Davlatimiz rahbarining ushbu taklifi mehnat bozori ehtiyojlarini prognoz qilish hamda iqtisodiyotning istiqbolli tarmoqlari uchun mutaxassislar tayyorlash borasida o‘zaro muvofiqlashtirilgan yondashuvni shakllantirishga qaratilgan. Atlas talab yuqori bo‘lgan kasblar bo‘yicha milliy prognozlarni birlashtirish, ta’lim dasturlarini mintaqa davlatlarining real ehtiyojlariga oldindan moslashtirish imkonini beradi.
Mazkur tashabbus Markaziy Osiyodagi demografik tendensiyalar nuqtayi nazaridan alohida dolzarblik kasb etmoqda. Bugungi kunda mintaqaning beshta mamlakati aholisi 83 million nafardan oshgan bo‘lib, BMT prognozlariga ko‘ra, 2040-yilga borib 100 million nafardan ortishi mumkin. Shu bilan birga, aholi tarkibida yoshlar ulushining yuqoriligi kelgusida iqtisodiy rivojlanish uchun qulay shart-sharoit yaratmoqda.
Biroq demografik o‘sishning o‘zi aholi farovonligi oshishini kafolatlamaydi. Bunda davlatlarning yosh avlodni zamonaviy bilimlar, mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblar va samarali bandlik imkoniyatlari bilan ta’minlash salohiyati hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
Shu nuqtayi nazardan, Mintaqaviy atlasning strategik ahamiyati kadrlar tayyorlashni asosan milliy darajada rejalashtirishdan butun Markaziy Osiyoning kelgusi taraqqiyoti uchun zarur bo‘lgan kasbiy kompetensiyalarga ehtiyojni birgalikda prognoz qilish tizimiga o‘tishda namoyon bo‘ladi.
Hozirgi vaqtda mintaqa mamlakatlarida kadrlarga bo‘lgan ehtiyoj, asosan, milliy darajada, turli metodologiyalar va rejalashtirish muddatlari asosida baholanmoqda. Bunda qo‘shni davlatlar mehnat bozorlarining ehtiyojlari cheklangan darajada inobatga olinmoqda. Mehnat mobilligi yuqori bo‘lgan va qo‘shma iqtisodiy loyihalar ko‘lami kengayib borayotgan sharoitda mazkur holat mutaxassislar tayyorlash jarayonini mintaqaviy talabning ortib borishi bilan muvofiqlashtirishni murakkablashtirmoqda.
Bu, ayniqsa, sanoat kooperatsiyasining chuqurlashuvi, transport yo‘laklari, energetika infratuzilmasi va raqamli iqtisodiyotning rivojlanishi sharoitida muhim ahamiyatga ega. Yirik transchegaraviy loyihalarning amalga oshirilishi muhandislar, texnologlar, logistika, energetika, axborot texnologiyalari hamda zamonaviy ishlab chiqarishni boshqarish bo‘yicha mutaxassislarga talabning ortishi bilan kechadi.
Shu munosabat bilan, Atlasdan amaliy foydalanishning istiqbolli yo‘nalishlaridan biri «loyiha ehtiyojlariga mos kadrlar tayyorlash» tamoyilini joriy etish bo‘lishi mumkin. Mazkur tamoyil qo‘shma korxonalar va infratuzilma obyektlarining bevosita ehtiyojlaridan kelib chiqib mutaxassislar tayyorlashni nazarda tutadi. Bunday yondashuv yirik loyihalarni rejalashtirish bosqichidayoq zarur kasbiy malakalar, mutaxassislar soni va ularni tayyorlash muddatlarini belgilash imkonini beradi.
Bunda taklif etilayotgan mexanizmning aynan mintaqaviy xususiyati alohida ahamiyatga ega. Markaziy Osiyo davlatlari bir-birini to‘ldiruvchi iqtisodiy imkoniyatlar va tarmoq ixtisoslashuviga ega. Milliy prognozlarni birlashtirish nafaqat kadrlarga bo‘lgan umumiy ehtiyojlarni aniqlash, balki qo‘shma ta’lim dasturlarini rivojlantirish, akademik mobillikni kengaytirish hamda bir nechta davlat ishtirokidagi loyihalar uchun mutaxassislar tayyorlash imkonini ham yaratadi.
Bundan tashqari, mazkur model O‘zbekiston Prezidenti tomonidan ilgari surilgan «olti iqtisodiyot – bir mahsulot» sanoat kooperatsiyasi konsepsiyasiga bevosita mos keladi. Mintaqaviy ishlab chiqarish zanjirlarini shakllantirish o‘zaro uyg‘un kasbiy standartlar hamda yagona texnologik tizim doirasida ishlashga qodir malakali kadrlar mavjudligini taqozo etadi.
Shu bilan birga, dastlab mintaqaviy sanoat kooperatsiyasining ikki-uchta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Atlasning pilot variantini ishlab chiqish, bunda kasblarning milliy klassifikatorlarini xalqaro standartlar bilan qiyoslashni nazarda tutish maqsadga muvofiqdir. Bunday yondashuv Markaziy Osiyo mamlakatlarining kadrlarga bo‘lgan ehtiyojlarini prognoz qilish uchun umumiy metodologik asosni bosqichma-bosqich shakllantirish imkonini beradi.
Istiqbolda Mintaqaviy atlas iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash, xalqlar o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish va aholi farovonligini oshirishga xizmat qiluvchi yagona kasbiy imkoniyatlar makonini shakllantirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘lishi mumkin. Shu tariqa, inson kapitalini rivojlantirish nafaqat iqtisodiy o‘sish omiliga, balki Markaziy Osiyo davlatlarining uzoq muddatli yaqinlashuvi, o‘zaro ishonch va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlashning qo‘shimcha asosiga aylanadi.
Ismailov Samandar, Markaziy Osiyo xalqaro instituti