Voqealar
23.10.2025
|
162
MOXI ekspertlari Ashxoboddagi Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti markazida uchrashuv o‘tkazdi
2025-yil 10-oktabr kuni MOXI delegatsiyasi Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YXHT)ning Ashxoboddagi markazida iqtisodiy va ekologik masalalar dasturi rahbari Olivera Zurovats-Kuzman bilan uchrashuv o‘tkazdi

Uchrashuv davomida Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga oid keng ko‘lamli masalalar muhokama qilindi. Muloqot chog‘ida siyosiy dialogni faollashtirish, iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirish va kadrlar salohiyatini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Zurovats-Kuzman YXHT markazi mintaqa davlatlari bilan hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga alohida ahamiyat berishini ta’kidlab, tashkilot o‘z faoliyati doirasida siyosiy-diplomatik, iqtisodiy va ekologik yo‘nalishlar, shuningdek, gumanitar sohada izchil faoliyat olib borishini qayd etdi.

Shuningdek, O. Zurovats-Kuzman Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida tinchlik diplomatiyasini ilgari surish va konstruktiv muloqotni saqlab qolish masalasi mintaqaning barqaror rivojlanishini ta’minlash nuqtayi nazaridan muhimligini ta’kidladi. Shuningdek, Markaziy Osiyoda Jahon Savdo Tashkiloti doirasida iqtisodiy hamkorlikni faollashtirish va integratsion jarayonlarni chuqurlashtirish imkoniyatlari mavjud ekanligini qayd etdi.

Ushbu nuqtayi nazardan MOXI ekspertlari mintaqa davlatlarining strategik tadqiqot institutlari va tahliliy tuzilmalari o‘rtasida hamkorlik aloqalarini rivojlantirish muhimligini ta’kidladilar. Bu esa mintaqaviy jarayonlarni chuqurroq anglash hamda umumiy xatarlarga javob beruvchi muvofiqlashtirilgan yondashuvlarni ishlab chiqishga xizmat qiladi.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom