilishi bilan chin dildan tabriklayman. Bularning barchasi yana bir bor butun dunyoga Xitoyning buyukligi, salohiyati va global tinchlik hamda taraqqiyotni ta’minlashdagi asosiy o‘rnini ko‘rsatdi.
Bugungi davra suhbatini Markaziy Osiyo xalqaro instituti va Shanxay xalqaro tadqiqotlar akademiyasi hamkorligida tashkil etganimizdan mamnunmiz. Ushbu uchrashuv bizga Oʻzbekiston–Xitoy hamkorligining bugungi holati va kelajakdagi istiqbollari boʻyicha fikr almashish imkoniyatini yaratmoqda.
Shanxay xalqaro tadqiqotlar akademiyasi xalqaro munosabatlar sohasida Xitoyning yetakchi tadqiqot markazlaridan biri sifatida keng e’tirof etilgan. Siyosatga yoʻnaltirilgan tadqiqotlarga bagʻishlangan keng koʻlamli tajribasi va uzoq yillik faoliyati natijasida SHXTA nafaqat Xitoyda, balki xalqaro miqyosda ham yuksak obroʻga ega boʻlgan ilmiy markazdir. Biz institutlarimiz oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri hamkorlik oʻrnatish va uni mustahkamlash imkoniyatini yuksak qadrlaymiz. Bu esa Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasidagi ilmiy va amaliy siyosiy muloqotni yanada boyitishga xizmat qiladi.
Joriy yilda SHXTA bilan ilk bor onlayn shaklda hamkorlik bitimini imzoladik. Bu Shanxaydagi aql markazlari bilan imzolangan birinchi shartnomadir. Bugun esa ayni imkoniyatdan foydalanib, ushbu bitimni rasman imzoladik va aniq loyihalar hamda tadbirlarni oʻz ichiga olgan qoʻshma harakatlar rejasini ham qabul qildik. Ishonchim komilki, bu kelgusidagi hamkorligimizni amaliy jihatdan yanada faollashtirishga xizmat qiladi.
Hurmatli hamkasblar,
So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi munosabatlar sifat jihatidan yangi va misli ko‘rilmagan bosqichga ko‘tarildi. Bunda muhim voqea sifatida 2024-yil yanvar oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xitoyga davlat tashrifini alohida ta’kidlash lozim. Ushbu tashrif davomida Prezidentimiz va Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni yangi davr uchun har qanday sharoitda bardavom bo‘ladigan ikki tomonlama strategik sheriklik darajasiga olib chiqdilar.
Bu tarixiy voqeadan so‘ng hamkorligimiz yanada faol tus oldi. Savdo va investitsiyalar sohasidagi natijalar bunga yaqqol misoldir. 2017-yildan beri o‘zaro savdo hajmi uch baravarga oshib, 14 milliard AQSH dollariga yetdi. Endilikda bu raqamni 20 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha aniq, barqaror va erishish mumkin bo‘lgan maqsad belgilangan. Shu bilan birga, Xitoyning O‘zbekistonga kiritgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalari umumiy hajmi bugungi kunga kelib 24,6 milliard AQSH dollaridan oshdi. Ushbu sarmoyalar energetika, sanoat, infratuzilma va ilg‘or texnologiyalar sohalaridagi strategik loyihalarni qo‘llab-quvvatlamoqda.
Sherikligimiz gumanitar yo‘nalishda ham shunchalik muhim ahamiyat kasb etmoqda. Toshkent va Samarqand shaharlaridagi Konfutsiy institutlari til o‘rganish va madaniy almashinuv bo‘yicha muhim markazlarga aylangan. Ular Xitoyni chuqur biladigan xitoyshunoslar va mutaxassislarning yangi avlodini yetishtirib chiqarmoqda.
2025-yil iyun oyida mamlakatlarimiz o‘rtasida o‘zaro vizasiz tartib joriy etilishi esa xalqlarimiz o‘rtasidagi bevosita aloqalar uchun yangi imkoniyatlar ochdi — bu esa biznes hamkorlik, turizm va akademik almashinuvlar rivojiga xizmat qilmoqda.
Yaqinda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xitoyga rasmiy tashrifi ham bu yo‘nalishda muhim bosqich bo‘ldi. Ushbu tashrif davomida davlatimiz rahbari Tyanszin shahrida o‘tgan Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT) sammitida ishtirok etdi hamda Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin bilan muzokaralar o‘tkazdi. Ushbu tashrif o‘zbek-xitoy strategik sherikligini yanada chuqurlashtirishga xizmat qildi.
Hurmatli hamkasblar,
Ushbu jadal taraqqiyot, albatta, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning strategik qarashlari va tinimsiz sa’y-harakatlarisiz amalga oshmagan bo‘lardi. Aynan ularning o‘zaro sadoqati va shaxsiy yetakchiligi tufayli o‘zbek-xitoy munosabatlari misli ko‘rilmagan darajadagi ishonch, sheriklik va o‘zaro taraqqiyot bosqichiga ko‘tarildi.
Xitoy bilan hamkorlik bugungi kunda O‘zbekiston va butun Markaziy Osiyo mintaqasi uchun iqtisodiy modernizatsiya va barqaror rivojlanishning muhim omiliga aylanmoqda. O‘zbekiston, o‘z navbatida, “Yagona Xitoy” tamoyiliga qat’iy amal qiladi va Xitoyning mintaqaviy tashabbuslarimiz, jumladan, “Markaziy Osiyo sheriklik ruhi”ni ilgari surishdagi doimiy qo‘llab-quvvatlovini yuqori baholaydi.
Shu nuqtai nazardan, bugungi davra suhbati alohida ahamiyat kasb etadi. Uning kun tartibi mintaqaviy hamkorlikning eng dolzarb ustuvor yo‘nalishlarini aks ettirish va ikki tomonlama hamda ko‘p tomonlama taraqqiyot bo‘yicha tizimli muloqotni yo‘lga qo‘yish maqsadida puxta ishlab chiqilgan.
Birinchi sessiya Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan ikkinchi “Markaziy Osiyo – Xitoy” sammiti natijalariga bag‘ishlanadi.
Mazkur yangi platforma allaqachon o‘zining dolzarbligini isbotlab berdi — u rivojlanish strategiyalarini uyg‘unlashtirish, transport va energetika sohalarida o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash, savdo, innovatsiya va madaniy almashinuv yo‘nalishlarida hamkorlikni kengaytirish uchun muhim mexanizmga aylandi.
Shu munosabat bilan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sammit doirasida qator muhim tashabbuslarni ilgari surdi. Jumladan, sammitda qabul qilingan “Abadiy yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma”ning tarixiy ahamiyatini alohida ta’kidlagan holda, Shavkat Mirziyoyev aniq mexanizmlar va loyihalarni o‘z ichiga olgan Uzoq muddatli sheriklik konsepsiyasini ishlab chiqish va qabul qilishni taklif etdi.
Bugungi muhokamalar ushbu formatning yaratayotgan imkoniyatlarini yoritish bilan birga, yetakchilarimiz tomonidan ilgari surilgan ulkan tashabbuslarning amaliy va o‘zaro manfaatli loyihalarga aylanishi uchun hal etilishi lozim bo‘lgan muammolarni ham tahlil qilish imkonini beradi.
Ikkinchi sessiya Tyanszin shahrida bo‘lib o‘tgan Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlari kengashining 25-yig‘ilishi natijalarini tahlil qilishga bag‘ishlanadi.
Mazkur muhim bosqich SHHT doirasida ko‘p tomonlama muloqot umumiy xavfsizlik tahdidlariga qarshi kurashish, iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish hamda madaniy va gumanitar aloqalarni mustahkamlashdagi muhim o‘rnini yana bir bor tasdiqladi.
O‘zbekiston Prezidenti SHHT sammitida Si Szinpin raisligi ostida ilgari surilgan global boshqaruv tashabbusini qo‘llab-quvvatladi, shuningdek, Yadro xavfsizligi to‘g‘risida deklaratsiya qabul qilish, Ichki ishlar vazirlari uchrashuvlarini qayta tiklash hamda SHHT–Afg‘oniston aloqalar guruhi faoliyatini faollashtirish takliflarini ilgari surdi.
Umuman olganda, ushbu ikki sessiya bizga erishilgan yutuqlarni ko‘rib chiqish, o‘zlashtirilgan saboqlarni baholash va ikki tomonlama hamda mintaqaviy hamkorlik uchun yangi yo‘nalishlarni belgilash imkonini beradi. Shuningdek, bu siyosiy majburiyatlarni aniq amaliy harakatlarga aylantirish va O‘zbekiston, Xitoy hamda Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi sheriklikni pragmatik, muvozanatli va uzoq muddatli qarashga asoslangan model sifatida davom ettirishga xizmat qiladi.
Qadrli do‘stlar,
O‘zbekiston Prezidentining Shanxay Hamkorlik Tashkiloti sammitiga bag‘ishlangan va Xitoy ommaviy axborot vositalarida chop etilgan maqolasida ta’kidlanganidek, O‘zbekiston – Xitoy hamkorligi mintaqaviy barqarorlik, farovonlik va barqaror o‘sishga hissa qo‘shayotgan pragmatik va muvozanatli sheriklikning namunaviy modeliga aylanmoqda. Milliy strategiyalarimizni uyg‘unlashtirib, ikki tomonlama va ko‘p tomonlama formatlarda hamkorlik qilish orqali biz xavfsiz va taraqqiy etayotgan mintaqani barpo etishga xizmat qilmoqdamiz.
Ishonchim komilki, bugungi davra suhbati muhim tahlillar va amaliy tavsiyalar bilan boyitiladi. Bu nafaqat institutlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro anglashuvni chuqurlashtiradi, balki O‘zbekiston – Xitoy strategik sherikligini yanada mustahkamlash va mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirishga ham o‘z hissasini qo‘shadi.
Xulosa o‘rnida, Prezident Chen Dongsiao janoblariga va SHXTAdagi barcha hamkasblarga ushbu tadbirda ishtirok etganlari uchun chin dildan minnatdorchilik bildirmoqchiman. Kelgusidagi hamkorligimiz va mamlakatlarimiz hamda mintaqamiz manfaatlariga xizmat qiladigan qo‘shma tashabbuslarning rivojlanishini intiqlik bilan kutaman.
E’tiboringiz uchun rahmat.