Voqealar
18.12.2025
|
161
MOXIda Belarus Respublikasi elchisi qabul qilindi
2025-yilning 10-dekabr kuni Markaziy Osiyo xalqaro institutiga (MOXI) institut direktori Javlon Vaxabovning Belarus Respublikasining O‘zbekistondagi elchisi Aleksandr Ogorodnikov bilan uchrashi bo’lib o’tdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston-Belarus hamkorligining dolzarb yo‘nalishlari va asosiy tarmoqlardagi o'zaro aloqalarni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

Suhbat avvalida Javlon Vahabov Elchini MOXI faoliyati, uning asosiy vazifalari va tadqiqotlarning ustuvor yo‘nalishlari, jumladan, mintaqaviy formatlar doirasida amalga oshirilayotgan tashabbuslar bilan tanishtirdi. O‘zbekiston-Belarus o'zaro aloqalarini yanada mustahkamlash va amaliy hamkorlikni kengaytirish muhimligi qayd etildi.

Aleksandr Ogorodnikov o‘z navbatida ikki tomonlama munosabatlarning hozirgi dinamikasi haqida ijobiy fikr bildirdi.

U O‘zbekiston Belarusning eng yirik beshta savdo hamkorlari qatoriga kirishini va 2025-yil ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar tarixidagi eng samarali davrlardan biri bo‘lganligini ta’kidladi.

Uchrashuvda MOXI va Belarus strategik tadqiqotlar instituti (BSTI) o‘rtasidagi axborot-tahliliy hamkorlikka alohida e’tibor qaratildi. Ikki tashkilot o‘rtasidagi hamkorlik 2021-yildan boshlab qo‘shma tadqiqotlar, ekspertlar maslahatlashuvlari va tematik tadbirlar o‘tkazish ko‘zda tutilgan O‘zaro anglashuv memorandumi asosida rivojlanib borayotganligi ta’kidlandi.

2026-yilda ekspertlar almashinuvi formatlarini kengaytirish va tahliliy yo’nalishda yangi qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish rejalashtirilayotganligi qayd etildi.

Tomonlar ikki mamlakat sanoat kooperatsiyasi masalalarini ham ko‘rib chiqdilar. Elchi ishlab chiqarish aloqalarini chuqurlashtirish, jumladan, mahalliylashtirish va uchinchi mamlakatlar bozorlariga eksportga mo’ljallangan qo‘shma korxonalar tashkil etish uchun katta salohiyat mavjudligini ta’kidladi.

Shu bilan birga, hududlararo hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Ikki davlat viloyatlari o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar, shuningdek hududiy boshqaruv sohasida tajriba almashish mintaqaviy darajadagi amaliy hamkorlikni mustahkamlashning muhim omili ekanligiga e’tibor qaratildi.

Uchrashuv yakunida ishtirokchilar ochiq muloqotni davom ettirish va O‘zbekiston-Belarus hamkorligining ijobiy rivojlanishini aks ettiruvchi tashabbuslar almashish muhimligini ta’kidladilar.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom