Markaziy Osiyo davlatlari yangiliklari
13.11.2025
|
49
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Markaziy Osiyo yangi davr ostonasida” maqolasidagi asosiy fikr-mulohazalar:
MARKAZIY OSIYO YANGI DAVR OSTONASIDA

✅ Mintaqaviy jipslashuv jarayoni bu — o‘z-o‘zidan paydo bo‘lib qolgan jarayon emas, balki umumiy taqdiri va birgalikda taraqqiy etish salohiyatini anglab yetgan mamlakatlarimiz yetakchilarining aniq maqsadga qaratilgan sa’y-harakatlari va siyosiy irodasi natijasidir.

✅ Oldimizda erishilgan kelishuvlarni fuqarolar va biznes uchun aniq natija va qulayliklarga aylantirishdek strategik vazifa turibdi

✅ Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari nisbatan qisqa muddatda mintaqaviy hamkorlik va ishonchli muloqotning samarali mexanizmiga aylandi.

✅ Bo‘lajak Toshkent sammiti barqaror, o‘zaro bog‘liq va farovon Markaziy Osiyoni birgalikda barpo etishda yangi muhim bosqichni boshlab beradi.

✅ Mintaqa yetakchilari ko‘p yillar mobaynida birinchi marta tashqi vositachilarsiz tizimli va muntazam muloqotni boshladilar. Bu ishonchga, ochiqlik va umumiy manfaatlarni anglashga asoslangan yangicha siyosiy tafakkur ramziga aylandi.

✅ Qo‘shnichilik — xavf emas, imkoniyat, bir tarafning muvaffaqiyati — barchaning yutug‘i degan yagona mintaqaviy makonga mansublik hissi shakllanmoqda.

✅ Mana shunday ishonch, o‘zaro anglashuv va umumiy kelajak ruhi bugungi kunda mintaqaviy jipslashuvni yana-da mustahkamlash, ya’ni barqaror va o‘zaro bog‘liq, farovon Markaziy Osiyoni birgalikda barpo etish bo‘yicha Markaziy Osiyo jarayonini boshlash uchun eng muhim tayanch asosdir.

✅ Yangi Markaziy Osiyo tinchlik, barqaror taraqqiyot va yaratuvchan sheriklik yo‘lini tanlamoqda. Ramziy ma’noda aytganda, biz devor emas, ko‘prik barpo etmoqdamiz.

✅ Markaziy Osiyo xalqaro munosabatlarning o‘z manfaatlari va taraqqiyot yo‘llarini aniq tasavvur etadigan mustaqil va mas’uliyatli ishtirokchisi sifatida qaror topdi.

✅ “Markaziy Osiyo plyus” hamkorlik formatlari mintaqaning xalqaro huquqiy subyekt sifatidagi mavqei kuchayib borayotganining ifodasi hamda barqarorlik va taraqqiyotning muhim markazi sifatidagi rolining e’tirofi bo‘ldi.

✅ Afg‘oniston bilan bog‘liq masalalarni hal etmasdan turib, mintaqaviy barqarorlikni mustahkamlab bo‘lmaydi. Bu mamlakat umumiy mintaqamizning bir chekkasida emas, balki uning tabiiy bir qismidir. Butun Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlikning mustahkam bo‘lishi ko‘p jihatdan Afg‘onistonning tiklanishi va rivojlanishiga bog‘liq.

✅ O‘zaro hamkorlikni rivojlantirish suverenitet, teng huquqlilik va ichki ishlarga aralashmaslik borasidagi mustahkam poydevor asosida amalga oshirilishi lozim. Hech kim mintaqa mamlakatlariga begona modellarni tiqishtirmasligi yoki milliy tuzilmalardan ustun turadigan tuzilmalarni yaratmasligi lozim.

✅ Markaziy Osiyodagi hamkorlik ixtiyoriy, pragmatik va mamlakatlarimiz xalqlariga foyda keltiradigan real natijalarga yo‘naltirilgan bo‘lib qolishi kerak.

✅ O‘zbekiston uchun mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish taktik tanlov emas, balki Markaziy Osiyo kelajagi uchun umumiy mas’uliyatni anglashdan kelib chiqadigan ongli strategik qarordir.

✅ Mintaqamizda kechayotgan jarayonlar — bu ongli va ortga qaytmas tanlov.

✅ Biz xalqaro hamjamiyatga tinch va bunyodkor hamkorlikning vaqt va hayot sinovidan o‘tgan — ishonch, yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro qo‘llab-quvvatlashga asoslangan o‘z modelimizni taklif etmoqdamiz.

Batafsil: https://president.uz/oz/lists/view/8653 

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom