Markaziy Osiyoning umumiy hisoblash infratuzilmasi: milliy ma'lumotlar markazlaridan mintaqaviy raqamli ekotizimga
10.10.2026
|
151
Prezident Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining 8-Maslahat uchrashuvida so'zlagan nutqida mintaqa mamlakatlarining Umumiy hisoblash infratuzilmasini yaratish tashabbusini ilgari surdi.

Ushbu tashabbusni taqdim etar ekan, Davlatimiz rahbari sun'iy intellekt va katta ma'lumotlar texnologiyalari «bugunning o'zidayoq sanoat, transport, energetika, qishloq xo'jaligi, ta'lim, davlat boshqaruvini o'zgartirmoqda», ko'p jihatdan «iqtisodiyotlarning unumdorligini belgilamoqda»ligini ta'kidladi.

Mazkur tashabbusni rivojlantirish maqsadida Prezident, shuningdek, «tarmoq kadrlarini tayyorlash bo'yicha qo'shma dasturlarni yo'lga qo'yish, ilmiy loyihalarni qo'llab-quvvatlash va texnologik tadbirkorlik uchun ko'proq imkoniyatlar yaratish»ni taklif etdilar.

Tashabbusning davlatlar tomonidan rivojlantirilayotgan o'z hisoblash quvvatlari asosida ma'lumotlar markazlarini birlashtirishni nazarda tutayotgani alohida ahamiyatga ega.

Bunday yondashuv har bir davlatning o'z raqamli infratuzilmasi ustidan nazoratini saqlab qolgan holda yuklamani qayta taqsimlash, resurslardan birgalikda foydalanish va alohida bir mamlakat erisha olmaydigan miqyosga chiqish imkonini beradi.

Shu bilan birga, O'zbekiston rahbarining g'oyasi mintaqa mamlakatlarida allaqachon kechayotgan jarayonlarga tayanadi. Bunga misol tariqasida 2025-yil oktabrida Toshkentdagi IT Park hududida Saudiya Arabistonining «DataVolt» kompaniyasi ishtirokida ma'lumotlar markazi qurilishi boshlanganini, uning negizida sun'iy intellekt bo'yicha mintaqaviy hab tashkil etish istiqboli mavjudligini qayd etish mumkin.

2025-yil dekabrida «O'zatom» va Yaponiyaning «Muroosystems» kompaniyasi kichik modulli reaktorlardan energiya ta'minoti ko'zda tutilgan 50 MVt quvvatli ma'lumotlar markazi loyihasini e'lon qildi. 2026-yil sentabrida Qoraqalpog'istonning Taxiatosh tumanida «Shanghai LinkWise» hisoblash markazining birinchi navbati ishga tushirildi, uni yanada kengaytirish 2026–2027-yillarga mo'ljallangan.

Shunga o'xshash loyihalar Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlarida ham amalga oshirilmoqda. Qozog'istonda joriy yilda Ekibastuzda Data Center Valley, Astanada Akashi Data Center va Olmaotada Freedom Data Center ma'lumotlar markazlari qurilishi boshlandi. Dastlabki ikki obyektning birinchi navbatlarini 2027-yilda, Olmaota obyektini esa 2026–2027-yillarda bosqichma-bosqich foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.

Tojikistonda joriy yilning iyun oyida ma'lumotlar markazi va sun'iy intellekt bo'yicha mintaqaviy markazni o'z ichiga olgan IT Hub Dushanbe majmuasi qurilishi boshlandi. Qirg'izistonda joriy yilning may oyida Chon-Oloy tumanida ma'lumotlar markaziga ega issiqlik elektr stansiyasini barpo etish bo'yicha davlat-xususiy sheriklik to'g'risidagi bitim imzolandi. Turkmanistonda joriy yil mart oyida milliy ma'lumotlarni qayta ishlash markazini qurish rejalari e'lon qilindi.

Markaziy Osiyo mamlakatlari raqamli rivojlanish bo'yicha milliy strategiyalarni amalga oshirayotgan va o'z hisoblash infratuzilmasini shakllantirayotgan sharoitda tashabbus alohida dolzarblik kasb etadi. Ma'lumotlar markazlarining barpo etilishi, mutaxassislar tayyorlanishi va mahalliy sun'iy intellekt yechimlarini ishlab chiqish imkoniyatlarining kengayishi mintaqaviy texnologik hamkorlikni chuqurlashtirish uchun zamin yaratmoqda.

Bunday sharoitda milliy hisoblash quvvatlarini yagona o'zaro bog'langan tarmoqqa birlashtirish ulardan foydalanish samaradorligini oshirish, zarur resurslardan foydalanish imkoniyatini ta'minlash va sun'iy intellekt sohasida qo'shma loyihalarni amalga oshirish uchun asos yaratish imkonini beradi.

Shunday qilib, tashabbusning amaliy ahamiyati o'zaro bog'liq uch jihat bilan belgilanadi. Birinchidan, u raqamli qonunchilikni, jumladan ma'lumotlarni himoya qilish, ularni transchegaraviy uzatish, kiberxavfsizlik va texnik standartlarni uyg'unlashtirishga xizmat qiladi. Ikkinchidan, hisoblash resurslarining birlashtirilishi Markaziy Osiyoning til va madaniy xususiyatlarini hisobga olgan holda sun'iy intellekt modellarini birgalikda ishlab chiqish uchun sharoit yaratib, tashqi yetkazib beruvchilarga qaramlikni kamaytiradi. Uchinchidan, tashabbus hisoblash quvvatlari cheklangan mamlakatlarga zamonaviy infratuzilmani mustaqil ravishda yaratish zaruratisiz undan foydalanish imkoniyatini berib, raqamli tengsizlikni qisqartirishga yordam beradi.

Yakuniy natijada, Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan tashabbus mintaqa mamlakatlarining milliy raqamli resurslari, tartibga solish yondashuvlari va kadrlar salohiyatini yagona loyiha doirasida birlashtirishi mumkin. Bu Markaziy Osiyoning texnologiyalar bozorida nafaqat iste’molchi, balki o‘z raqamli mahsulotlari va sun’iy intellekt yechimlarini yarata oladigan mustaqil ishtirokchi sifatida faoliyat yuritishi uchun zamin yaratadi.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom
Savolingiz bormi? AI Maslahatchi
IICA
IICA Virtual Assistant
Onlayn