Tadbir doirasida MOXI direktori Javlon Vahabov “Oʻzbekistonning tashqi siyosat strategiyasi: Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash — imkoniyatlar va chaqiriqlar” mavzusida asosiy ma’ruza bilan so'zga chiqdi.
Nutq davomida Oʻzbekiston tashqi siyosatining asosiy yoʻnalishlari — yaxshi qoʻshnichilik aloqalari, transchegaraviy savdo faoliyatini faollashtirish, transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish va suv diplomatiyasini ilgari surish masalalari yoritib berildi.

Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasidagi mintaqaviy muloqotni kuchaytirishdagi Oʻzbekistonning roli alohida ta’kidlandi. Shu munosabat bilan amerikalik ekspertlar soʻnggi yillarda Markaziy Osiyodagi hamkorlik aloqalari sezilarli darajada mustahkamlangani, davlatlar oʻrtasidagi savdo va investitsiyalar hajmi oshgani, chegara masalalari hal etilayotgani va ishonch mustahkamlanayotgani haqida fikr bildirdilar.
Shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlarining Yevropa Ittifoqi va AQSh kabi tashqi hamkorlar bilan oʻzaro aloqalari, barqaror rivojlanish, energetika xavfsizligi va strategik xom ashyolar yetkazib berish yoʻnalishlaridagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Tadbir yakunida MOXI ekspertlari bilan AQShdagi akademik doiralar oʻrtasidagi aloqalarni mustahkamlash zarurligi ta’kidlandi. Bu esa oʻzaro anglashuvni chuqurlashtirish va qoʻshma tadqiqot tashabbuslarini rivojlantirishga xizmat qilishi qayd etildi.