Hurmatli Gulshat Geldiyevna,
Hurmatli Shiri Akoyliyevich,
Hurmatli davra suhbati ishtirokchilari!
Avvalo, Turkmaniston Tashqi ishlar vazirligining Xalqaro munosabatlar instituti va Xalqaro munosabatlar institutining Strategik tadqiqotlar ilmiy markaziga delegatsiyamizni taklif etib, bugungi tadbirni a’lo darajada tashkil etganligi uchun minnatdorlik bildirishga ijozat bersangiz.
Turkmaniston poytaxtiga tashrifimiz davomida go‘zal va mehmondo‘st Ashxobod shahrining me’moriy qiyofasi hamda barcha sohada erishilgan ulkan natijalarga bo‘lgan yuksak e’tirofimizni izhor etishga ruxsat bersangiz.
Qadrli do‘stlar,
Garchi biz Turkmanistonga tashrif buyurish va ushbu «davra suhbati»ni tashkil etishni bir yil avval rejalashtirgan bo‘lsak-da, bugun uning o‘tkazilishi har qachongidan ham o‘z vaqtida ekanligini alohida ta’kidlash joiz. Bir oydan so‘ng Toshkentda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining 7-Maslahat uchrashuvi, ikki oydan so‘ng esa Ashxobodda qardosh Turkmanistonning doimiy Betarafligining 30 yilligiga bag‘ishlangan Tinchlik va ishonch xalqaro forumi va boshqa tantanalar bo‘lib o‘tadi.
Bu bizga, birinchidan, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlash masalalarini batafsil muhokama qilish uchun qulay imkoniyat beradi. Keyingi yillarda O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi 2017-yilda asos solingan strategik sheriklik munosabatlari ikki davlat etakchilarining shaxsiy diqqat-e’tibori va muntazam muloqotlari tufayli yangi bosqichga ko‘tarildi. Birgina 2025-yilda Turkman xalqining milliy yetakchisi Gurbanguli Myalikguliyevich Berdimuhamedovning O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyev bilan uch marta uchrashuvi bo‘lib o‘tdi – Samarqandda mazmunli muzokaralar olib borildi va bir qator bitimlar imzolandi; BMTning dengizga chiqish yo‘liga ega bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha Uchinchi konferensiyasi doirasida; shuningdek, Avazada bo‘lib o‘tgan "Ozarbayjon - Turkmaniston - O‘zbekiston" uch tomonlama sammiti doirasida tashkil etilgan uchrashuvlar strategik sherikligimiz izchil va tizimli ekanligini yana bir bor tasdiqladi.
Oliy darajadagi bunday jadal muloqotlar O‘zbekiston va Turkmanistonning ko’p tomonlama hamkorlikni kengaytirishga bo‘lgan intilishi qat’iy ekanligini yaqqol tasdiqlaydi. Bugungi kunda ikki tomonlama munosabatlar siyosiy va parlamentlararo muloqotdan tortib, savdo, transport, energetika, suv xo‘jaligi, madaniy-gumanitar almashinuvgacha bo‘lgan barcha muhim yo‘nalishlarda faol va tizimli rivojlanmoqda.
Ikkitomonlama savdo hajmi oshib borayotganligi o’zaro hamkorligimiz samaradorligining muhim ko‘rsatkichiga aylanmoqda. Mamlakatlar o‘rtasidagi o’zaro tovar ayirboshlash hajmi allaqachon 1 milliard dollardan oshdi va tomonlar yaqin yillarda bu ko‘rsatkichni 2 milliard dollarga yetkazishni maqsad qilganlar. Joriy yilning fevral oyidan boshlab «Shovot–Dashoguz» uchastkasida erkin savdo rejimi yo‘lga qo‘yildi, bu esa tovar va xizmatlar harakatini sezilarli darajada yengillashtirmoqda.
Ikkinchidan, mintaqamizdagi hamkorlik masalalari, jumladan, O‘zbekiston va Turkmanistonning Markaziy Osiyo hamkorligiga qo‘shayotgan hissasi hamda «Markaziy Osiyo+» formatlarida dunyoning yetakchi davlatlari bilan o‘zaro aloqalari yuzasidan fikr almashish imkoniga egamiz. Muhtaram Gurbanguli Myalikguliyevichning 2019-yilda O‘zbekistonga amalga oshirgan tarixiy tashrifini mintaqaviy sherikligimiz rivojida muhim bosqich deb hisoblaymiz. Aynan ushbu tashrif tufayli Toshkentda o‘tgan mintaqa davlatlari rahbarlarining 2-Maslahat uchrashuvi, mohiyatan, Markaziy Osiyoning besh mamlakati barcha yetakchilari ishtirok etgan ushbu formatdagi ilk uchrashuvga aylandi.
O‘zbekiston Ashxobodning mintaqaviy hamkorlik borasidagi faol yondashuvini yuksak baholab, uni rivojlantirishga qaratilgan Turkmanistonning g‘oyat muhim tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlaydi. Xususan, joriy yilda Turkmaniston tomonidan ilgari surilgan «Markaziy Osiyoda tinchlik, ishonch va hamkorlik makoni to‘g‘risida»gi shartnoma loyihasi alohida e’tiborga loyiqdir. Ushbu loyiha turkmanistonlik sheriklarimizning mintaqa davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvidagi raisligimiz doirasida ilgari surayotgan umumiy maqsadlarimizga qo‘shgan muhim hissasi sifatida baholaymiz.
Shu munosabat bilan mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish, Maslahat uchrashuvlari formatining samaradorligini oshirish va dunyoning yetakchi mamlakatlari bilan "Markaziy Osiyo+" formatidagi hamkorlikni faollashtirish masalalari yuzasidan ham fikr almashmoqchiman.
Uchinchidan, biz Xalqaro tinchlik va ishonch yili, shuningdek, Turkmaniston doimiy Betarafligining 30 yilligini nishonlash doirasida Ashxobodning asosiy xalqaro tashabbuslarini muhokama qilishimiz mumkin.
Bugungi kunda Ashxobod o‘zining tizimli va ko‘p qirrali diplomatiyasini, ayniqsa, BMT hamda uning ixtisoslashgan tuzilmalari bilan yo‘lga qo‘yilgan samarali sherikligini xalqaro maydonda ishonch bilan namoyish etmoqda. Jumladan, Ashxobodda joylashgan Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya mintaqaviy markazi ko‘p yillardan buyon mamlakatlarimizning BMT bilan hamkorligini mustahkamlash bo‘yicha butun mintaqa uchun manfaatli ishlarni amalga oshirib kelmoqda.
Shuningdek, Turkmaniston BMT Bosh Assambleyasi minbaridan turib nafaqat Ashxobod tomonidan ishlab chiqilgan tashabbuslarni ilgari surmoqda, balki mamlakatimiz va Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari tomonidan taqdim etilgan loyihalarning qabul qilinishiga ham faol ko‘maklashmoqda.
Bu borada, Turkmaniston diplomatiyasining ustuvor yo‘nalishlarini, ijobiy betaraflik siyosatining o‘ziga xos jihatlarini hamda xalqaro maydonda milliy manfaatlarni ilgari surish borasidagi tajribangizni yanada chuqur anglash biz uchun katta amaliy ahamiyatga egadir.
Ushbu masalalar bo‘yicha o‘zaro hamjihatlikni yanada mustahkamlash BMT va boshqa xalqaro maydonlarda ikki tomonlama va mintaqaviy hamkorligimizni kengaytirishga xizmat qilishi mumkin.
Bundan tashqari, ijobiy betaraflik tashqi siyosatining amalga oshirilishi Turkmanistonning jadal rivojlanishi va uning yuksak xalqaro nufuzini ta’minlash imkonini berganini ta’kidlash lozim. Mamlakat rahbariyatining iqtisodiyotni yangilash va fuqarolar turmush tarzini yaxshilashga qaratilgan izchil siyosati munosib hurmatga sazovor.
Xulosa o‘rnida, mamlakatlarimizda bo‘lib o‘tadigan yirik tadbirlar - Toshkentda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining 7-Maslahat uchrashuvi hamda Turkmaniston doimiy Betarafligining 30 yilligiga bag‘ishlangan Tinchlik va ishonch xalqaro forumiga samarali fikr almashish, shuningdek, foydali, amaliy takliflar bildirishni tilab qolaman.
E’tiboringiz uchun rahmat.