Tadbirda dunyoning turli mintaqalaridan taxminan 200 nafar ekspert va rasmiy shaxslar ishtirok etdi. Ular orasida Singapurning sobiq tashqi ishlar vaziri J. Yo, Avstraliyaning sobiq Bosh vaziri T. Ebbott, Chexiya sobiq prezidenti V. Klaus, Budapeshtdagi TDT ofisi direktori B. Hendrikh, Buyuk Britaniya Lordlar palatasi a’zosi D. Frost, Yevroparlament a’zosi F. Ledjer va boshqalar bor edi.
Vaxabov “Globallashuvdan keyin nima keladi? Savdo, texnologiyalar va yangi iqtisodiy tartib” mavzusidagi sessiyada nutq so‘zlab, zamonaviy Markaziy Osiyoning global siyosiy va iqtisodiy o‘zgarishlar sharoitidagi o‘rni haqida batafsil so‘z yuritdi.

Xususan, MOXI direktori ta’kidlashicha, zamonaviy geosiyosat ko‘p qutblilik va davlatlarning mustaqil harakat qilishga intilishi sharoitida shakllanmoqda. Markaziy Osiyo esa muvozanat va pragmatizm tamoyillariga tayangan holda dunyoning yetakchi davlatlari bilan barqaror va ishonchli munosabatlarni yo‘lga qo‘yishga intilmoqda.
Qayd etilganidek, Rossiya MDH, KXSHT va YOII mexanizmlari orqali iqtisodiyot va xavfsizlik sohasida eng muhim hamkor bo‘lib qolmoqda. O‘z navbatida, Xitoy yetakchi savdo sherigi pozitsiyasini egalladi. Xitoy bilan o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi, jumladan, "Bir makon, bir yo‘l " tashabbusi doirasidagi infratuzilma va transport bog‘liqligi loyihalari hisobiga 95 milliard AQSH dollariga yaqinlashdi. AQSH birinchi navbatda, xavfsizlik va texnologiya hamkori sifatida o‘z ahamiyatini saqlab qolmoqda, Yevropa Ittifoqi esa investitsiyalar, jumladan, keng ko‘lamli "Global darvoza" dasturi doirasida 12 milliard yevro sarmoya kiritish orqali o‘z ishtirokini mustahkamlamoqda.

Shuningdek, 2022-yildan buyon Markaziy Osiyoga kiritilgan investitsiyalar hajmini uch barobarga oshirgan Fors ko‘rfazi davlatlari bilan hamkorlikka alohida e’tibor qaratilayotganligi ta’kidlandi. Ushbu mamlakatlar o‘z sa’y-harakatlarini qayta tiklanuvchi energetika, logistika va islomiy moliyaviy instrumentlarga yo‘naltirgan.
J.Vaxabov ayni sharoitda Markaziy Osiyo uchun strategik ustunlikka aylangan O‘rta koridorning ahamiyati keskin oshib borayotganligini qayd etdi. MOXI direktori ta’kidlaganidek, mintaqa infratuzilmani modernizatsiya qilish va tranzit siyosatlarini muvofiqlashtirishga faol sarmoya kiritmoqda. Bu esa mintaqaning “quruqlikdagi yopiq holatini” muhim “raqobatbardosh ustunlik”ka aylantirmoqda. Natijada, Yevropa – transport yo‘llarining diversifikatsiyasini, Xitoy – “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusining ishonchli davomiyligini, Turkiya esa – Yevroosiyo darvozasi sifatidagi o‘rnini mustahkamlashga erishmoqda.
Xulosa o‘rnida, MOXI direktori O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi yaxshi qo‘shnichilik siyosatining ahamiyatiga alohida to‘xtalib o‘tdi. Unga ko‘ra, dunyoning turli hududlarida qo‘shni davlatlar o‘rtasidagi ko‘plab mojarolar fonida, ishonch, muloqot va o‘zaro hurmatga asoslangan Markaziy Osiyo mintaqaviy birlashuv tajribasi nafaqat mintaqaning tarixiy yutug‘i, balki global miqyosda muhim preventiv diplomatiya namunasi hisoblanadi.