Nutqlar
09.02.2026
|
214
MOXI direktorining XIFA bilan hamkorlikda o‘tkazilgan simpoziumdagi nutqi
2026-yil 29-yanvar, Toshkent

Hurmatli Akademiya Prezidenti janob Gao Syan,

Hurmatli Raxim Rasuljonovich,

Muhtaram Janobi Oliylari, Elchi Yu Tsyun,

Hurmatli simpozium ishtirokchilari,

Avvalo, xitoylik mehmonlarimiz va ilmiy forumimizning barcha ishtirokchilarini Markaziy Osiyo xalqaro institutida samimiy qutlaymiz.

“Global transformatsiya va davlat boshqaruvi” simpoziumi mavzusining ahamiyatini alohida ta’kidlashni xohlardim. Dunyo haqiqatdan ham global transformatsiya jarayonidan o‘tmoqda. Xitoy Raisi Si Szinpin so‘zlari bilan aytganda, “oxirgi 100 yilda bo‘lmagan o‘zgarishlar” yuz bermoqda.

Geosiyosiy keskinlik kuchayib, qurolli mojarolar va geoiqtisodiy noaniqliklar ortib borayotgan bugungi sharoitda barcha davlatlar uchun xavfsizlikni ta’minlash va barqaror rivojlanishga erishish maqsadida davlat boshqaruvini mustahkamlash eng muhim strategik vazifaga aylanmoqda.

Davlatlarimizni modernizatsiya qilish uchun eng qulay shart-sharoitlarni yaratishga qaratilgan ochiq va pragmatik tashqi siyosat olib borish yana bir ustuvor yo‘nalish bo’lib qolmoqda. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston uchun Markaziy Osiyoda xavfsizlik va rivojlanishni mustahkamlashga qiziqish bildirgan barcha davlatlar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish muhimdir. Xitoy Xalq Respublikasi biz uchun ana shunday ishonchli hamkordir.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston–Xitoy munosabatlari siyosiy muloqot va xavfsizlikdan tortib savdo-iqtisodiy hamkorlik va madaniy-gumanitar almashinuvlarga qadar barcha muhim sohalarni qamrab olqan holda barqaror rivojlanib bormoqda.

Ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi muntazam siyosiy muloqot bu ikki tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirishning asosiy omili bo‘ldi.

2024-yil yanvar oyida Prezident Shavkat Mirziyoyevning Xitoyga davlat tashrifi chog‘ida bizning munosabatlarimiz yuqori bosqichga ko‘tarilib, yangi davrda barcha sharoitda ishonchli va har tomonlama strategik sheriklik darajasiga yetdi.

2025-yil sentabr oyida Pekinda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston va Xitoy rahbarlarining muvaffaqiyatli muzokaralari hamkorligimizning sezilarli darajada chuqurlashganligidan yaqqol dalolat beradi.

Umuman olganda, O‘zbekiston–Xitoy hamkorligi bizning barqaror rivojlanishimizga xizmat qiladigan pragmatik sheriklikning modeliga aylanishiga barcha asoslar bor.

Markaziy Osiyo xalqaro instituti uchun yangi yilni xitoylik hamkorlar bilan yirik tadbir bilan boshlash yaxshi an’anaga aylangan. 2026-yilni Xitoy ijtimoiy fanlar akademiyasi bilan birgalikda ochib, strategik sheriklikni chuqurlashtirish bo‘yicha muhim takliflar ishlab chiqilishni ushbu ilmiy forumning natijasi sifatida kutib qolamiz.

Tadbir dasturida rejalashtirilgan 4 sho‘bada quyidagi masalalar muhokama qilinadi:

1) global transformatsiya masalalari va mamlakatlarimiz o‘rtasida davlat boshqaruvi tajribasini almashish;

2) iqtisodiy hamkorlikning yangi o‘sish yo‘nalishlari

3) O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi bog‘liqlik va raqamli transformatsiya omili sifatida sun’iy intellektni rivojlantirish;

4) Markaziy Osiyo–Xitoy formati doirasida hamkorlik va davlatlarimiz rivojlanish strategiyalarini uyg‘unlashtirish.

Simpoziumning muvaffaqiyatli o‘tkazilishini, qiziqarli ma’ruzalar va strategik sherikligimizni yanada chuqurlashtirish bo’yicha foydali takliflar bo‘lishini tilayman.

Etiboringiz uchun rahmat.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom