Voqealar
05.02.2026
|
304
“Markaziy Osiyo – Buyuk Britaniya” formatini ishga tushirish istiqbollari London shahrida muhokama qilindi
London shahrida Xorijiy rivojlanish instituti (ODI)da O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlari hamda “Markaziy Osiyo – Buyuk Britaniya” hamkorlik formatini rivojlantirish istiqbollariga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Xorijiy rivojlanish instituti rahbariyati va ekspertlari, shuningdek Buyuk Britaniyaning tashqi ishlar vazirligi hamda har ikkala davlatning yetakchi tahliliy markazlari vakillari ishtirok etdilar.

Davra suhbati davomida O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari ikki tomonlama asosda, shuningdek yangi “Markaziy Osiyo – Buyuk Britaniya” formati doirasida muhokama qilindi.

Xususan, oliy darajadagi siyosiy muloqotni kuchaytirish, savdo-iqtisodiy va investitsion hamkorlikni rivojlantirish, madaniy-gumanitar almashinuvlarni kengaytirish, moliyaviy mexanizmlardan yanada faol foydalanish, transport aloqadorligini mustahkamlash, shuningdek muhim minerallar, sun’iy intellekt va ilg‘or texnologiyalar sohalaridagi hamkorlikni faollashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Tadbirda so‘zga chiqqan Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori Javlon Vaxabov Buyuk Britaniya Markaziy Osiyo bilan “Markaziy Osiyo+” platformalari doirasida hamkorlik qiladigan “Katta yettilik” mamlakatlari orasida oltinchi davlat bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu siyosiy muloqotni yanada chuqurlashtirish, amaliy hamkorlikni kengaytirish va mintaqaviy tashabbuslarni birgalikda amalga oshirish uchun yangi imkoniyatlar ochadi.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom