Voqealar
23.10.2025
|
191
MOXI delegatsiyasi Ashxoboddagi davra suhbatida ishtirok etdi
2025-yil 9–10-oktyabr kunlari Markaziy Osiyo xalqaro instituti (MOXI) direktori Javlon Vaxabov boshchiligidagi delegatsiya Ashxobod shahriga amaliy tashrif uyushtirdi. Tashrif doirasida Turkmaniston Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Xalqaro munosabatlar instituti (XMI TIV) ning Strategik tadqiqotlar ilmiy markazi (STIM) bilan hamkorlikda “Turkmaniston – O‘zbekiston: strategik sheriklikning yangi istiqbollari” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

Tadbirda XMI TIV ilmiy jamoasi, Turkmaniston Transport va logistika markazi kabi davlat idoralari hamda mamlakat biznes doiralari vakillari ishtirok etdi.

Davra suhbatida ishtirokchilar o‘zbek-turkman strategik sherikligini yanada chuqurlashtirish istiqbollari bo‘yicha fikr almashdilar, xususan, savdo-iqtisodiy, transport-logistika va gumanitar sohalarda o‘zaro manfaatli hamkorlikning yangi imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi.

STIM direktori Sh. Shiriev tadbirni ochib, doimiy ekspertlar aloqalari va tegishli sohalar vakillari uchrashuvlari tadqiqotlar loyihalarini muvofiqlashtirish, o‘zaro anglashuvni chuqurlashtirish va o‘zbek-turkman strategik munosabatlarini mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladi.

MOXI direktori J.Vahabov ma’ruzasida davra suhbatining o’tkazilishi Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining 7-chi Maslahat uchrashuvi va Ashxoboddagi Xalqaro tinchlik va ishonch forumiga tayyorgarlikning muhim bosqichi ekanligini, shuningdek, mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha qo‘shma tashabbuslar va tavsiyalar ishlab chiqish uchun platforma yaratishini ta’kidladi.

STIM bosh ilmiy xodimi B. Amansariev “Markaziy Osiyo+" hamkorlik formatlarini o‘zaro kelishilgan yondashuvlarni ishlab chiqish, xalqaro maydonda mintaqa manfaatlarini ilgari surish va Markaziy Osiyoning yagona va barqaror imijini mustahkamlash bo‘yicha amaliy qadamlarni ro’yobga chiqarishga qaratilgan samarali platforma sifatida ta’rifladi.

Davra suhbatida ikki mamlakat o’rtasida transport va logistika sohasida hamkorlikni yanada kengaytirish imkoniyati mavjudligi qayd etildi. O‘zbekiston va Turkmaniston o’rtasida yillik yuk tashish hajmi 17 mingdan ortiq transport vositalarini tashkil etishi ta’kidlandi. Biznes doiralari vakillari Turkmanistonning asosiy transport yo’laklarini rivojlantirish bo‘yicha, jumladan “O‘zbekiston–Turkmaniston–Kaspiy dengizi” yo‘nalishi orqali Yevropaga chiqish, shuningdek, “O‘zbekiston–Turkmaniston–Eron–Oman” yo’lagi bo‘yicha Ashxobod kelishuvini jadal amalga oshirishga tayyorligini bildirganligini, bu esa mintaqaviy integratsiya va aloqalarni kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi ta’kidladilar.

Shuningdek, davra suhbati ishtirokchilari turizm sohasida hamkorlikni kengaytirish uchun katta salohiyat mavjudligini qayd etdilar. «Turkmaniston–O‘zbekiston» yo‘nalishidagi qo‘shma sayohatlarga sayyohlarning katta qiziqish bildirayotganligi ta’kidlanib, Markaziy Osiyo uchun umumiy turistik brend yaratish taklif qilindi. Bundan tashqari, turizm almashuvini rag‘batlantirish maqsadida O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasida muntazam havo qatnovlarini rivojlantirish zarurligi qayd etildi.

Davra suhbatida suv va iqlim xavfsizligi bo‘yicha muhim masalalar ham muhokama qilindi. Ushbu sohada diplomatik aloqalar samarali hamkorlikning asosi ekanligi, sug‘orish tizimlarini modernizatsiya qilish, suvni tejovchi texnologiyalarni joriy etish va mintaqa mamlakatlari o‘rtasida suvdan foydalanish qoidalarini muvofiqlashtirish orqali mavjud muammolarni hal qilish mumkinligi ta’kidlandi.

Turkmaniston ekspertlari o‘zbek-turkman munosabatlarining ijobiy dinamikasini yuqori baholadilar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyevning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorlikni mustahkamlash va kengaytirishga qaratilgan konstruktiv tashqi siyosatini alohida e’tirof etdilar.

Ishtirokchilar mintaqaviy hamkorlik va mintaqa mamlakatlarining umumiy manfaatlarni xalqaro maydonda ilgari surishda muvofiqlashtirilgan harakatlarining ahamiyatini qayd etdilar. Ma’ruzachilar ekspertlik va ilmiy aloqalarni mustahkamlash, ta’lim sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish, shuningdek ikki mamlakat tahliliy markazlari o’rtasida qo‘shma tashabbuslarni ilgari surish zarurligiga e’tibor qaratdilar.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom