Voqealar
24.02.2026
|
245
Boku shahrida C6 formatida hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
Joriy yilning 18-fevralida Boku shahrida “C6: Bir hudud, umumiy kelajak – strategik muloqotni mustahkamlash” mavzusida xalqaro konferensiya oʻtkazildi. Tadbir Ozarbayjonning yetakchi tahliliy markazi hisoblangan Xalqaro munosabatlarni tahlil qilish markazi tomonidan tashkil etdi.

Konferensiyada Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjonning tahliliy markazlari rahbarlari, shuningdek, Boku shahridagi rasmiy shaxslar va diplomatik korpus vakillari ishtirok etdi.

Tadbir davomida ishtirokchilar C6 formatida strategik muloqotni chuqurlashtirish istiqbollarini muhokama qildilar, jumladan, muvofiqlashtirilgan yondashuvlarni ishlab chiqish va iqtisodiyot, transport va logistika, mintaqaviy xavfsizlik hamda barqaror rivojlanish sohalarida hamkorlik mexanizmlarini shakllantirish masalalarini ko‘rib chiqdilar.

Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori Javlon Vaxabov o’z nutqida Ozarbayjon Respublikasining Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvlari formatiga qo‘shilishi mintaqaning geosiyosiy va iqtisodiy tuzilmasini samarali tarzda qayta shakllantirayotganini, Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkazni yagona hamkorlik maydoniga birlashtirayotganini ta’kidladi.

“Ozarbayjon ikki mintaqa o‘rtasida muhim ko‘prik vazifasini bajaradi. Amalda Kaspiy mintaqasidan Qora dengiz va O‘rta yer dengizi yo‘nalishlariga qadar bog‘lovchi kamar shakllanmoqda, bu esa Markaziy Osiyoni “dengizga chiqishi yo‘q” hududdan “mintaqalararo bog‘langan” hududga aylantirmoqda,” – dedi J. Vaxabov.

Konferensiyadagi nutqida, Xalqaro munosabatlarni tahlil qilish markazi direktori Farid Shafiyev Ozarbayjonning Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvi formatiga eng zarur fursatda qo'shilgani va C6 formatining joriy hamkorlikni barqarorlashtirishga qodir yanada integratsiyalashgan, institutlashgan va yaqin kelajakka dahldor bo’lgan hamkorlik doirasini shakllantirish zarurligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, aynan shu funksiyani C6 formati bajarishi kerak.

“Markaziy Osiyo Ozarbayjon uchun shunchaki qo‘shni mintaqa emas, balki strategik hamkor hisoblanadi. Geografik yaqinlikni hamkorlikka, geografiyani ustuvorlikka va umumiy muammolarni yechimga aylantirish – C6ning asosiy strategik mantiqi shundan iborat,” – dedi F. Shafiyev.

Turkmaniston Tashqi ishlar vazirligi Strategik Tadqiqotlar Markazi direktori Sh. Shiriev Ozarbayjonning ushbu formatga qo‘shilishi mintaqaviy hamkorlikda yangi sahifa ochishini va C6ni davlatlar harakatlarini muvofiqlashtirish, iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash hamda insoniy hamkorlik va tajriba almashish orqali ishonchni rivojlantirish samarali mexanizmi qilish imkoniyatini yaratishini qayd etdi.

Qozog‘iston Prezidenti huzuridagi Strategik Tadqiqotlar Instituti bosh ilmiy xodimi Sanat Kushkumbayev Ozarbayjonning Markaziy Osiyo formatiga qo‘shilishini mintaqalar o‘rtasidagi tarixan shakllangan aloqalarni tiklash sifatida baholadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday hamkorlikning asosiy maqsadlari o‘zgarmaydi – iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, aholining farovonligini oshirish va iqtisodiy munosabatlarni bosqichma-bosqich muvofiqlashtirish.

Xalqaro munosabatlarni tahlil qilish markazi boshqaruv kengashi a’zosi Javid Veliev Ozarbayjon va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida yagona geosiyosiy o’zlik shakllanganini ta’kidladi, bu tabiiy va ahamiyatli jarayon hisoblanadi. Bu nafaqat umumiy tarixiy meros, balki so‘nggi o‘n yilliklarda iqtisodiyot, savdo, transport, energetika va xavfsizlik sohalaridagi o‘zgarishlar bilan bog‘liq bo‘lib, mintaqalararo yaqin hamkorlikka bo‘lgan o‘zaro qiziqishni kuchaytirdi.

Qirg‘izistondan davlat boshqaruvi bo‘yicha ekspert Sheradil Baktygulov, O‘rta koridor Markaziy Osiyoning salohiyatini ochish va uning global iqtisodiyotga integratsiyasini kuchaytirishning muhim vositalaridan biri ekanligini bildirdi. Bu nafaqat mintaqa davlatlarini yaqinlashtirish, balki yo‘nalish bo‘ylab joylashgan davlatlar uchun o‘zaro foydali biznes hamkorligi va farovonlikni oshirish sharoitlarini yaratishni nazarda tutadi. Ekspert O‘rta va Janubiy koridorlar raqobatlashmaydi, balki bir-birini to‘ldiradi, deb ta’kidladi; ular temiryo‘l, avtomobil va Kaspiy dengizi orqali dengiz transportini o‘z ichiga olgan ko’p qirrali transport tizimini shakllantiradi.

Markaziy Osiyo ekspertlar klubi “Yevrosiyo rivojlanishi” boshqaruv kengashi a’zosi Komroni Xidoyatzoda, Tojikiston O‘rta koridorning asosiy yo‘nalishidan tashqarida bo‘lishiga qaramay, ushbu koridorni ustuvor deb hisoblayotganini qayd etdi. Bu xalqaro transport yo‘llariga kirish va qo‘shni davlatlarning tranzit imkoniyatlaridan foydalanish zaruriyatidan kelib chiqadi. Ekspertning so‘zlariga ko‘ra, koridorlarni diversifikatsiya qilish transport hajmini oshirish, yetkazib berish muddatlarini qisqartirish va Markaziy Osiyoning savdo salohiyatini kengaytirishga yordam beradi. U O‘rta koridorni, shimoliy va janubiy transport yo‘nalishlarini uyg‘unlashtirgan holda, mintaqaning barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi va Yevropa bozorlariga chiqishning vositasi sifatida ko‘rish zarurligini ta’kidladi.

Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Milliy Qurultoy a’zosi Talgat Kaliev, Markaziy Osiyo davlatlarida katta miqdorda noyob yer resurslari, yuqori inson kapitali va nisbatan kam ishchi kuchi xarajatlari mavjudligini qayd etdi, bu esa mintaqaning raqobat afzalliklarini tashkil qiladi. Uning fikriga ko‘ra, bu ilg‘or texnologiyalarni resurslar evaziga jalb qilish va keyinchalik ishlab chiqarish quvvatlarini sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarish imkoniyatini yaratadi. Qayd etilishicha, xomashyo eksportidan texnologiyalar evaziga resurslar almashish modeliga o‘tish mintaqaning ishlab chiqarish-tehnologik bazasini bosqichma-bosqich kuchaytirishga va inson kapitalini oshirishga yordam beradi.

Konferensiya yakunida ishtirokchilar C6 formatining mintaqalararo aloqalarni mustahkamlash va barqaror hamkorlik mexanizmlarini shakllantirish uchun yuqori salohiyatga ega ekanligini qayd etdilar. Boku uchrashuvi Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjonning uzoq muddatli rivojlanishini qo‘llab-quvvatlashda ekspertlar dialogining muhim rolini tasdiqladi.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom