Voqealar
01.05.2025
|
312
MOXI va Quvayt Universiteti “Markaziy Osiyo – Ko‘rfaz Arab Davlatlari Hamkorlik Kengashi” doirasida hamkorlik istiqbollarini muhokama qilmoqda
Markaziy Osiyo Xalqaro Instituti (MOXI) direktori Javlon Vahabov Quvayt universiteti Siyosiy fanlar kafedrasi mudiri va Ko‘rfaz Arab Davlatlari Hamkorlik Kengashi Oliy kengashi maslahat hay’ati a’zosi doktor Hayla Al-Mekaymi bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Suhbat davomida tomonlar 2025-yil 21–22-aprel kunlari Toshkent shahrida MOXI va Bourse & Bazaar jamg‘armasi hamkorligida tashkil etilgan “Markaziy Osiyo – Ko‘rfaz Arab Davlatlari Hamkorlik Kengashi" ekspertlar forumining natijalarini ko‘rib chiqdilar. Doktor Hayla Al-Mekaymi forum natijalarini yuqori baholab, yakuniy Ekspertlar hisobotiga kiritilishi mumkin bo‘lgan muhim tavsiyalarini bildirdi. Tomonlar, shuningdek, yaqinlashib kelayotgan Markaziy Osiyo va KADHK davlat rahbarlari sammiti arafasida ekspertlar darajasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish muhimligini ta’kidladilar.

Uchrashuv chog‘ida MOXI va Quvayt universiteti o‘rtasidagi ilmiy-akademik hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, siyosatshunoslik, iqtisodiyot, madaniyat, ta’lim va mintaqalararo aloqalar sohalarida qo‘shma tadqiqotlar, ekspertlar almashinuvi va o‘zaro akademik dasturlarni yo‘lga qo‘yish istiqbollari muhokama qilindi.

Tomonlar fikricha, MOXI va Quvayt universiteti o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash ikki muassasaning ham ilmiy salohiyatini oshirib, mintaqaviy hamkorlikni chuqurlashtirishda muhim rol o‘ynaydi.

Doktor Hayla Al-Mekaymi — siyosiy fanlar professori bo‘lib, Ko‘rfaz davlatlaridagi siyosiy jarayonlar, ayollarning siyosiy faolligi va mintaqaviy hamkorlik masalalari bo‘yicha yetakchi ekspert hisoblanadi. U Ko‘rfaz Arab Davlatlari Hamkorlik Kengashi tarkibida maslahatchi sifatida faoliyat yuritib, akademik hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha xalqaro tashabbuslarda faol ishtirok etib kelmoqda.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing
Saytni ishlab chiqish: uzinfocom