Uchrashuv davomida MOXI direktori Javlon Vahabov va Fors ko‘rfazi va Arabiston yarim oroli tadqiqotlari markazi direktori doktor Yaqub Al-Kandari 2023-yil 19-iyulda Jidda shahrida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo – Fors ko‘rfazi arab davlatlari hamkorlik kengashi sammiti doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ilgari surgan tashabbuslarni amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratdilar. Ular Do‘stlik, mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik va hamkorlik to‘g‘risidagi ko‘p tomonlama Bitim, ikki mintaqa biznes vakillari ishtirokida Investorlar kengashi tashkil etish, “yashil” energetika sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, ko‘p tomonlama savdo kelishuvini ishlab chiqish, Ko‘rfaz – Markaziy Osiyo yagona vizasiz turizm hududini yaratish va iqtisodiy hamda madaniy aloqalarni kengaytirish maqsadida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni oshirish masalalarini muhokama qildilar.
Shuningdek, tomonlar shu yil Samarqandda bo‘lib o‘tadigan Markaziy Osiyo – Ko‘rfazi arab davlatlari ikkinchi sammitiga tayyorgarlik borasida fikr almashdilar. Uchrashuvda O‘zbekiston va Quvayt tahlil markazlari ushbu ko‘p tomonlama platformani rivojlantirishga hissa qo‘shish maqsadida maxsus ta’lim dasturlarini ishga tushirish imkoniyatlarini o‘rganish zarurligi ta’kidlandi. Bu tashabbuslar ayniqsa, mintaqalar bo‘yicha ixtisoslashgan yosh tadqiqotchilar va ekspertlar uchun manfaatli bo‘lib, ularning bilim va tajribasini oshirish hamda Markaziy Osiyo va Fors ko‘rfazi davlatlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga xizmat qiladi.
Doktor Yaqub Al-Kandari Quvayt tadqiqot markazi ilmiy faoliyatni rivojlantirish va keng qamrovli mavzularni o‘rganish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga intilayotganini ta’kidladi. Tomonlar transport va tranzit sohasidagi hamkorlik masalalarini ham muhokama qildilar. Xususan, O‘rta yo‘lak bo‘ylab tariflarni optimallashtirish, Afg‘oniston orqali o‘tuvchi multimodal tranzit yo‘laklaridan samarali foydalanish va savdo aloqalarini mustahkamlash bo‘yicha ilg‘or logistika yechimlarini ishlab chiqish muhimligi qayd etildi.
Bundan tashqari, ikki institut vakillari qo‘shma konferensiyalar, davra suhbatlari va seminarlar tashkil etish istiqbollarini ham ko‘rib chiqdilar. Ushbu hamkorlik Markaziy Osiyo va Fors ko‘rfazi o‘rtasida ilmiy va siyosiy muloqotni chuqurlashtirishga xizmat qilishi, barqaror rivojlanish va mintaqaviy integratsiyani mustahkamlash borasidagi umumiy intilishlarni yanada ilgari surishi kutilmoqda.