Nutqlar
30.09.2026
|
272
MOXI direktori Javlon Vaxabovning Ikkinchi Farg‘ona tinchlik forumining “Farg‘ona vodiysini iqtisodiy va sanoat jihatdan rivojlantirishning strategik istiqbollari” sessiyasidagi nutqi
2026-yil 28-sentabr, Xo‘jand sh.

Hurmatli professor Usmonzoda!

Hurmatli hamkasblar!

Bugungi uchrashuvimiz aynan Xo‘jand shahrida – Markaziy Osiyoda shakllangan yangi ishonch va yaxshi qo‘shnichilik muhitining ramzlaridan biriga aylangan maskanda o‘tayotgani chuqur ramziy ma’noga ega.

Aynan shu yerda mamlakatlarimizning chegaraoldi hududlarini hamkorlik va birgalikdagi taraqqiyot makoniga aylantirishga bo‘lgan umumiy intilishi ayniqsa yaqqol namoyon bo‘lmoqda.

Muhokamamizni davom ettirar ekanmiz, avvalo masalaning amaliy jihatiga – mavjud hamkorlik salohiyatini bevosita Farg‘ona vodiysi viloyatlari darajasida qanday ro‘yobga chiqarish mumkinligiga e’tibor qaratmoqchiman.

Oldimizda turgan asosiy savol shundan iborat: mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro savdoning o‘sishi hududlar o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarning chuqurlashuvi – barqaror ishlab chiqarish zanjirlarini shakllantirish, ixtisoslashuvni kuchaytirish va ularning iqtisodiyotlari o‘zaro bir-birini to‘ldirishiga qay darajada xizmat qilmoqda?

Nazarimda, aynan Farg‘ona vodiysi ushbu savolga amaliy javob topish uchun eng maqbul hududdir.

Vodiyning ma’muriy-iqtisodiy geografiyasidan kelib chiqadigan bo‘lsak, gap, avvalo, uch davlatning yetti viloyati haqida bormoqda.

Bu o‘rinda ko‘lamning o‘zi alohida ahamiyatga ega.

Farg‘ona vodiysi – qariyb 18 million aholiga ega yagona iqtisodiy makon.

Ya’ni, aholi soni jihatidan ayrim davlatlar bilan qiyoslash mumkin bo‘lgan yirik bozor haqida so‘z bormoqda.

Biroq bozorning katta bo‘lishi o‘z-o‘zidan yuqori iqtisodiy samaradorlikni anglatmaydi.

Masalan, Farg‘ona vodiysidagi O‘zbekistonning uch viloyatida mamlakat aholisining qariyb 29 foizi istiqomat qiladi, biroq ular O‘zbekiston YAIMining taxminan 16,5 foizini shakllantiradi. Ushbu viloyatlarning jami yalpi hududiy mahsuloti 2025-yilda qariyb 25 milliard dollarni tashkil etdi.

Bu raqam men uchun prinsipial ahamiyatga ega.

Asosiy zaxira – mehnat unumdorligini oshirish, hududlarning ixtisoslashuvini chuqurlashtirish va qo‘shni viloyatlar iqtisodiyotlarining bir-birini samarali to‘ldirish imkoniyatidadir.

Farg‘ona vodiysining har bir hududi o‘ziga xos raqobat ustunligiga ega.

Andijon – mashinasozlik, sanoat yig‘uv ishlab chiqarishi, muhandislik salohiyati hamda kelgusida Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘lining muhim tugunlaridan biri.

Namangan kuchli to‘qimachilik va yengil sanoat bazasi, rivojlangan kichik va o‘rta ishlab chiqarish salohiyatiga ega.

Farg‘ona viloyati kimyo va qayta ishlash sanoati, qishloq xo‘jaligi hamda qurilish materiallari ishlab chiqarishini o‘zida mujassam etgan.

Sug‘d viloyati – Tojikistonning eng sanoatlashgan hududlaridan biri bo‘lib, kuchli agrar, qayta ishlash va xomashyo bazasiga ega.

O‘sh Qirg‘iziston janubidagi yirik savdo va xizmatlar markazi vazifasini bajaradi.

Jalolobod viloyati agrar, energetika va tobora ortib borayotgan transport salohiyatini o‘zida birlashtiradi.

Botken viloyati bog‘dorchilik va chegaraoldi savdosida kuchli salohiyatga ega.

Shu bilan birga, Farg‘ona vodiysidagi iqtisodiy kooperatsiyani yanada aniq yo‘lga qo‘yish uchun aloqalarni bevosita viloyatlar kesimida chuqurroq tahlil qilish muhim.

Xususan, Andijon va O‘sh, Farg‘ona va Sug‘d, Botken va qo‘shni hududlar o‘rtasida qanday tovar oqimlari shakllanmoqda? Qaysi mahsulotlar chegaraning narigi tomonida qayta ishlanmoqda? Qayerda bir-birini to‘ldiruvchi ishlab chiqarish quvvatlari mavjud?

Bunday hududlararo tahlil umumiy salohiyatni baholashdan aniq maqsadli iqtisodiy siyosatga o‘tish imkonini beradi.

Menimcha, aynan shu asosda bugunning o‘zidayoq sifat jihatidan yangi bosqichga chiqish mumkin bo‘lgan bir nechta tarmoqlarni ajratib ko‘rsatish mumkin.

Birinchi yo‘nalish – agrosanoat majmuasi.

Bu borada Farg‘ona vodiysiga yettita alohida qishloq xo‘jaligi hududi sifatida emas, balki yagona taqsimlangan agrosanoat klasteri sifatida qarash lozim.

Vodiyning aholi eng zich joylashgan qismlarida yer resurslari obyektiv ravishda cheklangan. Ayni paytda, qo‘shni hududlarning resurs imkoniyatlari turlicha.

Bundan noodatiy, ammo amaliy xulosa chiqarish mumkin.

Korxonaning chegaraning har ikki tomonida ham yerga egalik qilishi shart emas. Transchegaraviy kontrakt asosidagi dehqonchilik yanada real model bo‘lishi mumkin.

Masalan, Andijon, Namangan yoki Farg‘onadagi qayta ishlash korxonasi Botken, O‘sh, Jalolobod yoki Sug‘ddagi xo‘jaliklar bilan uzoq muddatli shartnomalar tuzib, ularga texnologiyalarni taqdim etadi va yetishtirilgan mahsulotni kafolatli xarid qiladi. Bunda yer ham, daromad ham mahalliy ishlab chiqaruvchida qoladi, qayta ishlovchi korxona esa barqaror xomashyo bazasiga ega bo‘ladi.

Keyingi qadam to‘laqonli transchegaraviy qo‘shilgan qiymat zanjirini shakllantirish bo‘lishi mumkin – mahsulotni yetishtirish va saqlashdan tortib, uni qayta ishlash, qadoqlash va eksport qilishgacha. Bunda ushbu zanjirning har bir bo‘g‘ini qo‘shni viloyatlarning qaysi birida joylashgani ikkinchi darajali masalaga aylanadi.

Shunda, shartli ravishda, Botken o‘rigi, Sug‘d sabzavotlari yoki O‘sh viloyati mahsulotlari chegarani tayyor xomashyo mahsuloti sifatida emas, balki umumiy ishlab chiqarish zanjirining dastlabki bosqichi sifatida kesib o‘tishi kerak.

Ammo bu yerda biz darhol ikkinchi masala – suv masalasiga duch kelamiz.

Farg‘ona vodiysida suv bo‘yicha munozarani bosqichma-bosqich “kimga qancha suv tegadi?” degan savoldan “har bir kub metr suv hisobiga qancha qo‘shilgan qiymat yaratyapmiz?” degan savolga o‘tkazish zarur.

Aynan shu nuqtada suv masalasi energetika va sanoat bilan bevosita bog‘lanadi.

Mintaqaning bir qismida tog‘li relyef va gidroenergetika salohiyati mavjud. Boshqa qismida uskunalar ishlab chiqarish va muhandislik kompetensiyalari shakllanmoqda. Uchinchi hudud esa servis xizmatlari, qurilish materiallari yoki elektrotexnika komponentlarini taqdim etishi mumkin.

Ya’ni, barcha hududlar bir xil mahsulot ishlab chiqarishi shart emas. Biz turli ustunliklarni o‘zaro bog‘lashni o‘rganishimiz kerak.

Uchinchi yo‘nalish – Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li atrofida transport va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish.

Odatda ushbu magistralga, avvalo, kelajakdagi tranzit oqimlari nuqtayi nazaridan qaraladi. Biroq Farg‘ona vodiysi viloyatlari uchun uning iqtisodiy samarasi qurilish bosqichining o‘zidayoq namoyon bo‘la boshlaydi.

Loyihaning amalga oshirilishi qurilish materiallari, metall mahsulotlari, oziq-ovqat, transport xizmatlari, texnikani ta’mirlash hamda keng turdagi servis xizmatlariga talabni shakllantiradi.

Shu bois Andijon va Jalolobod viloyatlariga kelajakdagi yo‘nalishning shunchaki ikki nuqtasi sifatida emas, balki temir yo‘l qurilishi va keyinchalik uning ekspluatatsiyasini ta’minlashga qodir bo‘lgan o‘zaro bir-birini to‘ldiruvchi sanoat-logistika kamari sifatida qarash muhim.

Amaliy qadamlardan biri loyiha ehtiyojlari uchun Farg‘ona vodiysidagi sertifikatlangan yetkazib beruvchilarning yagona reyestrini shakllantirish bo‘lishi mumkin. Bugun bunday korxonalar qurilish jarayonini ta’minlashda ishtirok etsa, kelgusida logistika terminallari va servis markazlariga xizmat ko‘rsatishi mumkin.

Shu bilan birga, yanada keng ko‘lamli vazifa sifatida Farg‘ona vodiysining chegaraoldi hududida O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikistonning uch tomonlama maxsus iqtisodiy zonasini tashkil etish masalasini ishlab chiqish mumkin.

Bunda gap albatta bitta jismoniy hududni tashkil etish haqida ketishi shart emas. Ishlab chiqarish, qayta ishlash, omborlash, sertifikatlash, logistika va servis xizmatlarini joylashtirish uchun kelishilgan shartlar asosida faoliyat yuritadigan o‘zaro bog‘langan milliy hududlar modeli yanada real ko‘rinadi.

Bunday uch tomonlama model viloyatlar iqtisodiyotlari bugunning o‘zidayoq obyektiv ravishda bir-birini to‘ldirayotgan yo‘nalishlarga ixtisoslashishi mumkin. Jumladan, qurilish materiallari, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, to‘qimachilik, elektrotexnika, mashinasozlik komponentlari, logistika hamda temir yo‘l infratuzilmasiga xizmat ko‘rsatish.

To‘rtinchi tarmoq – to‘qimachilik.

Aynan shu yo‘nalishda nima uchun milliy yondashuvdan hududlararo yondashuvga o‘tishimiz zarurligi ayniqsa yaqqol ko‘rinadi.

Gap shunchaki o‘zaro savdo hajmini oshirish haqida emas, balki qo‘shni hududlardagi korxonalar bir-birini yagona ishlab chiqarish zanjirining tabiiy ishtirokchilari sifatida qabul qila boshlashi haqida bormoqda.

Ana shundagina integratsiya amaliy mazmun kasb etadi: Namangandagi korxona Sug‘d yoki Jaloloboddagi yetkazib beruvchi yoxud pudratchini bugun o‘z viloyati ichidagi hamkorini tanlaganidek, xuddi shu iqtisodiy mantiq asosida tanlaydi.

Shu bois, hamkorlik tarmoqlarining cheksiz ro‘yxatini tuzish o‘rniga, 10–15 ta aniq transchegaraviy qo‘shilgan qiymat zanjirini belgilab olishni taklif etgan bo‘lardim.

Masalan: paxta tolasi – kalava ip – mato – bo‘yash – tayyor kiyim-kechak; qishloq xo‘jaligi mahsuloti – saqlash – qayta ishlash – qadoqlash – eksport; gidroenergetika uskunalari – metall konstruksiyalar – montaj – servis.

Bunda har bir bosqich iqtisodiy jihatdan eng samarali bo‘lgan hududda joylashishi mumkin.

Beshinchi yo‘nalish – turizm.

Bu sohada mavjud o‘zaro bog‘liqlik ko‘lami ayniqsa yaqqol namoyon bo‘ladi.

2025-yilda O‘zbekistonga turistik maqsadlarda 11,7 million xorijiy fuqaro tashrif buyurgan bo‘lsa, shundan 3,3 million nafari Qirg‘izistondan, 2,7 million nafari esa Tojikistondan kelgan. Bu birgalikda barcha kiruvchi turistik oqimning qariyb yarmini tashkil etadi.

Shu sababli bugungi masala endi faqat chegarani kesib o‘tishlar sonida emas, balki sayohat davomiyligini va uning hududlarning o‘zida yaratadigan qo‘shilgan qiymatini qanday oshirishda.

Buning yechimlaridan biri 48–72 soatlik qisqa transchegaraviy turistik yo‘nalishlarni shakllantirish bo‘lishi mumkin: Xo‘jand – Qo‘qon – Farg‘ona, O‘sh – Andijon – Namangan, Botken – Farg‘ona.

Bunday yo‘nalishlar madaniy, gastronomik, ekologik va tadbirlar turizmini o‘zaro uyg‘unlashtirishi mumkin.

Forumimiz o‘tkazilayotgan maskanning o‘zi – Tojik dengizi nomi bilan mashhur Qayroqqum suv omborining go‘zal sohillari – vodiyning ushbu qismi katta rekreatsion salohiyatga ega ekanini yaqqol namoyon etadi.

Alohida istiqbolli yo‘nalish sifatida tibbiy turizm ham tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. 2025-yilda O‘zbekistonga davolanish maqsadida 86,2 ming xorijiy fuqaro tashrif buyurgan bo‘lib, shundan 59,1 ming nafari Tojikiston, 15,6 ming nafari esa Qirg‘iziston fuqarolari hissasiga to‘g‘ri kelgan. Ya’ni, kiruvchi tibbiy turizm oqimining qariyb 87 foizi aynan ushbu ikki qo‘shni davlatga to‘g‘ri kelgan.

Bu esa allaqachon mintaqaviy tibbiy xizmatlar bozori shakllanayotgani haqida gapirish imkonini beradi. Uni chegaraoldi hududlardagi klinikalar, diagnostika markazlari va turistik operatorlar o‘rtasidagi sheriklik orqali yanada rivojlantirish mumkin.

Shu bilan birga, turistik mahsulot harakatlanish infratuzilmasi bilan uyg‘un holda rivojlanishi lozim. Qirg‘iziston bilan “Keskaner” chegara o‘tkazish punktini rivojlantirish bo‘yicha kelishuvga erishilgan bo‘lib, u “Do‘stlik” punktidan ikki barobar yirik bo‘lishi ko‘zda tutilmoqda. Chegara punktlarining o‘tkazuvchanlik salohiyatini oshirish vodiy ichidagi safarlarni tezroq va qulayroq qilish imkonini beradi.

Tojikiston yo‘nalishida esa O‘zbekistonning Xo‘jand shahridagi konsullik ishtirokini kengaytirish masalasini ishlab chiqish qo‘shimcha turtki berishi mumkin. Zero, Xo‘jand O‘zbekistonning Farg‘ona vodiysi hududlari bilan bevosita aloqalarning tabiiy markazidir.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, bu salohiyat uch davlat o‘rtasidagi o‘zaro turizm bilangina cheklanib qolmaydi. O‘zbekistonning jadal rivojlanayotgan aviatsiya infratuzilmasi mamlakatimizni butun Farg‘ona vodiysi uchun havo transporti xabi sifatida ko‘rib chiqish imkonini bermoqda.

Yevropa, Fors ko‘rfazi mamlakatlari yoki Sharqiy Osiyodan kelgan sayyoh yagona mintaqaviy turistik mahsulot doirasida o‘z safarini Xo‘jand, O‘sh yoki Botkenda davom ettirish imkoniyatiga ega bo‘lishi kerak.

Shunda chegara, konsullik va aviatsiya infratuzilmasi yagona turistik tizimning o‘zaro bog‘liq elementlari sifatida ishlaydi, iqtisodiy samara esa uchala mamlakat hududlari o‘rtasida taqsimlanadi.

Va nihoyat, biz negadir kamdan-kam hollarda mintaqaviy iqtisodiyotning tarkibiy qismi sifatida ko‘rib chiqadigan yana bir muhim soha – bu ta’lim.

Holbuki, ta’lim ham xuddi boshqa sohalar kabi xizmatlar eksporti va importining muhim yo‘nalishidir.

Bugungi kunda O‘zbekistonda 30 ta xorijiy oliy ta’lim muassasasi faoliyat yuritmoqda, holbuki o‘n yil avval ularning soni atigi yettita edi. Ya’ni, bu ko‘rsatkich to‘rt barobardan ziyod oshgan. Jumladan, mamlakatimizda Westminster International University, Webster University, Inha University kabi xalqaro ta’lim modellari faoliyat ko‘rsatmoqda.

Qo‘shni davlatlar uchun bu xalqaro darajadagi ta’limni geografik jihatdan yaqin hududda, safar va moslashuv bilan bog‘liq xarajatlarni sezilarli darajada kamaytirgan holda olish imkoniyatini anglatadi.

Menimcha, bu shunchaki gumanitar almashinuv emas.

Bu – shakllanib borayotgan mintaqaviy ta’lim xizmatlari bozori.

Talaba ta’lim, turar joy, transport, ovqatlanish va aloqa xizmatlariga talab yaratadi. Ammo bundan ham muhimi, u iqtisodiyotlarimiz o‘rtasidagi professional aloqalarning tashuvchisiga aylanadi.

Shu bois, aynan Farg‘ona vodiysi viloyatlari uchun bugun muhokama qilayotgan yo‘nalishlar bo‘yicha mutaxassislar tayyorlashga qaratilgan qo‘shma dasturlarni shakllantirish mumkin. Jumladan, agrotexnologiyalar, suv resurslarini boshqarish, gidroenergetika, logistika, to‘qimachilik texnologiyalari, turizm va tibbiyot sohalarida.

Shunda ta’lim mobil­ligi shakllanayotgan ishlab chiqarish zanjirlariga bevosita xizmat qiladi.

Hurmatli hamkasblar!

So‘zim yakunida bir fikrni alohida ta’kidlamoqchiman.

Ko‘p o‘n yillar davomida Farg‘ona vodiysi iqtisodiyoti, asosan, uch davlat bitta makon va uning resurslarini qanday taqsimlashi nuqtayi nazaridan o‘rganib kelindi.

Endi masalani boshqacha qo‘yish vaqti keldi:

– uch davlat bitta makonda qanday qilib birgalikda qo‘shilgan qiymat yaratishi mumkin?

Agar yangi mintaqaviy hamkorlikning birinchi bosqichi chegaralarni ochishga qaratilgan bo‘lsa, keyingi bosqich o‘zaro bog‘langan ishlab chiqarish zanjirlarini yaratish va rivojlantirishga qaratilishi lozim.

Agar kecha asosiy vazifa Farg‘ona vodiysida tinchlikni ta’minlash bo‘lgan bo‘lsa, bugun ushbu tinchlik me’morchiligining iqtisodiy poydevorini yaratish zarur.

Shunda barqarorlik nafaqat davlatlarimizning siyosiy irodasiga, balki yuzlab va minglab korxonalar, qo‘shma investitsiyalar, ish o‘rinlari, transport aloqalari hamda millionlab insonlarning aniq va bevosita manfaatlariga tayanadi.

Menimcha, aynan shunday iqtisodiy jihatdan o‘zaro bog‘langan Farg‘ona mintaqasi Yangi Markaziy Osiyoning eng yorqin muvaffaqiyat tarixlaridan biriga aylanishi mumkin.

E’tiboringiz uchun rahmat.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom