Voqealar
29.12.2025
|
246
MOXI direktori Germaniya elchisi bilan uchrashdi
Joriy yilning 19-dekabr kuni Germaniya Federativ Respublikasining O'zbekistondagi elchisi Manfred Xutererning Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori Javlon Vaxabov bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv davomida “Markaziy Osiyo–Germaniya” formati doirasida munosabatlarni chuqurlashtirish, shuningdek, O'zbekiston va Germaniya hamkorligining asosiy yo‘nalishlari rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

Suhbat chog‘ida elchi M. Xuterer mintaqaviy sheriklik rivojlanishiga yuqori baho berib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyev hamda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining izchil sa’y-harakatlari natijasida qo‘shnichilik va do‘stona aloqalarni mustahkamlash borasida erishilgan yutuqlarni alohida ta’kidladi.

Diplomat ta’kidlaganidek, bunday yondashuv mintaqa mamlakatlariga xalqaro hamkorlikni kengaytirish imkonini beradi. Ushbu jarayondagi muhim yutuqlardan biri sifatida “Markaziy Osiyo–Germaniya” formatining yo‘lga qo‘yilishi misol sifatida ko‘rsatildi. Mazkur format 2023-yilda Berlin shahrida bo‘lib o‘tgan birinchi sammiti hamda 2024-yilda Ostona shahrida o‘tkazilgan ikkinchi sammit orqali yanada mustahkamlandi.

Elchining fikricha, ushbu platforma ko‘plab yo‘nalishlar bo‘yicha tizimli hamkorlikni rivojlantirishga yordam beradi. Bu o’z navbatida har bir ishtirokchining manfaatlari va o‘ziga xos jihatlarini inobatga olgan holda qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish imkonini beradi.

Vaxabov o‘zbek va nemis tahliliy muassasalari o‘rtasida barqaror hamkorlikni rivojlantirish muhimligini qayd etdi. Ta’kidlanganidek, ekspertlar darajasidagi muntazam aloqalar dolzarb masalalar bo‘yicha fikrlar almashish va amaliy yechimlar ishlab chiqishga xizmat qiladi.

Uchrashuv yakunida hamsuhbatlar o‘zaro manfaatli tashabbuslarni ilgari surish maqsadida hamkorlikni kengaytirish va ekspertlar muloqotini mustahkamlashga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom