Shu bilan birga, katta zaxiralarning mavjudligi o‘z-o‘zidan tegishli iqtisodiy samara keltirmaydi. Mintaqadagi istiqbolli konlar geologik o‘rganilganlik darajasi va sanoat miqyosida o‘zlashtirishga tayyorligi jihatidan sezilarli farqlanadi. Ayrim konlar bo‘yicha investitsiya qarorlarini tayyorlashga kirishish mumkin bo‘lsa, boshqalari qo‘shimcha geologiya-qidiruv ishlari, texnologik sinovlar va qayta ishlash imkoniyatlarini baholashni talab etadi. Asosiy vazifa mavjud resurs salohiyatini aniq loyihalar hamda yuqori qo‘shilgan qiymatli ishlab chiqarishlarga aylantirishdan iborat.
2026-yil sentabr oyida bo‘lib o‘tgan birinchi “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” sammitida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev muhim minerallar bo‘yicha Mintaqaviy investitsiya alyansini tashkil etishni taklif qildi. Ushbu tashabbus mintaqada geologiya-qidiruv va qazib olishdan tortib xomashyoni chuqur qayta ishlash hamda tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha bo‘lgan to‘liq ishlab chiqarish zanjirlarini shakllantirishga qaratilgan.
Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining sakkizinchi Maslahat uchrashuvida mazkur yo‘nalish amaliy jihatdan davom ettirildi. O‘zbekiston rahbari O‘zbekiston tashabbusi bilan ilgari surilgan Muhim minerallar bo‘yicha mintaqaviy alyansni tashkil etish ishlarini faollashtirishni taklif qildi. Dastlabki qadamlardan biri sifatida Markaziy Osiyodagi muhim minerallar zaxiralarining yagona raqamli xaritasini yaratish taklifi bildirildi. Prezidentning fikricha, bunday resurs mintaqa salohiyati haqida yanada to‘liq tasavvur hosil qilish hamda xalqaro investorlarga davlatlar mazkur yo‘nalishni birgalikda rivojlantirishga tayyorligini namoyon etish imkonini beradi.
Xaritaning amaliy ahamiyati Markaziy Osiyoning mineral-xomashyo bazasi haqidagi ma’lumotlarni o‘zaro taqqoslash mumkin bo‘lgan shaklda taqdim etish imkoniyatidadir. Bugungi kunda geologik ma’lumotlarning asosiy qismi milliy axborot tizimlarida jamlangan. Umumiy raqamli resurs muhim mineral xomashyo turlarining joylashuvi, istiqbolli konlarning o‘rganilganlik darajasi hamda ularning keyingi o‘zlashtirishga tayyorligini baholash imkonini beradi. Bu esa geologiya-qidiruv ishlarining ustuvor yo‘nalishlarini aniqroq belgilash va keyingi investitsiyaviy tahlil uchun loyihalar portfelini shakllantirishga xizmat qiladi.
Bunday ishlar uchun mintaqada zarur asos allaqachon mavjud. O‘zbekistonda to‘plangan geologik materiallar raqamlashtirilmoqda, Milliy geologik ma’lumotlar bazasi takomillashtirilmoqda, geografik axborot texnologiyalari, sun’iy intellekt va 3D modellashtirish joriy etilmoqda. Qozog‘istonda katta hajmdagi geologik materiallardan foydalanish imkonini beruvchi Yagona yer qa’ridan foydalanish platformasi rivojlantirilmoqda. Qirg‘izistonda “Nedra” axborot tizimi yaratilmoqda va geologik fondlarni raqamlashtirish davom etmoqda. Mazkur ishlar milliy axborot tizimlaridan mintaqaviy darajada asosiy ma’lumotlarni o‘zaro taqqoslashga bosqichma-bosqich o‘tish uchun zamin yaratmoqda.
Ushbu yondashuv faqat geologiya-qidiruv bilan cheklanmaydi. Mamlakatlarning resurs bazasi, qayta ishlash quvvatlari, energetika va transport infratuzilmasidagi farqlar alohida qo‘shma ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish uchun imkoniyatlar yaratadi. Kengroq vazifa texnologiyalar va kapitalni jalb qilish, mahalliy qayta ishlashni rivojlantirish hamda mintaqa davlatlariga mavjud resurslardan ko‘proq iqtisodiy samara olish imkonini beradigan yangi kompetensiyalarni shakllantirishdan iborat.
Markaziy Osiyo muhim minerallar bo‘yicha shakllanayotgan yetkazib berish zanjirlarida yanada salmoqli o‘rin egallash imkoniyatiga ega. Biroq mintaqaning raqobatbardoshligi zaxiralar hajmidan ko‘ra, ularni yangi ishlab chiqarishlar, texnologik yechimlar, malakali ish o‘rinlari va yuqori qo‘shilgan qiymatli eksport mahsulotlariga aylantira olish salohiyatiga ko‘proq bog‘liq bo‘ladi.
Yagona raqamli xarita ushbu jarayonning axborot asosiga aylanishi mumkin. Uning ahamiyati geologik ma’lumotlarni shunchaki birlashtirishda emas, balki ulardan investitsiyaviy ustuvorliklar va kelgusidagi rivojlanish yo‘nalishlarini asosliroq belgilashda foydalanish imkoniyatidadir. Uzoq muddatli istiqbolda muhim minerallar Markaziy Osiyoda texnologik yangilanish, milliy iqtisodiyotlar raqobatbardoshligini oshirish va yangi o‘sish nuqtalarini shakllantirish omillaridan biriga aylanishi mumkin.