Konferentsiyalar
13.12.2025
|
44
MOXI vakili Shanxayda bo‘lib o‘tgan xalqaro konferensiyada ishtirok etdi
Joriy yilning 4-5-dekabr kunlari Shanxay shahrida Shanxay xalqaro tadqiqotlar akademiyasi (SHXIA) tomonidan tashkil etilgan «Jahon tartiboti inqirozda: tuzatish yoki yangidan qurish?» mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Konferensiyada Avstraliya, Ozarbayjon, Hindiston, Indoneziya, Xitoy, Koreya, Pokiston, Singapur, AQSH, Fransiya va boshqa mamlakatlarning yetakchi tadqiqot markazlari rahbarlari va ekspertlari ishtirok etdi. O‘zbekiston tomonidan ushbu yig‘ilishda MOXI direktori o‘rinbosari Sherzod Fayziyev qatnashdi.

Uchrashuvda ishtirokchilar jahon siyosatidagi asosiy o‘zgarishlar va ko‘p qutbli dunyoning shakllanishi, xalqaro tashkilotlar va institutlarning roli, Global Janub mamlakatlari ta’sirining kuchayishi, shuningdek, xalqaro barqarorlikni mustahkamlashda mintaqaviy mexanizmlar va platformalarning ahamiyatini muhokama qildilar.

Anjuman davomida ishtirokchilarga Markaziy Osiyoda kechayotgan jarayonlar, O‘zbekistonning Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuviga raisligi yakunlari va joriy yil noyabr oyida Toshkentda bo‘lib o‘tgan 7-sammitning asosiy qarorlari haqida ma’lumot berildi.

O‘z navbatida, ekspertlar mintaqa davlatlarining ichki mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash va o‘zlarining ijobiy kun tartibini ilgari surdilar. Shu bilan birgalikda mintaqa mamlakatlarining o‘zaro hamjihatlikda ishlashi uchun institutsional mexanizmlarni yanada mustahkamlash muhim ekani ta’kidlandi. Markaziy Osiyoning xalqaro jarayonlarning mustaqil subyekti sifatidagi roliga alohida e’tibor qaratildi.

Anjuman yakunida ishtirokchilar jahon siyosatida ro‘y berayotgan o‘zgarishlar va shakllanayotgan tendensiyalarni birgalikda tahlil qilish uchun xalqaro ekspertlar muloqotini davom ettirish zarurligini ta’kidladilar.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom