Uchrashuv, Oʻzbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi oʻrtasida Ittifoqchilik munosabatlari toʻgʻrisidagi Shartnoma imzolanganiga 20 yil toʻlishi arafasida oʻtkazilgani sababli alohida ahamiyat kasb etdi. Ushbu hujjat ikki tomonlama hamkorlikni izchil rivojlantirish va mintaqaviy strategik hamkorlikni mustahkamlash uchun mustahkam asos boʻlib xizmat qilmoqda.
Davra suhbatida MOXI va RSTI vakillari, shuningdek, Rossiya Federatsiyasining diplomatik korpusi, yetakchi ilmiy-tadqiqot muassasalari va tahliliy markazlar vakillari ishtirok etdi.
Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori J.Vaxabov tadbirni ochib, Rossiya bilan ekspertlik darajasidagi muloqotni rivojlantirish ikki tomonlama hamda mintaqaviy hamkorlikni kengaytirishda muhim oʻrin tutishini taʼkidladi. Uning soʻzlariga koʻra, ikki davlatning tahliliy tuzilmalari fikr almashish, umumiy yondashuvlarni ishlab chiqish va uzoq muddatli hamkorlik kun tartibini shakllantirish uchun muhim platformaga aylanmoqda.
RSTI direktori M.Fradkov oʻz nutqida Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasidagi hamkorlik izchil rivojlanib borayotganining muhim omillaridan biri davlat rahbarlari oʻrtasidagi ishonchli va konstruktiv munosabatlar ekanini qayd etdi. Uchrashuvlar sonining koʻpligi barcha ustuvor sohalarda — iqtisodiyot, investitsiyalar va gumanitar masalalarda — hamkorlik dinamikasini belgilydi. M.Fradkov, shuningdek, ekspertlar darajasidagi muloqot oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish uchun amaliy tavsiyalar tayyorlashda muhim vosita boʻlib xizmat qilayotganini alohida taʼkidladi.
Rossiyaning Oʻzbekistondagi elchisi A.Erxov ekspertlik tavsiyalariga davlat idoralarining amaliy faoliyatida talab yuqori ekanini va bu tavsiyalar xavflarni oldindan aniqlashga yordam berishini aytdi. Mutaxassislar oʻrtasidagi doimiy muloqot davlatlararo hamkorlikni qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirishning muhim vositasi boʻlishi mumkinligi taʼkidlandi.
Tadbir davomida savdo-iqtisodiy hamkorlik masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Rossiyaning Oʻzbekistondagi savdo vakili K.Zligostevning aytishicha, bu yoʻnalish ikki tomonlama aloqalarning asosiy drayveri boʻlib qolmoqda. 2025-yilning dastlabki sakkiz oyida oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi 5,5% ga oʻsgan. Yil yakuniga koʻra bu koʻrsatkich 12 milliard dollardan oshishi kutilmoqda. Mavjud surʼat saqlanib qolinsa, 2030-yilgacha tovar ayirboshlash hajmini 30 milliard dollarga yetkazish boʻyicha maqsadga erishish mumkin, deya hisoblaydi diplomat.
Tadbirda madaniy-gumanitar hamkorlik masalalari ham muhim mavzu boʻldi. «Россотрудничество» vakolatxonasi rahbari I.Staroselskaya taʼkidlaganidek, taʼlim, fan va madaniyat sohasidagi qoʻshma loyihalar xalqlar yaqinlashuvi uchun zamin yaratadi va yosh avlodni doʻstlik va oʻzaro anglash ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi.
Moskva Davlat xalqaro munosabatlar instituti (МГИМО) Toshkent filiali direktori A.Abduvahitov Rossiya taʼlim dasturlariga boʻlgan talab yuqoriligini aytib, Rossiya universitetlarining filiallariga ham hukumat kvotalarini qoʻllashni, shuningdek, Rossiya universitetlari jurnallarini Oʻzbekistonda nashr etishni taklif etdi.
Afgʻonistondagi vaziyatga toʻxtalar ekan, RTSI direktorining bosh maslahatchisi I.Borovkov bu mamlakatdagi barqarorlik mintaqada xavfsizlik va barqaror rivojlanish uchun asosiy omil boʻlib qolayotganini taʼkidladi. Uning fikricha, Afgʻoniston muammosiga kompleks yondashuvsiz mintaqada uzoq muddatli barqarorlikka erishishning imkoni yoʻq.
Shu nuqtai nazardan, Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti eksperti R.Mahmudov Oʻzbekiston va Rossiyaning tahliliy doiralari oʻrtasida hamkorlik oʻrnatish va Afgʻonistondagi ichki jarayonlarni birgalikda chuqur tahlil qilish zarurligini qayd etdi. Uning qarashiga koʻra, bunday yondashuv investitsion faoliyat uchun potensial xavflarni aniqlashga, shuningdek, muhim iqtisodiy loyihalarning amalga oshirilishiga taʼsir qilishi mumkin boʻlgan tahdidlarni minimallashtirish choralarini ishlab chiqishga yordam beradi.
Uchrashuv yakunida mutaxassislar Toshkent va Moskva oʻrtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish mintaqaviy barqarorlikni mustahkamlash, qoʻshma iqtisodiy va infratuzilmaviy loyihalarni rivojlantirish, madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirishga xizmat qilishini taʼkidladilar. Ayniqsa, sanoat kooperatsiyasi, energetika, transport aloqalari, mehnat migratsiyasi va taʼlim almashinuvi masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Tadbir ochiq va konstruktiv ruhda oʻtdi, bu esa Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasidagi ittifoqchilik va strategik hamkorlikni chuqurlashtirish boʻyicha bir qator ekspert tavsiyalarini ishlab chiqishga imkon berdi — xususan, sanoat kooperatsiyasi, energetika, transport, migratsiya siyosati va taʼlim sohalarida.