Voqealar
14.04.2025
|
123
Jorj Vashington Universitetida Afg'oniston bo'yicha O'zbekiston strategiyasi muhokama qilindi
Jorj Vashington Universitetining Markaziy Osiyo dasturi doirasida Vashington shahrida O‘zbekistonning Afg‘onistonga nisbatan shakllanayotgan strategiyasiga bag‘ishlangan ekspertlar davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Tadbir Markaziy Osiyo va Afg‘oniston bo‘yicha ixtisoslashgan yetakchi mutaxassislar, professor-o‘qituvchilar, aspirantlar hamda talabalarni bir joyga jamladi.

Uchrashuv davomida Markaziy Osiyo Xalqaro instituti (MОXI) direktori Javlon Vahabov O‘zbekistonning Afg‘onistonga nisbatan yondashuvini taqdim etdi. Ushbu yondashuv pragmatik hamkorlik, inson manfaatlariga yo‘naltirilgan taraqqiyot hamda transmilliy infratuzilma integratsiyasi tamoyillariga asoslangan. J.Vahabov ta’kidlashicha, O‘zbekiston Afg‘onistonni alohida geosiyosiy hudud emas, balki o‘z qo‘shnichiligi va kelajagining ajralmas qismi sifatida ko‘radi.

Ishtirokchilar Transafg‘on temir yo‘li, Surxon–Puli-Xumri yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmog‘i va TAPI gaz quvuri kabi asosiy infratuzilma loyihalarini muhokama qildilar. Ular ushbu loyihalar Afg‘onistonning iqtisodiy barqarorligini oshirib, uni mintaqaviy va global iqtisodiy jarayonlarga chuqurroq integratsiyalashga xizmat qilishiga ishonch bildirdilar.

Alohida e’tibor O‘zbekiston tomonidan Afg‘onistonga ko‘rsatilayotgan gumanitar va ta’limiy yordamga qaratildi. Bunga muntazam gumanitar yordam yetkazib berish, savdo, ta’lim va ijtimoiy reintegratsiyani rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslar kiradi. Jumladan, 2024-yilda Termiz shahrida ochilgan erkin iqtisodiy zona o‘n minglab tashrif buyuruvchilarni, jumladan Afg‘oniston fuqarolarini qabul qilgan.

Tadbir yakunida ishtirokchilar O‘zbekistonning Afg‘onistonni mintaqaviy jarayonlarga jalb etish strategiyasi barqaror tinchlik va taraqqiyot uchun namunaviy model bo‘lishi mumkinligini ta’kidladilar. Tomonlar ushbu yo‘nalishda muloqotni davom ettirish va hamkorlikni chuqurlashtirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom