Hurmatli Janob Elchilar!
Hurmatli davra suhbati ishtirokchilari!
Aziz do‘stlar!
Avvalo, barchangizni yana bir bor samimiy qutlab, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining 7-maslahat uchrashuvi yakunlariga bag‘ishlangan davra suhbatida ishtirok etayotganingiz uchun chin dildan minnatdorlik bildiraman.
Toshkentda bo‘lib o‘tgan uchrashuv yakunlarini, mening fikrimcha, bugunoq tarixiy deb baholash mumkin, shakllangan hamkorlik formati esa mintaqaviy hamkorlik maqsadlarini ilgari surish nuqtayi nazaridan dolzarb, o‘ziga xos va samarali ekanini ko‘rsatdi.
Mamlakatlarimiz rahbarlari o‘rtasidagi ochiq muloqot va birgalikdagi amaliy sa’y-harakatlar tufayli biz “Yangi Markaziy Osiyo”ni — umumiy maqsadlar, vazifalar va ustuvor yo‘nalishlarga ega yagona mintaqani barpo etish yo‘liga chiqmoqdamiz.
Hurmatli ishtirokchilar!
Albatta, sammit yakunlari bo‘yicha muhokama qilingan va qabul qilingan barcha yo‘nalishlar hamda tashabbuslarni faqatgina mening bugungi chiqishim doirasida qamrab olish imkonsiz.
Shu bois bugun bunday imkoniyat Markaziy Osiyo va Ozarbayjonning diplomatik missiyalari rahbarlari — hurmatli elchilarga taqdim etiladi. Ishonchim komilki, ular erishilgan natijalar va hamkorlikning keyingi istiqbollari borasida o‘z qarashlari bilan o‘rtoqlashadilar.
O‘z navbatida, ushbu imkoniyatdan foydalanib, men o‘tgan uchrashuvning, mening nazarimda, strategik burilishlarni aks ettiruvchi va kelgusidagi harakatlarimiz algoritmini belgilovchi bir qator muhim yutuqlariga e’tiboringizni qaratmoqchiman.
Avvalo, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Ozarbayjonni Maslahat uchrashuvlar formatiga to‘laqonli ishtirokchi sifatida qo‘shish to‘g‘risidagi qarorini alohida ta’kidlash lozim. Endi biz oltitamiz. Bu esa shunchaki raqam emas, balki mintaqaviy dolzarb vazifalarni hal etish uchun yangi imkoniyatlarni ochib beruvchi muhim qadamdir.
Ozarbayjonning Markaziy Osiyo bilan yaqin hamkorligi bizga Yevropa va Yaqin Sharq mamlakatlariga chiqish imkonini beruvchi zarur transport va energetika infratuzilmasiga ega Janubiy Kavkaz bilan barqaror aloqalarni shakllantirish imkonini beradi. Bu transport yo‘laklarini rivojlantirish, tranzit xatarlarini kamaytirish, energetika loyihalarini muvofiqlashtirish va boshqa ko‘plab yo‘nalishlarda yangi imkoniyatlar yaratadi.
Mintaqalararo hamkorlikning kengayishi muhim geosiyosiy ahamiyatga ham ega, chunki bu mintaqaning global maydondagi umumiy siyosiy salmog‘ini sezilarli darajada mustahkamlaydi. O‘zaro bog‘liqlik kuchayib borayotgan sharoitda hamkorlar doirasining kengayishi yanada barqaror va moslashuvchan mintaqaviy hamkorlik arxitekturasini shakllantirish, umumiy kun tartibini samaraliroq ilgari surish imkonini beradi. Shu tariqa, Toshkent sammiti Baku shahrini C6 formatiga kiritgan holda Markaziy Osiyoning geostrategik qayta anglanishiga yangi turtki berdi. Yangi platforma keng xalqaro hamkorlikka asoslangan kelajak haqidagi umumiy tasavvurni aks ettiradi.
Hamkorlikni institutsionallashtirish yo‘lida amalga oshirilayotgan qadamlarni ham kam ahamiyatli deb bo‘lmaydi.
Hurmatli Prezidentimiz Shavkat Miromonovich tomonidan ilgari surilgan Maslahat uchrashuvlar formatini “Markaziy Osiyo Hamjamiyati”ga aylantirish tashabbusi kelishuvlarni tizimli ravishda amalga oshirishga qodir barqaror tuzilmani shakllantirishga qaratilgan. Shu orqali olti davlat siyosiy, iqtisodiy, ekologik va boshqa sohalarda o‘z rivojlanish yo‘lini mustaqil belgilovchi suveren aktorlar sifatidagi mustaqilligini namoyon etmoqda.
Toshkent uchrashuvi mintaqaviy hamkorlik uchun mustahkam platforma yaratmoqda. Yanada integratsiyalashgan mintaqaviy formatni barpo etish barcha olti davlatga har qanday potensial hamkorlar bilan muzokaralarda kengroq imkoniyatlar taqdim etadi.
Sammit davomida shartnoma-huquqiy bazani mustahkamlash, rotatsiya asosida faoliyat yuritadigan Kotibiyatni ta'sis etish, milliy muvofiqlashtiruvchilar maqomini oshirish, Oqsoqollar kengashini ta’sis etish bo‘yicha takliflar ham ilgari surildi.
Shuningdek, savdo-iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash, umumiy investitsion va raqamli makonni rivojlantirish, infratuzilmani yaxshilash hamda mintaqaning suv resurslaridan oqilona foydalanishga qaratilgan chora-tadbirlar majmuasi ham muhim ahamiyatga ega.
Muhimi shundaki, davlat rahbarlari tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar o‘rta va uzoq muddatli istiqbolga yo‘naltirilgan. Ular alohida tashabbuslardan qo‘shma loyihalarni izchil amalga oshirishga o‘tish imkonini beruvchi “tayanch asosini”ni shakllantiradi.
Bugun biz mintaqaning tarixiy tiklanishi ostonasida turibmiz. Shu bilan birga, mamlakatlarimiz yondashuvi majburiyatsiz, bosqichma-bosqich integratsiya, har bir davlatning o‘ziga xos jihatlariga hurmat asosida yagona va o‘zaro bog‘liq mintaqaviy makonni shakllantirishga qaratilgan.
Barcha sa’y-harakatlar, shubhasiz, bizni “barqaror, xavfsiz va farovon Markaziy Osiyoni barpo etishdek umumiy maqsadimiz”ga yanada yaqinlashtiradi.
Ko‘rib turganimizdek, Markaziy Osiyo mamlakatlari deklaratsiyalardan mazmunli amaliy qadamlar sari o‘tib, mintaqaviy birlashuvni kuchaytirmoqda.
Hurmatli mehmonlar!
Markaziy Osiyo izchil ravishda joriy vazifalarni hal etishga yo‘naltirilgan hududdan aniq rivojlanish istiqboliga ega strategik hamkorlik makoniga aylanmoqda.
Qabul qilingan qarorlar va bildirilgan takliflar mintaqaning institutsional mexanizmlarini mustahkamlash, iqtisodiy va madaniy aloqalarni kengaytirish, xavfsizlik va barqaror rivojlanishni ta’minlash uchun mustahkam asos yaratmoqda.
Xalqaro sheriklar bilan hamkorlik va “MO+” formatlaridagi ishtirok alohida ahamiyat kasb etmoqda, chunki ular Markaziy Osiyo sa’y-harakatlarini global jarayonlarga integratsiya qilish imkonini beradi.
Bugun bu yerda diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etmoqda. Biz O‘zbekiston tomonidan olib borilayotgan siyosatni qo‘llab-quvvatlashingizga va mintaqamizni rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslarni ilgari surish hamda amalga oshirishda faol ishtirok etishingizga umid qilamiz. Biz ishonamizki, “bizning kuchimiz — birlikda, muvaffaqiyat sari yo‘limiz — do‘stlik va hamkorlikdadir”.
Xulosa qilib aytganda, Markaziy Osiyo yetuklik, strategik tafakkur va umumiy maqsadlarga erishish yo‘lida sa’y-harakatlarni birlashtira olish qobiliyatini namoyon etmoqda. Aynan mana shu izchil va uyg‘un harakat mintaqamizning barqaror rivojlanishining kafolati bo‘lib xizmat qiladi.
E’tiboringiz uchun rahmat.