Muhtaram Xayriddin Usmonzoda,
Muhtaram ishtirokchilar, aziz mehmonlar!
Xush kelibsiz!
O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi ittifoqchilik munosabatlarini chuqurlashtirish masalalari hamda ularning mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashdagi o‘rniga bag‘ishlangan bugungi tadbirda sizlarni qutlash biz uchun katta sharafdir.
Uchrashuvning barcha ishtirokchilariga, avvalo ko‘pchiligi bugungi tadbirga onlayn formatda qo‘shilgan tojikistonlik hamkasblarimizga, shuningdek, tadbirda bevosita ishtirok etayotgan barcha mehmonlarga samimiy minnatdorlik izhor etaman.
Ma'naviy poklanish, mehr-shafqat, o'zaro yordam va insonlar o'rtasidagi birodarlik rishtalarini mustahkamlash davri bo'lgan muqaddas Ramazon oyida o'tkazilayotgani bugungi uchrashuvga alohida ruhiy muhit bag'ishlaydi. Ushbu qadriyatlar ming yillik tarix, umumiy madaniyat va ko'p asrlik yaxshi qo'shnichilik an'analari bilan bog'langan O'zbekiston va Tojikiston xalqlariga ayniqsa yaqin.
Bugun biz, shuningdek, tabiatning yangilanishi, tinchlik va totuvlik ramzi bo'lgan qadimiy Navro'z bayrami arafasida yig‘ilganmiz. Bu go’zal bayram, azaldan Markaziy Osiyo xalqlarini o'zaro anglashuv, do'stlik va bunyodkorlik g'oyalari atrofida birlashtirib keladi.
Ishonchim komilki, konferensiyamizning aynan shunday muhim davrda o‘tkazilishi unga qo‘shimcha ma’no va ramziylik bag‘ishlaydi hamda o‘zaro ishonchni mustahkamlash, muloqotni kengaytirish va O'zbekiston - Tojikiston hamkorligini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.
Hurmatli hamkasblar!
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmonning qat'iy siyosiy irodasi va o'zaro ishonchi tufayli ikki mamlakat o'rtasidagi hamkorlik so'nggi yillarda jadal rivojlanib, savdo, investitsiyalar, transport, energetika, sanoat kooperatsiyasi, shuningdek, gumanitar va madaniy aloqalar kabi barcha muhim sohalarni qamrab olgan.
2024-yilda Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomaning imzolanishi ikki tomonlama o'zaro hamkorlikda sifat jihatidan yangi bosqichi uchun mustahkam asos yaratdi. Tojikiston O‘zbekiston bilan ittifoqchilik munosabatlari o‘rnatgan to‘rtinchi davlatga aylandi.
So'nggi yillarda yaqin o'zaro hamkorlik natijasida savdo-iqtisodiy sohada ham ijobiy o'sish kuzatilmoqda. Jumladan, 2025-yil yakunlariga ko'ra ikki davlat o'rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 912 million AQSH dollarini tashkil etib, o'tgan yilga nisbatan 30 foizga oshdi. Oliy darajadagi ikki tomonlama muzokaralar davomida o'zaro savdo hajmini 2 milliard AQSH dollariga yetkazish bo'yicha kelishuvga erishildi.
Shu bilan birga, investitsiya va sanoat hamkorligi ham faol rivojlanmoqda. Bugungi kunda mamlakatimizda 410 dan ortiq qo'shma korxona faoliyat yuritib, iqtisodiyotning muhim tarmoqlarida 100 dan ortiq loyihani amalga oshirmoqda. Hududlararo hamkorlik kengayib, ikki davlat ishbilarmon doiralari o'rtasidagi kooperatsiya aloqalari mustahkamlanmoqda. Bu esa uzoq muddatli va barqaror sheriklik uchun muhim asos yaratmoqda.
Mazkur Shartnoma doirasida savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada kengaytirish, transport va aviatsiya qatnovi sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, viza hamda chegara tartib-taomillarini soddalashtirish, shuningdek madaniy-gumanitar almashinuvni faollashtirish bo‘yicha qator kelishuvlarga erishildi.
Ushbu choralar fuqarolarimiz hayotini sezilarli darajada yengillashtirib, xalqlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro anglashuvni yanada mustahkamladi. Chegaradan o‘tish tartibining soddalashtirilishi rasmiy jarayonlarga ketadigan vaqtni keskin qisqartirib, ishbilarmonlik va turistik almashinuvlarning rivojlanishiga zamin yaratdi.
2025-yilda O‘zbekistonga qariyb 11,7 million nafar xorijiy sayyoh tashrif buyurganligi, bu esa 2024-yilga nisbatan 47 foizga ko‘pligi buning yaqqol tasdig‘idir. Ulardan 2,7 million nafardan ortig’ini Tojikiston fuqarolari tashkil etib, ikkinchi o‘rinni egalladi.
Shu bilan birga, aviaqatnovlar soni ham sezilarli darajada oshdi. Agar 10 yil avval haftasiga bitta reys amalga oshirilgan bo‘lsa, bugungi kunda Toshkent, Samarqand va Dushanbe shaharlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri qatnovlarni o‘z ichiga olgan 10 tagacha muntazam yo’nalishlar mavjud.
Madaniyat va ta’lim sohalaridagi hamkorlik ham izchil rivojlanib bormoqda. O‘zbekistonda Respublika tojik milliy madaniy markazi va uning 9 ta viloyatdagi hududiy bo‘linmalari faoliyat ko‘rsatmoqda. 253 ta maktabda tojik tilida ta’lim olib borilmoqda, shuningdek, oliy ta’lim muassasalarida tojik tilida o‘qitiladigan guruhlar tashkil etilgan.
Ommaviy axborot vositalarida tojik tilida 4 ta bosma nashr, 5 ta teleko‘rsatuv va 30 taga yaqin radio dastur efirga uzatilmoqda. 2025-yilda O'zbekiston vakillari Dushanbe shahrida o'tkazilgan Navro'z Butunjahon yoshlar festivalida ishtirok etdilar. Shuningdek, Alisher Navoiy nomidagi O'zbekiston Davlat akademik katta teatri vakillari Sadriddin Ayniy nomidagi teatr sahnasida o'z san'atlarini namoyish qildilar. Bu ikki mamlakat o'rtasidagi ikki tomonlama madaniy hamkorlikning yangi bosqichini boshlab berdi.
Bundan tashqari, Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiyga haykallari Samarqand va Dushanbe shaharlarida o'rnatilganligi O'zbekiston va Tojikiston xalqlari o'rtasidagi tarixiy va ma'naviy aloqalarning ramzi hisoblanadi.
Ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirish ham alohida ahamiyat kasb etmoqda. O‘zbekiston va Tojikiston Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvlari, ShHT, MDH hamda BMT kabi mintaqaviy hamda xalqaro tashkilotlar doirasida faol hamkorlik qilmoqda.
Ayniqsa Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvlari doirasidagi hamkorlik muhim ahamiyatga ega. Tojikiston mazkur maslahat uchrashuvlarini o‘tkazish tashabbusini birinchilardan bo‘lib qo‘llab-quvvatlagan davlatlardan biridir. Shu nuqtai nazardan, 2023- yilda Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan beshinchi maslahat uchrashuvi muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.
Mazkur uchrashuvda davlat rahbarlarining kelishuvlarini tayyorlash va amalga oshirishning doimiy mexanizmi sifatida Milliy muvofiqlashtiruvchilar kengashini ta'sis etish to'g'risida qaror qabul qilindi. Ushbu mexanizmning ishga tushirilishi Maslahat uchrashuvlari formatiga tizimli tus berish va birgalikda ilgari surilgan tashabbuslarni amalga oshirishda izchillikni ta'minlash imkonini berdi. Shuningdek, parlamentlararo muloqot va Xavfsizlik kengashlari kotiblari darajasida muntazam uchrashuvlar yo'lga qo'yilgan.
Ushbu rivojlanishning mantiqiy davomi sifatida O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston yetakchilari tomonidan Abadiy do’stlik to’grisidagi Xo‘jand deklaratsiyasining qabul qilinishi, global beqarorlik sharoitida mintaqa mamlakatlarining birgalikda qaror qabul qilish va samarali tinchlikni ta’minlash salohiyatini namoyish qildi.
Jahon hamjamiyati va xalqaro tashkilotlar ushbu deklaratsiyani imzolanishini samarali mintaqaviy diplomatiya va qo‘shni davlatlar o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlashning namunasi sifatida iliq kutib oldilar.
E’tiborlisi shundaki, Xo‘jandda “O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston o'rtasidagi uch davlat chegaralari tutashgan nuqta to‘g‘risidagi shartnoma” imzolanganidan so‘ng qisqa vaqt ichida rasmiy tarzda “XXI asrda Markaziy Osiyoni rivojlantirish maqsadlarida do'stlik, yaxshi qo'shnichilik va hamkorlik to'g'risidagi shartnoma”ga qo‘shildi. Bu esa mintaqa davlatlarining kelishilgan harakatlari uchun huquqiy va tashkiliy asosni yanada kengaytirdi.
Aziz do‘stlar,
Shu nuqtai nazardan, tahliliy markazlar davlat hokimiyati bilan ekspertlar o‘rtasida ko‘prik vazifasini bajarib, tadqiqotlarni strategik qarorlar uchun aniq tavsiyalarga aylantiradi.
Bizning Institutimiz Tojikiston Strategik tadqiqotlar markazi bilan faol hamkorlikni davom ettirmoqda. Alohida ta’kidlash joizki, 2024-yilda Dushanbe shahrida tashkil etilgan “O‘zbekiston va Tojikiston: strategik hamkorlik va ittifoqchilikning yangi istiqbollari” xalqaro konferensiyasi aynan O‘zbekiston Prezidentining Tojikistonga davlat tashrifi oldidan o‘tkazildi.
Mazkur tadbir strategik tashabbuslarni muhokama qilish va O‘zbekiston-Tojikiston kun tartibini yanada rivojlantirish bo‘yicha aniq takliflarni tayyorlash uchun muhim platforma bo‘ldi.
Bugungi uchrashuv ham ikki tomonlama va ko‘p tomonlama o’zaro hamkorlikning muhim masalalarini muhokama qilish, shuningdek mamlakatlarimiz o‘rtasidagi strategik sherillik va ittifoqchilikni yanada rivojlantirish uchun amaliy qadamlarni belgilash imkonini beradi.
Hurmatli konferensiya ishtirokchilari,
O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi aloqalar ishonch va siyosiy iroda mavjud bo‘lsa, hatto eng murakkab masalalar ham yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro hurmat ruhida hal etilishi mumkinligini yaqqol namoyon etmoqda. Bugun oldimizda ittifoqchilikning erishilgan darajasini nafaqat ikki mamlakat, balki butun Markaziy Osiyo taraqqiyotining uzoq muddatli resursiga aylantirishdek yanada ulkan vazifa turibdi.
Ishonchim komilki, bugungi munozara xuddi ilmiy-amaliy konferensiya formati talab qilganidek mazmunli va amaliy yo‘naltirilgan bo‘ladi.
Barcha ishtirokchilarga samarali ish, jasoratli g‘oyalar va konstruktiv fikr almashinuvini tilayman.
O‘zbekiston va Tojikiston hamkorligi farovonlikka yo‘l ochsin!
E’tiboringiz uchun rahmat!