Konferensiyada Markaziy Osiyo va Kaspiy mintaqasining global “yashil” energetikaga o‘tish jarayonida ortib borayotgan strategik ahamiyati, ularning alternativ energetika yetkazib beruvchilari sifatidagi salohiyati, mintaqaviy hamkorlikning kuchayishi hamda iqlim va energetika transformatsiyalari bo‘yicha yanada muvofiqlashtirilgan qo‘shma harakatlar zarurligi muhokama qilindi.
Xususan, MOXI direktori Javlon Vaxabov ta’kidlashicha, Markaziy Osiyo davlatlarining “yashil” va toza energetikaga o‘tishi – kuchli mintaqaviy va global omillar bilan qo‘llab-quvvatlanayotgan ongli va uzoqni ko‘zlagan tanlovdir. Uning aytishicha, so‘nggi sakkiz yil ichida mintaqa iqtisodiyoti 2,5 baravar o‘sib, 520 milliard dollarga yetdi. Bu taraqqiyot yangi tarmoqlarning rivojlanishi bilan birga kechib, zamonaviy va barqaror energiya yechimlariga talabni kuchaytirmoqda.
Shuningdek, Javlon Vaxabov mintaqa aholisi 80 milliondan oshgani, shaharlar tez sur’atlar bilan kengayib, energiya resurslariga talab yanada ortayotganini qayd etdi. Konferensiyada ta’kidlanishicha, 2030 yilga borib mintaqada elektr energiyasiga bo‘lgan talab 30–40 foizga oshishi mumkin.
Bundan tashqari, Markaziy Osiyo mamlakatlarining barchasi Parij kelishuviga sodiq bo‘lib qolmoqda. Bu esa ekologik mas’uliyatni mustahkamlaydi, xalqaro moliyalashtirishga kirishni osonlashtiradi va mintaqaning investitsion jozibadorligini oshiradi. Masalan, Qozog‘iston o‘tgan yili Bokuda o‘tgan COP29 doirasida 3,7 milliard dollarlik “yashil” kelishuvlar imzoladi, O‘zbekistonga esa energetika o‘tishiga yo‘naltirilgan xorijiy investitsiyalar 22 milliard yevrodan oshgan.
Buyuk Britaniyaning sobiq energetika va iqlim o‘zgarishi bo‘yicha davlat vaziri Charlz Hendri ta’kidlashicha, Buyuk Britaniya Markaziy Osiyoning “yashil” energetikaga o‘tishida, xususan quyosh energetikasini rivojlantirishda katta yordam ko‘rsatishi mumkin. Uning fikricha, Buyuk Britaniyaning o‘zi quyosh resurslariga unchalik boy bo‘lmasa-da, mamlakatda mavjud ilg‘or texnologiyalar Markaziy Osiyoda quyosh energetikasini samarali rivojlantirishga yordam bera oladi.
Yaqin Sharq va Janubiy Osiyo strategik tadqiqotlar markazining Markaziy Osiyo bo‘yicha dekanı Rodjer Kangas esa Markaziy Osiyo davlatlarining energetika infratuzilmasi xavfsizligiga e’tibor qaratdi. Uning aytishicha, texnologiyalar va kibermuhitning rivojlanishi fonida energetika obyektlarida uzilishlar xavfi ortib bormoqda, bu esa mintaqa uchun alohida ahamiyatga ega. Yevropa Ittifoqi bilan strategik hamkorlik – ushbu sohadagi katta tajriba tufayli – mintaqaning energetika tizimlarining barqarorligi va xavfsizligini sezilarli darajada mustahkamlashi mumkin.
Yakunda Javlon Vaxabov Ozarbayjonning Markaziy Osiyo bilan mintaqaviy hamkorlikka qo‘shilishi mintaqaning energetik salohiyatini yanada oshirishini ta’kidladi. Xususan, u Kaspiy va Qora dengizlar orqali Yevropaga qayta tiklanuvchi energiya yetkazishga qaratilgan uch tomonlama “Yashil energetika korridori” loyihasining ahamiyatini alohida ko‘rsatib o‘tdi.