Voqealar
19.12.2025
|
208
MOXI va Xitoyning tadqiqot markazlari
Joriy yilning 17-dekabr kuni Toshkent shahrida Tashqi siyosiy tadqiqotlar va xalqaro tashabbuslar markazi tomonidan tashkil etilgan “O‘zbek–Xitoy muloqoti: hamkorlik va birgalikda rivojlanish modeli” mavzusidagi davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekistonning yetakchi tahliliy markazlari vakillari hamda mamlakatimiz vazirlik va idoralarining tadqiqot tuzilmalari ishtiroki bilan bir qatorda XXR Davlat kengashi huzuridagi Ekspertlar byurosi maslahatchilari delegatsiyasi va XXRning Toshkentdagi elchixonasi diplomatlari ham qatnashdi.

Mazkur forumda MOXI direktorining o‘rinbosari Sherzod Fayziyev MOXI nomidan ishtirok etdi.

O‘tkazilgan muloqot davomida ishtirokchilar O‘zbekiston va Xitoy tahliliy markazlari o‘rtasidagi ilmiy-tahliliy va tadqiqot aloqalarining hozirgi holati hamda ularni kengaytirish istiqbollarini muhokama qildilar.

Tahliliy tuzilmalar vakillari ekspertlar muloqotini kengaytirish va chuqurlashtirishning ahamiyatini ta’kidladilar. Bu esa O‘zbekiston va XXR o‘rtasidagi strategik hamkorlikni amaliy mazmun bilan boyitishga xizmat qiladi.

Ishtirokchilar yaqin aloqalarni qo‘shma tadbirlar o‘tkazish, tashriflar va stajirovkalarni tashkil etish, shuningdek, tadqiqot natijalarini maxsus nashrlarda e’lon qilish orqali davom ettirishga kelishib oldilar.

MOXI Markaziy Osiyo masalalari bilan shug‘ullanuvchi Xitoyning yetakchi tahliliy markazlari bilan yaqindan hamkorlik qiladi.

Hozirgi kunda Institut 10 dan ortiq hamkorlik shartnomalari va memorandumlarga ega bo‘lib, ular orasida Xitoy Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Xalqaro tadqiqotlar akademiyasi, Shanxay Xalqaro tadqiqotlar akademiyasi, Xitoy Xalqaro ijtimoiy fanlar akademiyasi huzuridagi Rossiya, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo instituti, XXR Davlat Kengashi rivojlanish tadqiqotlari markazi huzuridagi Yevropa va Osiyo ijtimoiy rivojlanish instituti va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlik mavjud.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom