Hurmatli xonimlar va janoblar, davra suhbati ishtirokchilari!
Bugungi davra suhbatini tashkil etish tashabbusi uchun Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik Dasturi (CAREC) Instituti jamoasiga hamda shaxsan Charymuhammet Shallyevga o‘z samimiy minnatdorligimni bildiraman. Mazkur tadbir O‘zbekistonning CAREC Dasturi doirasidagi iqtisodiy hamkorligi istiqbollari, CAREC Dasturining Markaziy Osiyoda iqtisodiy integratsiya jarayonlarini ilgari surishdagi o‘rni, shuningdek, Xitoyning aholining zaif qatlamlari kambag‘allikka qaytishining oldini olish borasidagi tajribasini o‘rganishga bag‘ishlangan.
O‘zbekiston mamlakatda iqtisodiyotni liberallashtirish, investorlar uchun qulay muhit yaratish, global qo‘shilgan qiymat zanjirlaridagi ishtirokni kengaytirish, hududlarda ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini tubdan yangilash, shuningdek, aholining hayot sifatini oshirishga qaratilgan islohotlarni amalga oshirishga katta ahamiyat qaratmoqda.
Mazkur o‘zgarishlarni muvaffaqiyatli amalga oshirishda xalqaro moliya institutlari, jumladan, Osiyo taraqqiyot banki (OTB), Islom taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Jahon banki hamda Xalqaro valyuta jamg‘armasi kabi tashkilotlar salmoqli hissa qo‘shmoqda.
Shuni alohida ta’kidlashni istardimki, 2026-yil O‘zbekiston uchun amalda mamlakatning moliyaviy-investitsiyaviy salohiyatini mustahkamlash yili bo‘ldi. Buni Samarqand shahrida OTB Boshqaruvchilar kengashining 59-yillik yig‘ilishining o‘tkazilganligi, Toshkent shahrida 5-Xalqaro investitsiya forumining tashkil etilganligi, shuningdek, O‘zbekiston milliy kompaniyalari aksiyalarining London fond birjasida muvaffaqiyatli ommaviy joylashtirilganligi ham tasdiqlaydi.
CAREC Dasturi doirasidagi loyihalarni amalga oshirishda muhim o‘rin tutadigan OTBining roli alohida e’tiborga loyiqdir. Mazkur bank keng ko‘lamli islohotlar va ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlarni amalga oshirishda O‘zbekistonning ishonchli strategik hamkoriga aylandi. Bugungi kunga qadar OTB bilan hamkorlikdagi loyihalar portfeli 16 mlrd AQSh dollariga yetdi. Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan OTB Boshqaruvchilar kengashi yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha imzolangan, umumiy qiymati 12,5 mlrd AQSh dollarini tashkil etuvchi O‘zbekiston va OTB o‘rtasidagi yangi hamkorlik dasturi sheriklikni yanada kengaytirish uchun katta istiqbollar ochmoqda.
O‘zbekiston va boshqa Markaziy Osiyo mamlakatlarining rivojlanish strategiyalarini amalga oshirishda CAREC Dasturi muhim o‘rin tutadi. Mazkur dastur Markaziy, Sharqiy, Janubiy Osiyo hamda Janubiy Kavkaz mamlakatlarining iqtisodiy salohiyatini modernizatsiya qilish va kengaytirishga salmoqli hissa qo‘shmoqda.
Bugungi kunda CAREC Dasturi doirasida O‘zbekistonda umumiy qiymati 14 mlrd AQSh dollaridan ortiq bo‘lgan 44 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Ushbu loyihalarning eng katta ulushi 24 ta loyihani qamrab oluvchi transport-logistika sohasiga to‘g‘ri keladi. Mazkur yo‘nalish doirasida CAREC transport yo’laklari tarmog‘iga kiruvchi avtomobil va temir yo‘llarning katta qismi “2, 3, 5 va 6-koridorlar” loyihalari doirasida modernizatsiya qilindi.
Hamkorlikni kengaytirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlarni “Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston” temir yo‘lining qurilishi ochib bermoqda. Mazkur loyiha “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi doirasidagi Xitoy–Markaziy Osiyo–G‘arbiy Osiyo iqtisodiy koridori tarkibida hududlararo transport bog‘liqligini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi mumkin.
Biz Andijon viloyatini ushbu yo‘nalishning muhim qismi sifatida ko‘ramiz. Mazkur hudud Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘l liniyasining yakuniy nuqtasi, shu bilan birga, mamlakat ichida va butun Markaziy Osiyo mintaqasida yuklar harakatining boshlang‘ich nuqtasi hisoblanadi.
Shu munosabat bilan, Andijon viloyatida logistika markazlari va quruqlik portlarini tashkil etish “Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston” temir yo‘li orqali yuk oqimlariga samarali xizmat ko‘rsatish, mamlakat ichida hamda undan keyin Yevropa va Yaqin Sharq yo‘nalishlarida tovarlarning uzluksiz harakatini ta’minlashda hal qiluvchi omil bo‘lishi mumkin.
Hurmatli hamkasblar!
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashi yig‘ilishida so‘zlagan nutqida transport yo’laklarining barqaror faoliyatini ta’minlash muhimligini alohida ta’kidladi.
Shu nuqtayi nazardan, davlat rahbarining CAREC Dasturi doirasida “Raqamli bojxona va logistika alyansi”ni tashkil etish tashabbusi o‘z vaqtida ilgari surilgan tashabbus sifatida namoyon bo‘lmoqda. Uning amalga oshirilishi bojxona tartib-taomillarini uyg‘unlashtirish, hujjatlar aylanishini raqamlashtirish hamda transchegaraviy yuk tashuvlarini sezilarli darajada soddalashtirish imkonini beradi.
O‘zbekistonning CAREC Dasturi bilan hamkorligi energetika sohasida ham salmoqli natijalarni namoyon etmoqda. Mazkur yo‘nalishga dastur investitsiya portfelining qariyb 40% yoki 5,1 mlrd AQSh dollari to‘g‘ri keladi. Kelgusidagi hamkorlikning eng istiqbolli yo‘nalishlaridan biri qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish hisoblanadi.
Bugungi kunda O‘zbekiston ushbu sohada to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha Markaziy Osiyoda yetakchi o‘rinlarni egallab kelmoqda. 2003–2025-yillar davrida mintaqadagi qayta tiklanuvchi energetika sohasiga kiritilgan barcha xorijiy investitsiyalarning 56% O‘zbekiston hissasiga to‘g‘ri kelib, ularning umumiy hajmi qariyb 18 mlrd AQSh dollarini tashkil etdi.
Biz CAREC Instituti tomonidan O‘zbekistonning qayta tiklanuvchi energetikani rivojlantirish borasidagi salmoqli salohiyati e’tirof etilayotganini yuksak qadrlaymiz. Institut tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot doirasida mamlakatimiz ushbu yo‘nalishda mintaqadagi yetakchi davlatlardan biri sifatida qayd etildi, shuningdek, “Investitsiyalarni qo‘llab-quvvatlash dasturi” uchun pilot mamlakat sifatida tanlandi.
Mazkur dastur doirasida ishlab chiqilgan amaliy tavsiyalar investitsiya muhitini yanada takomillashtirish, yangi investitsiyalarni jalb etish hamda O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mintaqasida qayta tiklanuvchi energetikaning barqaror rivojlanishini ta’minlashga xizmat qiladi.
Hurmatli do‘stlar!
Bugungi tadbir alohida ahamiyatga ega, chunki u CAREC Dasturining 25 yillik yubiley yili doirasida o‘tkazilmoqda. Fursatdan foydalanib, barcha ishtirokchi davlatlarni, rivojlanish bo‘yicha hamkorlarni hamda ushbu yillar davomida CAREC Dasturining rivojlanishiga o‘z hissasini qo‘shib kelayotgan barcha tomonlarni samimiy muborakbod etmoqchiman.
Alohida minnatdorlik so‘zlarimni mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishda muhim ishtirokchilardan biri bo‘lgan, CAREC Dasturi maqsadlarini amalga oshirishga salmoqli hissa qo‘shayotgan CAREC Institutiga bildirmoqchiman.
Shuni alohida ta’kidlamoqchimanki, Markaziy Osiyo xalqaro instituti CAREC Instituti bilan yaqin hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyor. Ushbu hamkorlikning mustahkam asosi sifatida tashkilotlarimiz o‘rtasida imzolangan o‘zaro anglashuv memorandumi xizmat qilmoqda. Biz ekspertlar maslahatlashuvlarini faol tashkil etish, yosh tadqiqotchilar o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish hamda qo‘shma tadbirlarni o‘tkazishga tayyormiz.
Mazkur hamkorlik doirasida biz qo‘shma tadqiqot faoliyatini rivojlantirish, jumladan, Markaziy Osiyoda sun’iy intellektdan foydalanish istiqbollarini o‘rganish, “yashil moliyalashtirish” imkoniyatlarini tahlil qilish, shuningdek, qishloq xo‘jaligi sohasida suvni tejovchi yechimlarni joriy etish masalalarini tadqiq etishni rejalashtirmoqdamiz.
Markaziy Osiyoda qayta tiklanuvchi energetikani rivojlantirish uchun mavjud keng imkoniyatlarni hisobga olgan holda, CAREC Instituti tomonidan tayyorlangan Markaziy Osiyoda qayta tiklanuvchi energetika sohasidagi investitsiya ekotizimiga bag‘ishlangan ma’ruzada keltirilgan asosiy xulosalar va tavsiyalarni inobatga olib, ushbu yo‘nalishda mintaqaviy ekspertlar hamkorligini yanada faollashtirishni taklif etamiz.
Hurmatli ishtirokchilar!
Mamlakatimizda xalq farovonligini oshirish va aholi turmush darajasini yaxshilash masalalari davlat siyosatining eng muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib, strategik rejalashtirish jarayonlarining asosini tashkil etadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashi yig‘ilishidagi nutqida so‘nggi yillarda mamlakat iqtisodiyotiga 150 mlrd AQSh dollari miqdorida xorijiy investitsiyalar jalb qilinganligini, minglab zamonaviy korxonalar tashkil etilganligini ta’kidladi. Tovar va xizmatlar eksporti 3 barobarga oshdi, yalpi ichki mahsulot hajmi esa 50 mlrd dollardan 147 mlrd dollarga yetdi.
Shuningdek, islohotlar jarayonida asosiy e’tibor har bir oila va har bir insonning hayot sifatini yaxshilashga qaratilayotganligi alohida qayd etildi. Ehtiyojmand 8,5 mln nafar fuqarolarning daromadlari oshirildi hamda kambag‘allik darajasi qariyb 35% dan 5,8%gacha kamaytirildi.
“O‘zbekiston–2030” strategiyasi doirasida hukumat iqtisodiyot hajmini 240 mlrd AQSh dollaridan oshirish, aholi jon boshiga daromad darajasi yuqori o‘rta daromadli mamlakatlar qatoriga kirish hamda kambag‘allikni to‘liq bartaraf etishni maqsad qilgan.
Hurmatli hamkasblar!
Xitoy, shubhasiz, mamlakatimiz va butun Markaziy Osiyo mintaqasining rivojlanishida nihoyatda muhim o‘rin tutadi. Xitoy Xalq Respublikasi O‘zbekistonning eng yirik savdo hamkorlaridan biri hisoblanadi.
Muhim ko‘rsatkichlardan biri sifatida mamlakatimizda Xitoy kapitali ishtirokidagi korxonalar sonining sezilarli darajada oshganini qayd etish mumkin. Ularning soni 2023-yildagi 2,1 mingtadan 2026-yilda 5,2 mingtaga yetdi. 2025-yilda Xitoy investitsiyalarining O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritilgan hajmi 15,8 mlrd AQSh dollarini tashkil etdi va ushbu ko‘rsatkichni 21 mlrd AQSh dollariga yetkazish vazifasi qo‘yilgan. Ushbu maqsadga 2024-yilda ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi kelishuvlar asosida Toshkent shahrida faoliyat boshlagan Xitoy Eksimbankining mintaqaviy ofisi faoliyati ham ko‘maklashadi.
Ikki tomonlama hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlaridan biri ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish va aholi farovonligini oshirish sohasidagi hamkorlik hisoblanadi.
Xitoy ushbu yo‘nalishda katta natijalarga erishdi. 2012–2020-yillar davrida kambag‘allikka qarshi manzilli kurash dasturini amalga oshirish natijasida qishloq hududlarida yashovchi 100 mln nafarga yaqin (98,9 mln) aholi kambag‘allik chegarasidan chiqarildi. Mutlaq kambag‘allik bartaraf etilgandan so‘ng, bugungi kunda asosiy e’tibor kambag‘allikka qaytishning oldini olish, aholi daromadlarini oshirish hamda qishloq hududlarini kompleks rivojlantirish masalalariga qaratilmoqda.
O‘zbekiston uchun ushbu tajriba katta qiziqish uyg‘otadi. Ayniqsa, aholiga manzilli yordam ko‘rsatish, qishloq iqtisodiyotini rivojlantirish va tadbirkorlikni rag‘batlantirish borasidagi Xitoy yondashuvlari alohida ahamiyatga ega. Bunday usullarni milliy xususiyatlarni hisobga olgan holda moslashtirish aholi ijtimoiy-iqtisodiy farovonligini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Ushbu yo‘nalishdagi hamkorlikni rivojlantirishga 2026–2027-yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida kambag‘allikni qisqartirish sohasidagi hamkorlik bo‘yicha Qo‘shma harakatlar rejasi muhim amaliy turtki beradi.
Uning amalga oshirilishi kambag‘allikni qisqartirish borasidagi tajriba almashinuvini yo‘lga qo‘yish, qishloq hududlarini rivojlantirishning zamonaviy yondashuvlarini joriy etish hamda aholi bandligini oshirishga xizmat qiladi.
Hurmatli ishtirokchilar!
Strategik hamkorlikni mustahkamlashning muhim istiqbollari “Markaziy Osiyo – Xitoy” mintaqaviy hamkorlikning yangi formatini rivojlantirish bilan bog‘liq. Sian va Ostona shaharlarida bo‘lib o‘tgan sammitlarning muvaffaqiyatli o‘tkazilishi natijasida qisqa vaqt ichida mazkur mexanizmning institutsional va me’yoriy-huquqiy asoslari faol shakllantirilmoqda.
Shu nuqtayi nazardan, Urumchi shahrida “Markaziy Osiyo – Xitoy” formatida kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha hamkorlik markazi hamda Yerlarning degradatsiyasiga qarshi kurashish bo‘yicha hamkorlik markazi tashkil etilgani alohida ahamiyat kasb etadi. Ishonchim komilki, ushbu muassasalar mintaqa davlatlarining Xitoy bilan ham ikki tomonlama, ham mintaqaviy hamkorligini rivojlantirishda muhim drayverlardan biriga aylanadi.
Alohida ta’kidlashni istardimki, “Markaziy Osiyo – Xitoy” formatidagi dastlabki ikki sammit yakunlari bo‘yicha qabul qilingan hujjatlar – Sian va Ostona deklaratsiyalarida davlat rahbarlari kambag‘allikni qisqartirish sohasida sa’y-harakatlarni birlashtirishga sodiqligini tasdiqladilar, shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlari va Xitoy o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada rivojlantirishdan manfaatdor bo‘lgan muassasa va tashkilotlarni qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Shu munosabat bilan, bugungi “davra suhbati” dasturiga O‘zbekiston va CAREC Dasturi o‘rtasidagi hamkorlik masalalari, shuningdek, kambag‘allikni qisqartirish va aholi farovonligini oshirish borasida tajriba almashish yo‘nalishlari kiritilgan.
Hurmatli hamkasblar!
Fursatdan foydalanib, Shinjon bilan hamkorligimizni yanada chuqurlashtirish bo‘yicha bir qator takliflarni ilgari surmoqchiman.
Birinchidan, CAREC Instituti va Shinjon hamkorlari bilan birgalikda “Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston” temir yo‘l yo’lagi bo‘ylab hududlarni kompleks rivojlantirish masalalari bo‘yicha tadqiqotlarni faollashtirishni taklif etamiz.
Bunda hududlararo savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, infratuzilmani raqamlashtirish hamda qayta tiklanuvchi energetika sohasida zamonaviy yechimlarni joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratish lozim.
Ikkinchidan, mintaqaning iqlim barqarorligini mustahkamlash maqsadida Xitoydagi hamkorlarimiz va boshqa CAREC mamlakatlarini “Markaziy Osiyoning yashil hududi” tashabbusiga qo‘shilishga taklif etamiz. Mazkur tashabbus ekotizimlarni tiklash, cho‘llanish va yer degradatsiyasining oldini olish hamda mintaqaning tabiiy salohiyatini saqlashga qaratilgan qo‘shma dastur hisoblanadi.
Bu Markaziy Osiyoning suv resurslari, ekotizimlari va barqaror rivojlanishiga tobora kuchayib borayotgan iqlim o‘zgarishi oqibatlariga birgalikda samarali javob berish imkonini beradi.
Uchinchidan, ekspertlar muloqotlarini tashkil etish va hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari bo‘yicha takliflar ishlab chiqish maqsadida O‘zbekiston va Shinjonning tahliliy markazlari, universitetlari, ilmiy-tadqiqot muassasalari hamda tegishli institutlari o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirishni taklif etamiz.
Bunda transport, qishloq xo‘jaligi va energetika sohalarida ilmiy va ekspert almashinuviga alohida e’tibor qaratish lozim.
Bu mintaqadagi jarayonlarning bugungi dinamikasi doimiy ekspert tahlili va professional fikr almashinuvini talab etayotganligini hisobga olgan holda, ikki tomonlama va mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish uchun muvozanatli yondashuvlar hamda amaliy tavsiyalarni shakllantirish imkonini beradi.
Xulosa o‘rnida, ushbu ekspertlar muhokamasining muvaffaqiyatli o‘tishini, qiziqarli ma’ruzalar va samarali takliflar bildirilishini tilab qolaman.
E’tiboringiz uchun rahmat.