Ma’ruza davomida MOXI rahbari Markaziy Osiyodagi mintaqaviy hamkorlik formatlarining shakllanish jarayoniga to‘xtalib, so‘nggi 7–8 yil ichida mintaqada barqaror ishonch modeli shakllanganini, bir qator tarixiy qarama-qarshiliklar bartaraf etilganini va konsolidatsiyaga yo‘naltirilgan yangi siyosiy muhit yuzaga kelganini alohida ta’kidladi.

Uning fikricha, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahatlashuv uchrashuvlari hozirgi kunda ichki muloqot va regional muvofiqlashuvning asosiy mexanizmiga aylangan. Jumladan, 2023-yilda Dushanbeda va 2024-yilda Ostonada o‘tkazilgan sammitlar natijasida doimiy muvofiqlashtiruvchi tuzilmalar tashkil etildi va “Markaziy Osiyo – 2040” Strategiyasi qabul qilindi.

MOXI direktori O‘zbekistonning 2025-yildagi raisligining ustuvor yo‘nalishlariga batafsil to‘xtaldi. Ular qatorida transport aloqalarini rivojlantirish, savdo-iqtisodiy hamkorlikni diversifikatsiya qilish, suv resurslari xavfsizligini ta’minlash, iqlim o‘zgarishiga moslashuvchanlikni kuchaytirish va transchegaraviy tahdidlarga qarshi birgalikda kurashish masalalari qayd etildi.
Ma’ruzada gumanitar tashabbuslarga ham alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, umumiy mintaqaviy identitetni ilgari surish, shuningdek, ushbu mavzuga bag‘ishlangan ilmiy forum tashkil etish g‘oyasi ilgari surildi.
Taqdimotning muhim qismlaridan biri tashqi siyosiy ko‘rinishda mintaqaviy muvofiqlashtirishga bag‘ishlandi. Ayniqsa, “Markaziy Osiyo +” formatlarida (Yevropa Ittifoqi, Germaniya, Italiya, Hindiston) muloqotni faollashtirish va BRICS, YEOII, MDH kabi yirik integratsion tuzilmalar bilan o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish masalalari yoritildi. Javlon Vahabovning ta’kidlashicha, bu kabi muloqotlar Yevrosiyo mintaqasidagi hamkorlikni yanada pragmatik va moslashuvchan qiladi.

Ma’ruza yakunida talabalar, magistrantlar va tadqiqotchilar ishtirokida jonli “savol-javob” sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda “Ipak yo‘li vizasi” (Shengen vizasiga o‘xshash)ni joriy etish, mintaqaviy suv xavfsizligi, Markaziy Osiyo identitetini shakllantirish va ekspertlar hamjamiyatining strategik qarorlar qabul qilishdagi o‘rni kabi dolzarb masalalar muhokama qilindi.